Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.04.2017 02:20 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – Rossiya hamkorligida yangi ufqlar ochgan tarixiy tashrif

O‘zbekiston – Rossiya hamkorligida yangi ufqlar ochgan tarixiy tashrif Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 4-5-aprel kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Davlat tashrifining asosiy tadbirlari 5-aprel kuni bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Moskva shahrining Aleksandr bog‘idagi “Noma’lum askar” yodgorligiga gulchambar qo‘ydi.

Shu yilning 3-aprel kuni Sankt-Peterburg metrosida terrorizm harakati sodir etilib, insonlar halok bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ular xotirasini yodga olib, shu yerdagi "Leningrad – qahramon shahar" yodgorligi poyiga gul qo‘ydi.

Kremlda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Rossiya davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash masalalari, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar muhokama qilindi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqboli xususida fikr almashildi.

Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni Moskvaga davlat tashrifi bilan qutlab, ushbu tashrif tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyat ekanini qayd etdi.

– O‘zbekiston bilan hamkorlikni yangi bosqichda davom ettirish biz uchun katta ahamiyatga ega, – dedi Rossiya Prezidenti. – Mamlakatlarimizda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun hali to‘la foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘p, ularni ishga solishdan ikki tomon ham manfaatdor.

Shavkat Mirziyoyev mazkur uchrashuv davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlashda muhim qadam bo‘lishini qayd etdi.

– Avvalo, 3-aprel kuni Sankt-Peterburgda ro‘y bergan mash’um voqea munosabati bilan Sizga va Rossiya xalqiga chuqur hamdardlik bildiraman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik yuksak ishonch va o‘zaro hurmat asosida rivojlanmoqda. Turli darajadagi aloqalar faollashgani mamlakatlarimiz ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishdan birdek manfaatdor ekanining tasdig‘idir. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini yod etish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurganingiz uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokaralarni davom ettirdilar.

Oliy darajadagi tashriflar muntazamlik kasb etgani davlatlararo munosabatlar yuksak darajada rivojlanayotganidan dalolat beradi. O‘zbekiston va Rossiya rahbarlarining bu galgi uchrashuvi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi manfaatli muloqotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiyot, neft-kimyo, transport kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, turizm, mehnat migrantlariga munosib sharoitlar yaratish va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Rossiya xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ikki mamlakatning tashqi siyosat, tashqi savdo, mudofaa mahkamalari o‘rtasida o‘zaro maslahatlashuvlar izchil amalga oshirilmoqda. Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarida savdo-iqtisodiy hamkorlik asosiy o‘rin tutadi. 2013-2017-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturi, 2015-2019-yillarda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlariga oid hukumatlararo bitimga muvofiq bu sohadagi aloqalar izchil taraqqiy etmoqda.

Rossiya O‘zbekistonning yetakchi savdo sheriklaridan biri. O‘zbekiston Rossiyaga tabiiy gaz, transport vositalari, qora va rangli metallar, trikotaj, paxta tolasi, meva-sabzavotlar, turli xizmatlar eksport qiladi. Rossiya mamlakatimizga transport vositalari, kimyo va qog‘oz sanoati tovarlari, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beradi.

O‘zbekistonda rossiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tuzilgan 961 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda Rossiyaning 64 firma va kompaniyasi vakolatxonasi ochilgan. Rossiya Federatsiyasi hududida o‘zbekistonlik hamkorlar bilan 569 tadbirkorlik subyekti tashkil etilgan bo‘lib, ular samarali faoliyat olib bormoqda.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda. Xususan, so‘nggi vaqtlarda qishloq xo‘jaligida bu ko‘rsatkich ikki barobar o‘sgan.

Ochiq va do‘stona ruhda o‘tgan muzokaralarda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, uni yangi bosqichga ko‘tarish borasida fikr almashildi.

2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25-yil to‘ldi. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik mustahkam huquqiy asosga ega. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar 2004-yil 16-iyunda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, 2005-yil 14-noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma doirasida izchil rivojlanmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish borasida samarali ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Ikki mamlakat ham yonilg‘i-energetika sohasida ulkan salohiyatga ega. Bu mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik rivojida muhim o‘rin tutmoqda. Rossiyaning «Lukoyl» va «Gazprom» kompaniyalari mamlakatimizdagi uglevodorod konlarini qidirish va o‘zlashtirishda faol ishtirok etmoqda. 2016-yilda Buxoro viloyatida «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi bilan «Lukoyl» kompaniyasi hamkorligida Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi boshlandi.

Dunyodagi yetakchi energetika kompaniyalaridan biri bo‘lgan «Gazprom» O‘zbekistonda geologiya-qidiruv ishlari olib borish va istiqbolli uglevodorod konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirishda, shuningdek, tabiiy gazni eksportga yetkazib berishda faol ishtirok etmoqda. Ustyurtda o‘tkazilgan geologiya-qidiruv tadqiqotlari natijasida "Jel" gaz kondensati koni ochildi. "Shaxpaxti" koni birgalikda o‘zlashtirilmoqda. Hozirgacha u yerdan 3,5 milliard kub metr gaz qazib olindi.

