Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.04.2017 15:34 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putinning qo‘shma bayonoti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 2017-yil 4-5-aprel kunlari davlat tashrifi bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘ldi.

An’anaviy do‘stona, ishonch va konstruktiv muhitda o‘tgan muzokaralarda Prezidentlar O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikning holati hamda uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va bir-birlarining manfaatlarini hisobga olish prinsiplariga asoslangan davlatlararo muloqotning yuqori darajada ekanligini tasdiqladilar.

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajada rivojlanishiga imkon beradigan 2004-yil 16-iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, 2005-yil 14-noyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma hamda 2012-yil 4-iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani amalga oshirishning dolzarbligini tasdiqladilar.

Prezidentlar O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligi bunday munosabatlarning muhim tarkibiy qismi ekanligini ta’kidladilar. Davlat rahbarlari ikki tomonlama savdo aylanmasini, eng avvalo, yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlar va ikkala tomon uchun qiziqish uyg‘otadigan boshqa tovarlarni o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish hisobiga keskin oshirishni ta’minlash kabi faoliyatga yo‘naltirilgan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya faoliyatini yuqori baholadilar.

Prezidentlar O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiya bozorlariga, shu jumladan, «yashil yo‘lak» tizimini joriy qilish orqali yetkazib berishni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida hamkorlikning muvaffaqiyatli rivojini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Prezidentlar ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni jadallashtirish uchun Mintaqalararo hamkorlikka ko‘maklashish to‘g‘risida bitim imzolanishining ahamiyatini ta’kidladilar.

Ikki mamlakat o‘rtasida turistik almashinuvni kengaytirish istiqbollari qayd etildi. Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida bitimning imzolanishi ikki mamlakat turistik salohiyatidan yanada to‘liqroq foydalanishga, turizm sanoati subyektlari o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini o‘rnatishga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi xalqlari o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro hurmatni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini tasdiqladilar. Havo transporti sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash ikki mamlakat o‘rtasida turistik va gumanitar almashinuvni rivojlantirishga ko‘maklashishi e’tirof etildi.

Prezidentlar tashqi bozorlarga eng qisqa va samarali chiqishni ta’minlovchi transport va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor xususiyatini qayd etdilar. O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi temir yo‘llari ishtirokida tashqi savdo yuklarini tashishda raqobatbardosh tariflarni shakllantirish masalalari bo‘yicha izchil hamkorlik qilish amaldagi transport yo‘laklarini samarali ish yuklamasi bilan ta’minlashga imkon yaratishi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin neft va gaz sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishlarini bildirdilar.

Davlat rahbarlari Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida bitim, shuningdek, Migratsiya sohasida vakolatli organlarning vakolatxonalarini o‘zaro ta’sis etish to‘g‘risida bitim imzolanishining ahamiyatini yuqori baholadilar hamda migratsiya sohasida hamkorlikning xalqaro tan olingan shakllarini yanada rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Prezidentlar sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim sohasida, bunday faoliyatning muhim elementlari hisoblangan ikki mamlakatning ilg‘or tibbiy va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida aloqalarni kengaytirish, mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash dasturlarini amalga oshirish, tajriba almashish, shuningdek, O‘zbekistonda Rossiyaning yetakchi tibbiy markazlari filiallari va vakolatxonalarini tashkil etishda yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar. Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash, tibbiy ta’lim va fan sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolanishini olqishladilar hamda bunday hamkorlik ikki davlat xalqlari o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirdilar.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlik rivojining izchil xususiyatini qayd etdilar hamda fan, ta’lim, sport, madaniyat, san’at va turizm sohasida aloqalarni faollashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Prezidentlar A.S.Pushkin nomidagi davlat tasviriy san’at muzeyida tashkil etilgan I.V.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi (Nukus shahri) fondidagi asarlarning birinchi sayyor ko‘rgazmasini muhim madaniy tadbir sifatida baholadilar hamda 2017-yilda Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish to‘g‘risida kelishib oldilar.

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligini nishonlash doirasida konsertlar, foto va badiiy ko‘rgazmalar hamda boshqa madaniy va ijtimoiy tadbirlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda, shuningdek, keng jamoatchilikni O‘zbekiston va Rossiya xalqlarining tarixi, madaniyati va an’analari bilan tanishtirishda O‘zbekiston va Rossiya davlat ommaviy axborot vositalarining muhim rolini qayd etdilar.

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin aloqa va axborot texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish tarafdoridirlar. Bunda O‘zbekiston fuqarolariga davlat, mahalliy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish samaradorligini oshirish uchun Rossiyaning elektron hukumat texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilish sohasidagi salmoqli tajribasidan foydalanish mumkinligi qayd etildi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasida millatlararo totuvlikni mustahkamlash, turli elatlarning tili, urf-odat va an’analarini asrash, rivojlantirish hamda kelajak avlodga yetkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan siyosatni yuqori baholadi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasida rus tili hamda rus tilida ta’lim berish makonini saqlab qolish va qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati qayd etildi. Davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasida rus tili mutaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlash dasturlarini ta’minlash, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining filiallari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha keyingi qadamlarni olqishladilar. Tomonlar bundan keyin ham ikki davlat o‘rtasidagi talabalar almashinuvini kengaytiradilar.

Prezidentlar harbiy va harbiy-texnikaviy sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, 2016-yil 29-noyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi shartnoma hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi o‘rtasida 2017-yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama hamkorlik dasturini amalga tatbiq etish tarafdoridirlar.

Prezidentlar tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashdilar.

Terrorizm, separatizm, ekstremizmning barcha shakllari, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, narkotik vositalarni noqonuniy ishlab chiqarish va ularning muomalada bo‘lishi, qurollar, aslaha va portlovchi moddalarning noqonuniy savdosi hamda noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish ikki mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligining ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolishi qayd etildi.

