Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.05.2018 20:27 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbarlari oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

O‘zaro savdo hajmi barqaror sur’atlarda ortib, nomenklaturasi kengayib borayotgani, bu joriy yilning o‘zidayoq o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichini 3 milliard dollarga, yaqin yillarda esa 5 milliard dollarga yetkazish imkonini berishi chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mamlakatlarimizning iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligida mavjud ulkan salohiyatdan samarali foydalanishga qaratilgan hududlararo aloqalarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar sanoat, energetika, transport sohalarida va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan birdek manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning samarali faoliyatini, shuningdek, Qozog‘istonda O‘zbekiston yili doirasida birgalikda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan tadbirlarni yuksak baholadilar.

Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot so‘nggida Prezidentlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishda intilishi qat’iy ekanliklarini ta’kidladilar.

O‘zA
5 024