Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.01.2018 00:04 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Qadrli do‘stlar!

Jonajon Vatanimizga Yangi – 2018-yil kirib kelmoqda.

Siz azizlarni, mo‘’tabar nuroniylar, mehribon opa-singillarimizni, azmu shijoatli yoshlarimizni, ko‘p millatli butun xalqimizni ushbu qutlug‘ ayyom bilan samimiy tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat va farovonlik tilayman.

Ming shukrki, turli muammo va qiyinchiliklarga qaramasdan, 2017-yil mamlakatimiz uchun tinch, har tomonlama omadli va barakali bo‘ldi.

Biz taraqqiyotimizning yangi davri, yangi bosqichiga qadam qo‘ydik. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida belgilangan vazifalarni bajarishga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etdik.

Xalqimizning fidokorona mehnati bilan 2017-yilni barcha sohalarda yorug‘ yuz bilan yakunlashga erishdik.

Eng muhimi, davlatning xalqqa munosabati o‘zgarmoqda. Xalq degan tushunchaning qadri yuksalmoqda. El-yurtga xizmat qilish hayotimiz mazmuniga aylanmoqda.

Bularning barchasi odamlarimizning kundalik hayotida o‘z amaliy ifodasini topmoqda. Ularning ertangi kunga ishonchi yanada mustahkam bo‘lmoqda.

Tashqi siyosat sohasidagi faoliyatimiz ham, aytish mumkinki, g‘oyatda samarali bo‘ldi. Ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarimiz yangicha ruh va mazmun kasb etmoqda.

Bu esa mintaqamizda o‘zaro ishonch, do‘stlik va hamkorlik muhitini yanada kuchaytirish uchun mustahkam zamin bo‘lmoqda. Biz bu strategik yo‘lni 2018-yilda ham izchil va faol davom ettiramiz.

Fursatdan foydalanib, uzoq va yaqin barcha mamlakatlar xalqlarini ham, Yangi yil bayrami bilan tabriklab, ularga tinchlik va ravnaq tilaymiz.

Aziz yurtdoshlar!

Biz Yangi – 2018-yilga Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb nom berdik.

Biz buyuk kelajagimizni aynan mana shunday yuksak maqsad va g‘oyalar asosida barpo etamiz.

Xalqaro maydonda keskin raqobat kuchayib borayotgan hozirgi vaqtda bu eng to‘g‘ri va samarali yo‘ldir.

Shu ma’noda, 2018-yil O‘zbekiston taraqqiyotida hal qiluvchi yil bo‘ladi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Yangi yilda ham xalqimiz hayot darajasi va sifatini, barcha toifadagi aholimiz daromadlarini oshirishga alohida ahamiyat beramiz.

Yurtimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va elatlar o‘rtasidagi totuvlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni mustahkamlash asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi.

Chet ellardagi vatandoshlarimiz bilan aloqalarni kengaytirishga yanada katta e’tibor qaratamiz.

Ishonaman, 2018-yilda barchamiz birgalikda, o‘zimizni ayamasdan mehnat qilib, o‘z oldimizga qo‘ygan vazifalarni bajarishga albatta erishamiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Mana shu nurafshon daqiqalarda hammamiz ezgu orzu-umidlar bilan Yangi – 2018-yilga qadam qo‘ymoqdamiz.

Mening niyatim, tilagim shuki, har bir oila, har bir inson murod-maqsadiga yetsin!

Barchangizga dunyodagi eng katta baxt – oilaviy xotirjamlik, farzandlar, nabiralar baxtu kamolini ko‘rish nasib etsin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

4 308