Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.02.2018 20:01 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari bir-birlarini qutladilar

2018-yil 16-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan ikki davlat rahbarlari bir-birlarini qutladilar.

Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekovning qutlov maktubida "Ko‘p asrlik an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, qardoshlik aloqalari, shuningdek, ma’naviy va madaniy qadriyatlar mushtarakligi bugungi Qirg‘iziston – O‘zbekiston munosabatlarining mustahkam asosidir", deb qayd etilgan.

"Qirg‘iziston – O‘zbekiston davlat chegaralari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi, ayrim nazorat-o‘tkazish punktlaridagi cheklovlarga barham berilishi, savdo-iqtisodiy hamkorlikka jadal sur’at baxsh etishga xizmat qilgan o‘zaro qat’iy siyosiy iroda tufayli 2017-yil Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar rivojida tarixiy yil bo‘ldi, – deb ta’kidlanadi qutlovda. – Natijada mamlakatlarimiz bugungi qutlug‘ sanani nafaqat do‘st davlatlar, balki strategik sherik va yaxshi qo‘shnilar sifatida ham nishonlamoqda".

Sooronbay Jeenbekov siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, davlat chegaralarini yuridik jihatdan uzil-kesil rasmiylashtirishni jadallashtirish, chegaraoldi hamkorlik, suv-energetika sohasidagi o‘zaro aloqalarni faollashtirish, mamlakatlarimiz tranzit salohiyatidan samarali foydalanish va "Xitoy – Qirg‘iziston –O‘zbekiston" temir yo‘lini qurish bo‘yicha qo‘shma rejalar qardosh xalqlarimiz manfaati yo‘lida amaliyotga joriy etilishiga ishonch bildirgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z qutlovida "Siyosiy iroda va aniq amaliy qadamlar tufayli ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarib, o‘zaro ishonchga mustahkam zamin yaratdik", deb ta’kidlaydi chuqur mamnuniyat bilan. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgan va o‘tgan yili muvaffaqiyatli amalga oshirilgan oliy darajadagi uch tashrif shundan dalolat beradi.

"Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari jadal o‘sib, ishlab chiqarish kooperatsiyasi kengayib bormoqda. Uzoq yillar mobaynida ilk bor sanoat ko‘rgazmalari va biznes-forumlar o‘tkazildi", deyiladi qutlovda.

"Ikki davlat hududlari darajasida uzoq istiqbolga mo‘ljallangan va o‘zaro manfaatli hamkorlik mexanizmlari ishga tushirildi. Madaniy-gumanitar almashinuv sezilarli ravishda faollashdi, Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati va san’ati kunlari, shuningdek, ushbu sohada qator qo‘shma tadbirlar o‘tkazildi. Eng muhimi, bularning barchasi xalqlarimiz manfaati va orzu-istaklariga to‘la hamohang bo‘lib, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda", deb ta’kidlagan Prezidentimiz.

O‘zA
6 437