O‘zbekiston avtomobillari Rossiyada doim xaridorgir. “Matiz”, “Nexia” kabi mashinalarimiz bu yerda bir necha bor yilning eng yaxshi avtomobili, deb topilgan. 2016-yilda ushbu mamlakatda yangi brend ostidagi “Ravon Gentra” avtomobili savdosi o‘sgan.

Serquyosh zaminimizda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlariga dunyo bozorida talab yuqori. Birinchi Prezidentimizning 2016-yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu mahsulotlar eksportini yanada oshirishga mustahkam zamin yaratdi.

2016-yil yakunlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga o‘sib, 398 million dollarga yetgan. Muzokarada mamlakatimizda yetishtirilgan meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini ko‘paytirish va turini kengaytirishga kelishib olindi.

Hukumatlararo va idoralararo aloqalar qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Joriy yil 15-fevralda Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport va tranzit sohasidagi aloqalarni kengaytirishga doir masalalar muhokama qilindi. Mamlakatlarimizda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun hali to‘la foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘pligi, ularni ishga solish ikki tomon uchun ham manfaat keltirishi ta’kidlandi.

Muzokaralarda tibbiyot, ilm-fan, ta’lim, madaniyat, sport va turizm sohalari bo‘yicha o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Rossiya tibbiyot fani va ta’limini rivojlantirish, klinik, profilaktik, eksperimental kardiologiya sohalarida yangi loyihalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha samarali hamkorlik qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi hukumati Raisi Dmitriy Medvedev bilan ham uchrashdi.

– O‘zbekiston Rossiyaning eng ishonchli hamkorlaridan biri, – dedi Dmitriy Medvedev. – Ikki davlat turli sohalarda ishonchli hamkorlik qilib kelmoqda. Sizning tashrifingiz davomida juda katta loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishish ko‘zda tutilgan. Tashrifingiz davlatlarimiz hamkorligida yangi sahifa ochishiga qat’iy ishonaman.

– Sankt-Peterburgda ro‘y bergan mash’um voqea oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiraman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Terrorizm chegara bilmaydigan xavfdir, shu bois unga qarshi barcha kuchlarni birlashtirgan holda kurashish lozim.

Prezidentimizning ushbu tashrifi o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekani ta’kidlandi.

– Bugungi muloqotlarimiz ko‘p sohalardagi hamkorligimizda yangi davrni boshlab berishiga ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston bilan Rossiyaning madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro hamkorligi ham izchil rivojlanmoqda. Ikki davlat xalqlari bir-birining adabiyoti va san’atiga hurmat bilan qaraydi. Moskva shahrida buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykali qad rostlagan. Toshkent shahridagi Pushkin haykali o‘rnatilgan maydon poytaxtimiz aholisi va mehmonlarining sevimli maskanlaridan biridir.

O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi arafasida Moskvadagi A.Pushkin nomidagi tasviriy san’at muzeyida mamlakatimizning I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi eksponatlari ko‘rgazmasi ochildi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin ushbu ko‘rgazmaga tashrif buyurdilar.

«Sahrodagi Luvr» nomini olgan I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi o‘zining bebaho eksponatlari bilan dunyo san’at ixlosmandlari e’tiborini qozongan. Muzeyda grafika, haykaltaroshlik, tasviriy va amaliy san’at namunalari, turli arxeologik topilmalar, etnografiya buyumlari, qadimiy suratlar, tarixiy hujjatlar singari yuz mingga yaqin nodir eksponat joy olgan.

Ana shunday buyuk merosni yig‘ib qoldirgan olim I.Savitskiy 2002-yilda «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan.

A.Pushkin nomidagi tasviriy san’at muzeyida namoyish etilayotgan noyob eksponatlar tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha qator muhim hujjatlar imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida hududlararo hamkorlik, mehnat faoliyatini vaqtincha tashkil etish, sog‘liqni saqlash, tibbiyot ta’limi va fani, turizm, qurilish, neft-gaz, konchilik, metallurgiya, bank-moliya, bojxona, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirishga doir hujjatlar imzolandi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar ochiqlik, o‘zaro ishonch va amaliy ruhda o‘tganini ta’kidladilar. Tashrif asnosida erishilgan kelishuvlar, imzolangan 16 milliard dollarlik 50 dan ortiq hujjat O‘zbekiston va Rossiya taraqqiyotiga, ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Prezidentimizning davlat tashrifi va uning doirasidagi tadbirlar Rossiya teleradiokanallari, gazetalari, internet nashrlari orqali keng yoritib borildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifi yakuniga yetdi. Bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari va istiqbollari belgilab olindi. Tarixiy ahamiyat kasb etgan ushbu tashrif O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi.

Toshkent – Moskva – Toshkent.

Abu Bakir O‘rozov, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA
3 623






Все о погоде - Pogoda.uz