Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.06.2018 15:11 Chop etish versiyasi

Shavkat Mirziyoyev: Uch qavatli yangi ko‘prik Toshkent shahrining tashrif qog‘ozi bo‘ladi

Shavkat Mirziyoyev: Uch qavatli yangi ko‘prik Toshkent shahrining tashrif qog‘ozi bo‘ladi
Prezidentimiz poytaxtimizning Maxtumquli va Ohangaron ko‘chalari kesishmasida barpo etilayotgan uch qavatli zamonaviy avtomobil ko‘prigi loyihasini ko‘zdan kechirdi.

Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanib, aholi soni yil sayin oshib borayotgani yangi ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar qurish hisobiga transport yechimini hal etishni taqozo etmoqda. Eng gavjum chorrahalardan biri bo‘lgan mazkur hududda uch qavatli yangi ko‘prik qurilishi tirbandlikni kamaytirib, haydovchi va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlaydi.

Ko‘prikning Parkent ko‘chasidan Ohangaron shossesiga o‘tuvchi qismida umumiy uzunligi 500 metrdan ziyod tunel quriladi. Ikkinchi bosqichda Qorasuv dahasidan Maxtumquli ko‘chasiga chiquvchi yo‘lning mazkur tunel ustidan o‘tgan qismida aylanma ko‘prik bunyod etiladi. Ushbu aylanma ko‘prik Qorasuv dahasidan kelayotgan transport oqimini Maxtumquli, Parkent, Ohangaron ko‘chalariga yo‘naltiradi. Ikkala ko‘prik ustidan o‘tuvchi uchinchi qavat Maxtumquli va Temur Malik ko‘chalarini o‘zaro tutashtiradi. Shuningdek, Toshkent mexanika zavodida ta’mirlangan samolyotlarni ishbilarmonlik aeroportiga olib borish uchun yo‘l o‘tkazgich barpo etish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda zamonaviy ko‘prikni qurish ishlari boshlab yuborilgan. Eng asosiysi, ko‘prikda birorta ham svetofor bo‘lmaydi, transport vositalari to‘xtovsiz harakatlanishi ta’minlanadi. Ko‘prik va tunnelda qatnov olti qatorli bo‘ladi, inshoot 2019-yil avgust oyida to‘liq yakunlanadi.

– Mazkur ko‘prik Toshkent shahrining o‘ziga xos tashrif qog‘ozi bo‘ladi, –dedi Prezidentimiz. – O‘zbekiston uchun yangilik bo‘lgan ushbu mahobatli inshoot Chorvoq va Chimyon hududini rivojlantirishga zamin yaratadi.Ko‘prik qurilishi jarayonida avtomobillar harakati to‘xtatilmaydi.

Yangi ko‘prik Toshkent shahridan Chorvoq hududiga boruvchi yo‘lni 22 kilometr qisqartirmoqda. Kelgusida bu yo‘l katta yuklamani o‘ziga olib, poytaxt aholisi va xorijlik sayyohlarning Chorvoq hamda Chimyon hududiga tez va oson yetib olishi uchun Chirchiq daryosi ustidan ko‘prik bunyod etilmoqda.

shosse 02.jpg

Loyiha bilan tanishuv chog‘ida Shavkat Mirziyoyev yangi ko‘prikni zamonaviy texnologiyalar asosida sifatli bunyod etish, kommunikatsiya tarmoqlarini joylashtirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi.

– Asosiysi, yozgi jazirama issiq kunlarda bu yerda qurilish jarayoni transport qatnoviga noqulaylik tug‘dirmasligi zarur. Buni hozirdan o‘ylab puxta yechim topish, qurilishni 3 smenada tashkil etish lozim, – dedi Prezidentimiz.

shosse 03.jpg

Shu yerda davlatimiz rahbariga Toshkent yer usti halqa metro liniyasini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.

Matnazar Elmurodov, O‘zA
5 731