Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.03.2017 19:25 Chop etish versiyasi

Prezidentimiz qishloq xo‘jaligi sohasidagi istiqbolli loyihalar bilan tanishdi

Davlatimiz rahbari Jondor tumanidagi “Jondor chinor chorva” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etiladigan parrandachilik majmuasi loyihasi bilan tanishdi.

Buxoro viloyatida parrandachilikni rivojlantirish maqsadida intensiv texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Natijada tuxum va parranda go‘shti ishlab chiqarish hajmi ortmoqda. Bugungi kunda viloyatda parrandalar 3,8 million boshga, tuxum ishlab chiqarish 347,7 million donaga yetdi.

Parhez go‘sht ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish maqsadida “Jondor chinor chorva” mas’uliyati cheklangan jamiyati Niderlandiyadan go‘sht yo‘nalishidagi naslli parranda olib keldi. Endi korxona negizida qo‘shimcha ravishda parranda go‘shtini qayta ishlash sexi, 110 ming bosh jo‘ja o‘stirishga mo‘ljallangan majmuani ishga tushirish rejalashtirilgan. Umumiy qiymati 15 milliard so‘m bo‘lgan mazkur loyiha natijasida parranda go‘shti tayyorlash 2 ming tonnaga yetkazilib, uning ming tonnasi qayta ishlanadi. Aholiga 18 million dona tuxum, 1 million dona jo‘ja yetkazib beriladi. Mahsulot eksport ham qilinadi. Jami 285 ish o‘rni yaratiladi.

Prezidentimiz korxonaning rentabelligiga e’tibor qaratdi. Parrandalarni kasalliklardan ishonchli himoya qilish, xorijdan olib kelinayotgan ozuqa mahsulotlarini mahalliylashtirish darajasini oshirish zarurligini ta’kidladi. 

"O‘zmilliybank" huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va “Property Industry” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischiligida Buxoro tumanida 38 gektarda agrologistika markazi barpo  etilmoqda. Umumiy qiymati 21,8 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha doirasida markazda Xitoy, Germaniya, Daniya texnologiyalari asosida meva-sabzavotlarni quritish, muzlatish, murabbo, jem va tuzlamalar ishlab chiqarish quvvatlari, muzlatkich va sublimatsiya tashkil etiladi. Bu yiliga 10 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlash,  dastlabki yillarda 6,5 million dollar miqdoridagi mahsulot eksport qilish imkonini beradi. Natijada 250  doimiy ish  o‘rni yaratiladi. 

Ushbu agrologistika markazida mahalliy xomashyo asosida eni 12 metrlik polietilen plyonkalar, agrokimyoviy vositalar va suyuq o‘g‘itlar ham ishlab chiqariladi. Shu paytgacha xorijdan olib kelingan bu mahsulotlar import o‘rnini bosish bilan birga eksportga ham yo‘naltiriladi.

Prezidentimiz ushbu markaz loyihasi bilan tanishar ekan, bu yerda eksportbop mahsulotlar ekish, kommunikatsiya tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.   

Davlatimiz rahbari Peshku tumanida tashkil etiladigan chorvachilik kompleksi loyihasi bilan tanishdi.

Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, chorvachilik, xususan, naslchilik ishlarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuksak samaralar bermoqda. 2016-yilda Buxoro viloyatida qoramollar bosh soni 2015-yilga nisbatan 4,1 foizga, qo‘y va echkilar 5,5, go‘sht yetishtirish 7,1, sut ishlab chiqarish 9,5 foizga oshdi.

Yangi chorvachilik kompleksi 1000 bosh qoramol va 1 ming 500 bosh qo‘y boqishga mo‘ljallangan. Umumiy qiymati 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan mazkur loyiha natijasida 2 ming 650 tonna sut, 200 tonna go‘sht, 2,5 tonna jun ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 800 gektar maydonda ozuqa yetishtiriladi. 100 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Shu yerda Buxoro, Peshku, Romitan, Olot tumanlarida tashkil etilayotgan boshqa chorvachilik xo‘jaliklari loyihalari ham namoyish etildi.

Shavkat Mirziyoyev Amu-Buxoro irrigatsiya tarmoqlari loyihasi taqdimoti bilan ham tanishdi.

Birinchi Prezidentimizning 2015-yil 25-avgustdagi qaroriga muvofiq “Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlarini qayta tiklash” loyihasi amalga oshirilmoqda. Shu kungacha Quyi mozor, Qorako‘l va Olot nasos stansiyalari rekonstruksiya qilindi. Umumiy qiymati 406 million dollardan ortiq bo‘lgan mazkur loyiha doirasida Amu-Buxoro-I yangi nasos stansiyasi quriladi, Amu-Buxoro-II, Quyi Mozor, Qiziltepa va Qiziltepa-I nasos stansiyalari rekonstruksiya qilinadi. Buning samarasida Buxoro viloyatida 275 ming, Navoiy viloyatida 40 ming gektar yer suv bilan barqaror ta’minlanadi. Yiliga 134,2 million kilovatt elektr energiyasi, 25,6 milliard so‘mdan ziyod byudjet mablag‘i tejaladi. 

Prezidentimiz bu irrigatsiya tizimi Buxoro uchun juda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, ajratilgan mablag‘ va texnikalardan oqilona foydalanish, belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Shu yerning o‘zida joriy yilda Buxoro viloyatida tashkil qilinadigan intensiv mevazor va uzumzorlar rejasi ham namoyish etildi.

Anvar Samadov, Umar Asrorov, O‘zA
4 317






Все о погоде - Pogoda.uz