Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.03.2017 14:46 Chop etish versiyasi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Poyi Kalon majmuasida bo‘ldi

Istiqlol yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni, tarixiy obidalarni tiklash, ularni asrab-avaylash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. 1997-yil Buxoro shahrining 2500-yilligi munosabati bilan mazkur majmua tubdan ta’mirlandi. Masjidi Kalon, Minorai Kalon va Mir Arab madrasasidan iborat mazkur me’moriy ansambl viloyat aholisi va mehmonlarining sevimli maskanlaridan biridir.

Davlatimiz rahbari yurtdoshlarimiz va  mamlakatimizga  tashrif buyurayotgan sayyohlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida  hunarmandlik rastalari, do‘konlarni qayta qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Buxoro – hayrat va mo‘jizalar makoni. Yodgorliklar xalqimiz bilan taqdirdosh. Ularning ko‘pchiligi sobiq tuzum davrida shafqatsizlarcha xarobaga aylantirilgan. Mustaqillik yillarida ushbu obidalar ta’mirlandi, yana asl qiyofasida jamol ochdi.

Ikki tomonda hunarmandlik do‘konlari joylashgan yo‘lak bo‘ylab borar ekan, Prezidentimiz mazkur yo‘laklarni kengaytirishni, do‘konlarni ikki qavatli qilib qayta qurish lozimligini ta’kidladi.

Ikkinchi qavatda hunarmand ustalar yashasa, birinchi qavatda ularning do‘kon va ustaxonalari joylashtirilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi, dedi davlatimiz rahbari. Bu yerda mahsulotlarni tayyorlash va sotish jarayoni uyg‘unlashtirilishi kerak. Rubob tayyorlayotgan ustani, gilam yoki gazlama to‘qiyotgan hunarmandni ish ustida ko‘rgan har qanday odam zavqlanadi.

Prezidentimiz hunarmandlik bozorini tartibga keltirishni, milliy an’analarimiz aks etgan, zamonaviy rastalar qurishni taklif qildi.                 

Shavkat Mirziyoyev Masjidi Kalon va Mir Arab madrasalarini qayta ta’mirlash bo‘yicha mutassadilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Abu Bakir O‘rozov, O‘zA
2 389






Все о погоде - Pogoda.uz