O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Shahar ichidagi shaharcha chiroy ochmoqda

Shahar ichidagi shaharcha chiroy ochmoqda


Tashkent Sity xalqaro biznes markazining ilk obyektlari - Kongress xoll va “Hilton” mehmonxonasi qurib bitkazildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-oktyabr kuni ushbu inshootlarni kelib koʻrdi.

Tashkent City biznes-markazlar, mehmonxonalar, ofislar, koʻp qavatli uylar, restoranlar va boshqa obyektlarni oʻz ichiga olgan zamonaviy shaharcha boʻladi. Bu yerda oliy darajadagi tadbirlar, yirik xalqaro anjumanlar oʻtkaziladi.

Prezidentimiz joriy yil 14-mart kuni Tashkent City da amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishgan edi. Kongress-xollning asosiy zali, har bir xonasini koʻzdan kechirib, ularning qanday bezatilishi va jihozlanishi, mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratilishi, xalqaro sammitlar chogʻida koʻplab delegatsiyalar qatnashishini inobatga olib, yuqori martabali mehmonlar va ishtirokchilarning harakatlanishi, ikki va koʻp tomonlama uchrashuvlar oʻtkazishi, dam olishi uchun keng imkoniyatlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.

Mazkur koʻrsatmalar asosida Tashkent City hududidagi qurilish ishlari 7 ta lotga boʻlingan holda amalga oshirilmoqda. Kongress xoll va “Hilton“ mehmonxonasi 5 - lot qismida barpo etilgan.

Kongress xoll binosi davlatlararo muzokaralar va uchrashuvlar oʻtkazishga moʻljallangan. Binoning umumiy qurilish maydoni 43 ming kvadrat metr. Birinchi qavatda 3,5 ming nafar ishtirokchiga moʻljallangan katta konferensiyalar zali, xorijiy davlat rahbarlari alohida ishlashi uchun xonalar, muzokaralar uchun zallar, restoran, kichik konsert zali, uchrashuvlar va dam olish xonalari mavjud. Ikkinchi qavatda qoʻshimcha majlislar xonalari joylashgan. Kongress-xollning birinchi qavati zamonaviy dizaynda, ikkinchi qavati esa klassik uslubda qurilgan. Yoʻlaklar yurtimiz rassomlarining eng sara asarlari bilan bezatilgan. Yana bir eʼtiborli tomoni yoʻlaklarda Toshkentning qadim 12 ta darvozalari kaliti oʻziga xos dizaynda qoʻyilgan.

Davlatimiz rahbari Kongress xollning har bir xona va zallarini kirib koʻrdi.

Besh yulduzli “Hilton“ mehmonxonasining umumiy maydoni 51 ming kvadrat metr. 21 qavatli mehmonxona binosining balandligi 85,5 metr. 258 ta nomerdan 8 tasi davlat rahbarlariga moʻljallangan. Pardozlash va jihozlashda zamonaviy dizayn va yorqin ranglar koʻp qoʻllanilgani kishiga xush yoqadi. Barcha zamonaviy mehmonxonalarda boʻlganidek, otelda bir nechta restoran, basseyn, sport zal, spa va boshqa salonlar bor. Xizmatlar turi koʻp, sifati yuqori darajada.

Shavkat Mirziyoyev mehmonxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, hudud markazidagi xiyobonni koʻzdan kechirdi.

Tashkent City da qurilish ishlari davom etmoqda. Bu yerda 8, 9, 20, 21, 26, 28, 30, 33, 51 qavatli turar joy, savdo, mehmonxona binolari, xizmat koʻrsatish majmualari, minglab mashinalar sigʻimiga ega yer osti avtomobil turar joylari, bolalar bogʻchasi va sogʻlomlashtirish markazi barpo etiladi.

Shahar ichidagi shaharcha deya eʼtirof etilayotgan Oʻzbekistonda, balkim, Markaziy Osiyoda uy-joy qurilishida yangi, zamonaviy jahon qurilish texnologiyalarni joriy etgan holda barpo etilayotgan Tashkent City koʻrkam va muhtashamligi bilan dunyoning eng old shaharlari bilan boʻylasha oladi.



903
Alovuddin Gʻafforov, OʻzA