Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 20:08 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi to‘g‘risida axborot

2017-yil 18-aprelda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning I choragida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 14-yanvarida respublika Hukumati majlisida belgilab berilgan 2017-yilgi iqtisodiy dasturning ustuvor vazifalari bajarilishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda mamlakatni rivojlantirishning asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari, tarmoqlar va hududlarni yanada kompleks rivojlantirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni chuqurlashtirish, ishlab chiqarish korxonalari va mintaqalarning eksport salohiyatini rivojlantirish, xususiy mulk va tadbirkorlikning roli va ahamiyatini kuchaytirish, aholining daromadlari va turmush darajasini yanada oshirishga qaratilgan dasturiy choralar har tomonlama va mufassal ko‘rib chiqildi.

Qayd etib o‘tildiki, qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini tizimli amalga oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimi joriy etilishi, shuningdek, respublikaning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyat ko‘rsatishi “Inson manfaati – har narsadan ulug‘” degan ezgu g‘oyaning hayotga izchil va samarali joriy etilishini ta’minladi.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi tadbirlarini faol amalga oshirish boshlandi. Ularga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatning, birinchi navbatda, davlat boshqaruvi tizimini yanada isloh qilish, davlat xizmatlari sifatini oshirish, aholi va tadbirkorlik subyektlariga mikrokreditlar ajratish tizimini soddalashtirish va kengaytirish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiya qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va sport tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.

Xususiy mulkni ishonchli himoya qilishni yanada ta’minlash va davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish chora-tadbirlari amalga oshirilishi tadbirkorlik faoliyati faollashishining sezilarli darajada o‘sishiga va joriy yilning birinchi choragida kichik biznesning 13,6 mingdan ortiq yoki 2016-yilning xuddi shu davridagiga qaraganda 64 foiz ko‘p yangi subyektlari tashkil etilishiga ko‘maklashdi. Kichik biznes subyektlariga 4,6 trillion so‘m miqdorida kreditlar ajratildi, bu 2016-yilning birinchi choragidagiga qaraganda 1,3 baravar ko‘pdir.

Faol investitsiya siyosati amalga oshirilishi natijasida mamlakat iqtisodiyotiga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 9,7 foizga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar va kreditlar – 10,5 foizga o‘sdi. Yil boshidan buyon 9 ta yirik korxona, shuningdek, 4 mingdan ortiq ishlab chiqarish obyektlari foydalanishga topshirildi. Yangidan tashkil etilgan «Urgut», «G‘ijduvon», «Qo‘qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Tarmoqlar va mintaqalarning eksport salohiyatini safarbar etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar eksportga mahsulot yetkazib berishning o‘sishini va tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosini ta’minladi. Yil boshidan buyon ilgari o‘z mahsulotini eksport qilmagan 258 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, tovarlarning 117 ta yangi turini eksport qilish, shuningdek, 28 ta yangi tashqi sotish bozori o‘zlashtirildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.J.Ramatov, G‘.I.Ibragimov, R.S.Azimov, U.U.Rozukulov, T.K.Narbayevaning, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va viloyatlar hokimlarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017-yil 14-yanvarda Vazirlar Mahkamasi majlisida hamda joriy yilning yanvar-aprelida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlariga tashriflari davomida berilgan topshiriqlarni amalga oshirish bo‘yicha hisobotlari eshitildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatovning, Davarxitektqurilish qo‘mitasi raisi B.I.Zakirovning, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati raisi F.I.Salomovning, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati raisi B.K.Zaripovning, Toshkent viloyati hokimi Sh.X.Boboyevning e’tibori hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning tasdiqlangan o‘rtacha muddatli dasturlarini, shu jumladan, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani, qishloq joylarda va shaharlarda arzon uylar qurishni jadallashtirishni so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishning zarurligiga qaratildi.

Davarxitektqurilish qo‘mitasi raisi B.I.Zakirovga shaharsozlikdagi eskirgan normativlarni tubdan qayta ko‘rib chiqishni va kapital qurilishdagi nomutanosibliklarni bartaraf etishni nazarda tutgan holda qo‘mitaning butun tizimini tubdan qayta tashkil etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar turkumi paketini ishlab chiqishni tugallashni tezlashtirish va tasdiqlash uchun kiritish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Mamlakat Prezidentining shu yil 12-aprelda poytaxtning Chilonzor tumaniga tashrifi davomida aniqlangan me’moriy qiyofani, yo‘l-transport tizimini va uy-joy-kommunal infratuzilmani yaxshilash, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari ishi samaradorligini oshirish bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi.

