Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.05.2018 12:34 Chop etish versiyasi

Shavkat Mirziyoyev: Asosiy maqsadimiz odamlarni rozi qilish

Shavkat Mirziyoyev: Asosiy maqsadimiz odamlarni rozi qilish Davlatimiz rahbari o‘tgan yili Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Andijon tumani Xakan qishlog‘ida “Milana textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatining trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish loyihasi bilan tanishgan edi.

Prezidentimizning 2017 yil 23 fevraldagi “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 11 milliard so‘m investitsiya kiritish, 200 yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan korxonaga Xakan qishlog‘ida foydalanilmay turgan bino “nol” qiymatda berildi.

Korxona “Aloqabank” viloyat filialidan olingan 2 milliard so‘m kredit hamda 7 milliard so‘m o‘z aylanma mablag‘i hisobidan uch qavatli binoni rekonstruksiya qilib, zamonaviy jihozladi. Turkiya va Xitoydan keltirilgan tikuv dastgohlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulot sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.

ca641d11-0e65-8090-0aea-8f5442916a3f.jpg

Bu yerda ayollar va bolalar uchun ishlab chiqarilayotgan 20 turdan ortiq trikotaj mahsulotlarining asosiy qismini eksport qilish rejalashtirilgan.

Eng muhimi, fabrika ishga tushirilishi bilan tumannning to‘qqizta mahallasida yashovchi 200 dan ortiq xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Bepul issiq ovqat ta’minoti va transport xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusida ish o‘rinlarini yanada ko‘paytirish ko‘zda tutilyapti.

Davlatimiz rahbari korxona faoliyati bilan tanishdi, ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdi.

Asosiy maqsadimiz – odamlarni rozi qilish. Buning uchun yangi ish o‘rinlari yaratishimiz, aholining turmush sharoitini yanada yaxshilashimiz kerak, dedi Prezidentimiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Har bir oila - tadbirkor” dasturining Andijon viloyati misolidagi konsepsiyasi bilan tanishdi. Ushbu dastur mehnat bilan band bo‘lmagan aholini tadbirkorlik, hunarmandlik, fermerlik, kasanachilikka o‘rgatish orqali ularga daromad manbai yaratib berishga qaratilgan.

fb72ae32-ad5c-aff1-03d3-4832fa33fcd5.jpg

Andijonda aholi zich joylashgan. Bir-ikkita zavod bir foiz aholiniyam ish bilan ta’minlay olmaydi. Bu yerda odamlarni faqat tadbirkorlik, hunarmandlik orqali boqish mumkin. Xonadonlarga mablag‘ va zarur uskunalar berib, ish yuritishini o‘rgatsak, odamlar o‘zini o‘zi boqadi. Oilasini oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zurur mahsulotlar bilan ta’minlashga qiynalmaydi. Sarflagan pulimiz bir yildan keyin ikki hissa bo‘lib qaytadi. Odamlarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikka o‘rtishning iqtisodiy mexanizmi mana shunday bo‘lishi kerak, dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari tadbirkor va hunarmandlar yetkazib beradigan mahsulotlar hajmini aniqlash, keng xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarish, xususan, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Ziyodulla Jonibekov, Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
2 478