Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.04.2017 14:10 Chop etish versiyasi

Samarqandda tramvay qatnay boshladi

Samarqandda tramvay qatnay boshladi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 5-oktabr kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Samarqand shahrida transport tizimini yanada yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratgan va aholiga qulaylik yaratish hamda shahar atrof-muhiti musaffoligini ta’minlash borasida zamonaviy tramvay liniyalarini barpo etish zarurligini ta’kidlagan edi. 

O‘gan qisqa vaqtda tegishli tashkilotlar tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shahar ko‘chalarida po‘lat izlar yotqizildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni Samarqand shahrida Temiryo‘l vokzali – Sartepa yo‘nalishi bo‘yicha tramvay qatnovi yo‘lga qo‘yilishiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari "Tarix muzeyi" bekatidan "Temir yo‘l vokzali" bekatigacha viloyat faollari bilan birga tramvayda keldi. Samimiy muloqot chog‘ida mamlakatimiz hududlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholi farovonligini yanada oshirishga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z bordi.

Ikki tomonlama qatnovga mo‘ljallangan yo‘lda elektr bilan ta’minlovchi to‘rtta podstansiya va bitta depo qurildi. Temir yo‘l vokzali bilan Sartepa oralig‘idagi 7,2 kilometrlik yo‘nalishda 8 tramvay harakatlanadi.

Prezidentimiz tramvaylarni boshqarish uchun malakali haydovchilar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish kerakligini alohida ta’kidladi.

Samarqand shahrida to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha 20 tramvay qatnovi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Mazkur yo‘nalishdan tashqari kelgusida Temir yo‘l vokzali – Siyob dehqon bozori, Temir yo‘l vokzalidan Spitamen ko‘chasi orqali Kimyo zavodigacha, Temir yo‘l vokzalidan Narpay ko‘chasi orqali Kimyogarlar qo‘rg‘onigacha tramvay liniyalari ochiladi.

Abu Bakir O‘rozov, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA
12 334






Все о погоде - Pogoda.uz