Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.09.2017 12:40 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-sentabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev bilan bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari muloqot avvalida Qirg‘iziston Prezidentini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etdi.

Qirg‘iziston Prezidentining qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy yaqin va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlash, O‘zbekiston – Qirg‘iziston o‘zaro manfaatli hamkorligini kengaytirishda tutgan o‘rni va faol sa’y-harakatlari chuqur mamnuniyat bilan alohida qayd etildi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-6-sentabr kunlari Qirg‘izistonga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘targani, o‘zaro hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani ta’kidlandi.

Turli darajalardagi aloqalar faollashgani qayd etildi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari raisligida Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya faoliyat ko‘rsatmoqda, davlat chegarasini huquqiy jihatdan tartibga solish ishlarini yakunlash bo‘yicha faol muzokaralar olib borilmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning tashrifi chog‘ida O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegarasi to‘g‘risida shartnoma imzolangani hamkorlikdagi ishlarning eng muhim natijasi bo‘ldi.

O‘zaro savdo hajmi ortib bormoqda, yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 60 foizga o‘sdi. Avtomobilsozlik, qishloq xo‘jligi mashinasozligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida hamkorlik bo‘yicha istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari, hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, ikki davlat hukumatlari rahbarlari shafe’ligida faoliyat yuritadigan Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashining amaliy faoliyatini tashkil etishni tezlashtirish hamda madaniy-gumanitar sohada yangi dasturlarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyevning mamlakatimizga davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqot so‘nggida O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston Prezidentini yana bir bor samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq va muvaffaqiyat, qardosh qirg‘iz xalqiga tinchlik, osoyishtalik va farovonlik tiladi.

O‘zA
2 371






Все о погоде - Pogoda.uz