Eng avvalo, xorijiy investitsiyalar jalb etilgan investitsiya loyihalarining loyiha hujjatlarini o‘z vaqtida ishlab chiqishni ta’minlash, shuningdek, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida yirik strategik investitsiya loyihalari bo‘yicha ishlab chiqarish obyektlarini belgilangan muddatlarda so‘zsiz ishga tushirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.I.Ibragimovning, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi raisi A.S.Sultanovning, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi raisi E.R.Shoismatovning va “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati raisi A.A.Abdullayevning hisobotlari eshitildi. Muhokamalar davomida mamlakat Prezidentining Turkmaniston, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasiga yaqindagi davlat tashriflari davomida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha imzolangan bitimlar va kontraktlarni o‘z vaqtida bajarishni ta’minlashga doir qo‘shimcha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S.Azimovning, moliya vaziri B.A.Xo‘jayevning, iqtisodiyot vaziri G.K.Saidovaning, Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari S.S.Xodjayevning, shuningdek, Qashqadaryo va Namangan viloyatlari hokimlari Z.Sh.Ro‘ziyev va X.X.Bozorovning hisobotlari eshitildi. Ular oldiga hududiy, moliya-byudjet va soliq rejalashtirilishini takomillashtirish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini oshirish amaliy chora-tadbirlarini bajarish, tumanlar va shaharlarning subvensiya darajasini pasaytirish va ularni subvensiyadan chiqarish, naqd pul mablag‘larining bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish hisobiga makroiqtisodiy barqarorlikni va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini saqlashni ta’minlaydigan kechiktirib bo‘lmaydigan kompleks chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlarining shaxsiy mas’uliyati alohida qayd etib o‘tildi. Ularning ishlari samaradorligi aniq mezonlari bo‘yicha baholanadi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.K.Sharapovning e’tibori turizm sohasini rivojlantirishning yaxlit konsepsiyasini izchil amalga oshirish, turizm industriyasi subyektlari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, turizmni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan barcha to‘siqlar va g‘ovlarni olib tashlash, turizm xizmatlari bozorida raqobatni tashkil etishga yo‘naltirilgan dasturiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishni tezlashtirish zarurligiga qaratildi.

Majlisda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini yanada kengaytirish va safarbar qilishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalda ro‘yobga chiqarishni ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.U.Rozukulovning, tashqi savdo vaziri E.M.G‘aniyevning, Jizzax va Buxoro viloyatlari hokimlari U.Y.Uzoqov va O‘.I.Barnoyevning, shuningdek, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining ishi natijadorligi batafsil tahlil qilindi.

Mahsulotlarni eksportga yetkazib berishni ko‘paytirishni ta’minlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi raisi O.B.Rustamovga, “O‘zagrotexsanoatxolding” kompaniyasi raisi N.S.Otajonovga, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan Oltinko‘l (Karimov), Buloqboshi (Maxsudov), Qo‘rg‘ontepa (Ergashev), Xo‘jaobod (Ismailov), Buxoro (Esonov), Vobkent (Javodov), Baxmal (Safarov), Sariosiyo (Jo‘rayev), Sirdaryo (Nazarov) va Quva (Rahmonov) tumanlari hokimlariga shaxsiy baho berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.U.Rozukulovga, tashqi savdo vaziri E.M.G‘aniyevga, “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi raisi O.B.Rustamovga, “O‘zagroeksport” kompaniyasi raisi J.A.Xolmuxamedovga, barcha darajalardagi hokimliklarga logistikaning zamonaviy tizimini rivojlantirishni jadallashtirish, yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini, shu jumladan, Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi o‘tkazilishi davomida tuzilgan shartnomalar doirasida eksportga yetkazib berishning kafolatlangan hajmlarini ta’minlash yuzasidan tizimli chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.K.Narbayeva, “Mahalla” xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisi Sh.S.Javlonov hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari oldiga oilalarda, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida ularni har xil halokatli tahdidlardan, yot diniy va ekstremistik ta’sirlardan himoya qilish, shuningdek, xotin-qizlarning, shu jumladan, tadbirkorlik sohasida oqilona mashg‘ul bo‘lishini ta’minlash maqsadida ma’naviy-axloqiy va targ‘ibot ishlarini kuchaytirish yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi.

Majlisda 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalarini hamda tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishning tasdiqlangan maqsadli parametrlarini muvaffaqiyatli bajarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun rahbarlar va mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha mamlakat Prezidentining joriy yil 11-apreldagi qarori talablari amalda ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Respublika Hukumatining majlisiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha 2017-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari amalga oshirilishini so‘zsiz ta’minlash yuzasidan mavjud zaxiralarni safarbar etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zA
2 773






Все о погоде - Pogoda.uz