Davlat rahbarlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti global xavfsizlikni saqlashga ko‘maklashadigan yetakchi universal xalqaro tuzilma, davlatlararo va xalqaro muammolarni yechish uchun asosiy maydon bo‘lib qolayotganini e’tiborga olgan holda, xalqaro munosabatlarda uning markaziy muvofiqlashtiruvchi rolini mustahkamlash tarafdori ekanliklarini tasdiqladilar. O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi, birinchi navbatda, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, davlatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, mustaqillik, tenglik, suverenitetni o‘zaro hurmat qilish, hududiy yaxlitlik, chegaralar daxlsizligi, hujum qilmaslik, ichki ishlarga aralashmaslik, nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslikka doir xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari hamda BMT Nizomi maqsad va prinsiplariga bundan keyin ham sodiq qolish niyatidalar. Prezidentlar suveren davlatlarda hokimiyatni konstitutsiyaga zid ravishda o‘zgartirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha harakatlarni xalqaro masalalarda qabul qilib bo‘lmaydigan holat sifatida baholadilar.

O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida hamkorlikni rivojlantirishga, shuningdek, ushbu ko‘p tomonlama mexanizmlar afzalliklaridan to‘laqonli foydalanishga intilishlarini tasdiqladilar.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasidagi hamkorlik o‘zaro manfaatlarni va yaratilgan shartnomaviy-huquqiy bazani hisobga olgan holda davlatlararo bevosita muloqotni saqlash, fikrlar almashish va dolzarb masalalarni muhokama qilish bo‘yicha muhim instrument hisoblanishi qayd etildi. O‘zbekiston va Rossiya MDHning barcha ishtirokchilari oldida turgan dolzarb masalalarni hal etish uchun Hamdo‘stlik samaradorligini oshirish va salohiyatini namoyon qilishga faol ko‘maklashadilar.

O‘zbekiston va Rossiya 2002 yil 7-iyunda imzolangan Shanxay hamkorlik tashkilotining Xartiyasi, 2007-yil 16-avgustda imzolangan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning uzoq muddatli ahil qo‘shnichiligi, do‘stligi va hamkorligi to‘g‘risidagi shartnomasi, Shanxay hamkorlik tashkilotining 2025-yilgacha Rivojlanish strategiyasi hamda Tashkilotning boshqa asosiy hujjatlarida belgilangan maqsadlarga erishish va vazifalarni bajarish uchun Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida konstruktiv hamkorlikni amalga oshirishni davom ettiradilar.

Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasiga Shanxay hamkorlik tashkilotiga to‘la huquqli a’zolik taqdim qilinishi Tashkilot salohiyatini kengaytirishga hamda mintaqada hozirgi zamon dolzarb muammolarini hal etish, xavfsizlik, barqarorlik va turg‘un rivojlanishni ta’minlashga ko‘maklashadigan ko‘p tomonlama mexanizm sifatida uning xalqaro maydondagi rolini yanada oshirishga ko‘maklashishi qayd etildi. Ufada 2015-yilning iyul oyida bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan Hindiston va Pokistonni Tashkilot a’zoligiga qabul qilish protsedurasini boshlash to‘g‘risida qarorlar qabul qilinishi hamda Toshkentda 2016-yilning iyun oyida bo‘lib o‘tgan ShHT sammiti yakunlari bo‘yicha ShHTga a’zo davlat maqomini olish maqsadida Hindiston va Pokistonning majburiyatlari to‘g‘risida memorandumlar imzolanishi ushbu jarayonning muhim bosqichlari hisoblanadi.

Prezidentlar Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka tezroq erishish Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalarda xavfsizlikni saqlash va mustahkamlashning muhim omili hisoblanadi, degan yakdil fikrdalar hamda buning uchun zarur ko‘mak ko‘rsatishni davom ettirishga tayyorliklarini ta’kidladilar. Qarama-qarshi kurashayotgan kuchlar o‘rtasida milliy yarashuv jarayonini ilgari surish, siyosiy tartibga solish va kelishuvga erishish yo‘li bilan Afg‘oniston ichki mojarosini hal etish zarurligi qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu sa’y-harakatlar afg‘onlar boshchiligida va afg‘onlarning o‘zlari tomonidan amalga oshirilishi lozim. Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq xalqaro hamkorlikda, shu jumladan, ushbu davlat iqtisodiyotini qayta tiklash va uning aholisi farovonligini yaxshilash masalalarida Birlashgan Millatlar Tashkiloti markaziy muvofiqlashtiruvchi o‘rin tutishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Markaziy Osiyoda suvdan foydalanishning o‘zaro manfaatli va adolatli tizimini xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari asosida hamda mintaqaning barcha mamlakatlari manfaatlarini hisobga olgan holda rivojlantirish tarafdori bo‘lishni davom ettiradilar.

Davlat rahbarlari bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar, shuningdek, tashrif davomida imzolangan ikki tomonlama hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida an’anaviy do‘stona munosabatlarni teng huquqlilik va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish asosida yanada mustahkamlashga ko‘maklashishiga ishonch bildiradilar.

O‘zbekiston tomoni Rossiya tomoniga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish – Moskva shahrining tarixiy markazida O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi bilan yonma-yon joylashgan xiyobonga uning nomini berish hamda xiyobon hududida Islom Karimovga haykal o‘rnatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi munosabati bilan samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga va barcha Rossiya xalqiga O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidentiga davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lishni taklif qildi. Taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi. Tashrif muddatlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti

Vladimir Putin


Moskva, 2017-yil 5-aprel

6 290






Все о погоде - Pogoda.uz