Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi samarali o‘tmoqda
Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Dushanbe shahrida bo‘lib turibdi.
Dushanbe, 9 mart. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakr O‘rozov xabar qiladi.Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Dushanbe shahrida bo‘lib turibdi.
Tashrifning asosiy voqealari Dushanbe shahridagi Millat qasrida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Prezidentlar – Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Tojikiston davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.
Shundan so‘ng Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan suhbatda siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama keng qamrovli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish istiqbollari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro muammolar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentiga samimiy qabul va O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom uchun minnatdorlik bildirdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda kuzatilayotgan ijobiy o‘sish sur’atini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan mamlakat salohiyatini mustahkamlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, xalq farovonligini oshirish va davlatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan ishlarga yuqori baho berdi.
O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘zaro sheriklik munosabatlarini izchil rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha qat’iy azmu-shijoat namoyish etmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar ko‘lami kengayib, konstruktiv siyosiy muloqot o‘rnatilayotir. Oliy darajadagi aloqalarni yanada kengaytirish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi.
O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar yangi davr talablari asosida rivojlanmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida 2000 yil imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomada ikki tomonlama munosabatlarning asosiy tamoyillari aks etgan.
Tomonlar xalqaro maydonda, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni izchil davom ettirib kelmoqda.
O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik ikki mamlakat xalqlarining uzoq muddatli manfaatlariga javob beradigan, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va izchil rivojlanishni ta’minlashda asosiy omil bo‘ladigan darajaga ko‘tarilmoqda.
Tojikiston tomoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» va «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolutsiyalarini, shuningdek, Yoshlar huquqlari to‘g‘risida BMT konvensiyasini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
Prezidentimizning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.