Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.04.2017 18:08 Chop etish versiyasi

Prezidentlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar

Prezidentlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokaralarni davom ettirdilar.

Oliy darajadagi tashriflar muntazamlik kasb etgani davlatlararo munosabatlar yuksak darajada rivojlanayotganidan dalolat beradi. O‘zbekiston va Rossiya rahbarlarining bu galgi uchrashuvi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov asos solgan o‘zaro manfaatli muloqotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Unda savdo-iqtisodiyot, neft-kimyo, transport kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, turizm, mehnat migrantlariga munosib sharoitlar yaratish va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Rossiya xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ikki mamlakatning tashqi siyosat, tashqi savdo, mudofaa mahkamalari o‘rtasida o‘zaro maslahatlashuvlar izchil amalga oshirilmoqda. Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarida savdo-iqtisodiy hamkorlik asosiy o‘rin tutadi. 2013-2017-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturi, 2015-2019-yillarda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlariga oid hukumatlararo bitimga muvofiq bu sohadagi aloqalar izchil taraqqiy etmoqda.

Rossiya O‘zbekistonning yetakchi savdo sheriklaridan biri. O‘zbekiston Rossiyaga tabiiy gaz, transport vositalari, qora va rangli metallar, trikotaj, paxta tolasi, meva-sabzavotlar, turli xizmatlar eksport qiladi. Rossiya mamlakatimizga transport vositalari, kimyo va qog‘oz sanoati tovarlari, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beradi.

O‘zbekistonda rossiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tuzilgan 961 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda Rossiyaning 64 firma va kompaniyasi vakolatxonasi ochilgan. Rossiya Federatsiyasi hududida o‘zbekistonlik hamkorlar bilan 595 tadbirkorlik subyektlari tashkil etilgan bo‘lib, ular samarali faoliyat olib bormoqda.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sib bormoqda.

Ochiq va do‘stona ruhda o‘tgan muzokarada o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, uni yangi bosqichga ko‘tarish borasida fikr almashildi.

Abu Bakir O‘rozov, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA
545






Все о погоде - Pogoda.uz