Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.04.2017 18:08 Chop etish versiyasi

Prezidentimiz Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

Prezidentimiz Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy yodgorlik majmuini ziyorat qildi.

Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 18-oktabr kuni poytaxtimizda o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimida Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida islom madaniyati, umumbashariy sivilizatsiya rivojiga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ko‘p qirrali boy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Prezidentimiz mazkur markaz qurilishi loyihasi bilan tanishdi.

Markaz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkir allomalarimizning bebaho ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarning elektron nusxalarini to‘plash, ularni xalqimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish bilan shug‘ullanadi.

Bugungi kunda Imom Buxoriy majmuasi yonidan joy ajratilib, markazni qurish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi.

Prezidentimiz mazkur xalqaro markazning mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Bu muassasada islom madaniyati targ‘ibotini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks yondashuv ishlab chiqish kerakligini ta’kidladi. Bino xonalarida buyuk allomalarimizning ruhi, ma’naviy kuch-qudrati va salohiyati namoyon bo‘lib turishi, buning uchun har bir xonani muayyan alloma nomi bilan atash va shunga yarasha jihozlash zarurligini qayd etdi.

Buyuk mutafakkir bobomiz, barcha muhaddislar peshvosi Imom Buxoriy mangu qo‘nim topgan ushbu maskanda o‘ziga xos ma’naviy-ruhiy muhit mavjud, dedi davlatimiz rahbari. Majmuaga ziyoratga kelgan odam bu markazga ham kirib, o‘ziga katta ozuqa olsin, bobolarimiz hikmatlaridan o‘rganib ketsin. Shunda ularning kalbida ulug‘ ajdodlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘usi rivoj topadi, ayni paytda shunday buyuk zotlarning avlodi mas’uliyatini his etadi.

Yangi markazda allomalarimizning bebaho merosini o‘rganishda o‘ziga xos maktab yaratgan buyuk muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, ulug‘ faqihlar Burhoniddin Marg‘inoniy, Abullays Samarqandiy, kalom ilmining buyuk mutafakkirlari Abu Mansur Al-Moturidiy, Abul Muin Nasafiy kabi ajdodlarimiz boy merosini alohida-alohida o‘rganish va ilmning shu sohalari bo‘yicha mukammal bilimga ega bo‘lgan yetuk mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish kerakligi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev olimlar va ulamolar bilan suhbatda ushbu markazda tadqiqotchilarga Qur’oni karim oyatlarini qiroat bilan o‘qish, to‘g‘ri talaffuz etish, arab imlosida yozish – kalligrafiya bo‘yicha mamlakatimiz yetakchi olimlari darslarini yo‘lga qo‘yish, xorijlik tadqiqotchilar uchun stajirovkalar ta’sis etish haqida so‘zladi.

Uchrashuvda Buxorodagi Mir Arab madrasasining ham qadimgi mavqeini tiklash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Uning binosini ta’mirlash va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Poytaxtimizdagi Hazrati Imom majmuasi hududida Islom taraqqiyot markazini tashkil etmoqchimiz. Ushbu maskanda ham Imom Buxoriy xalqaro markazi kabi xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy dunyosini boyitishga, buyuk ajdodlarimiz islom ta’limotiga beqiyos hissa qo‘shganini aniq misollar bilan ko‘rsatish kerak, dedi davlatimiz rahbari.

Imom Buxoriy majmuasi atrofida joylashgan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini rekonstruksiya qilish loyihasi haqida ham ma’lumot berildi. Bu ziyoratchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratib, hudud infratuzilmasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari Maxdumi A’zam ziyoratgohidan Imom Buxoriy majmuigacha bo‘lgan yo‘l bo‘yida ikki qavatli zamonaviy uylar va ijtimoiy obyektlar qurish, hududni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berdi.

Anvar Samadov, Matnazar Elmurodov, Farhod Qurbonboyev (surat), O‘zA
3 516






Все о погоде - Pogoda.uz