O‘zA O`zbek

30.10.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 30 oktabr kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari qardosh Turkmaniston xalqiga joriy yil 10-11 oktabr kunlari Ashxobodda o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi sammitida ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi hamda Turkmanistonning MDHdagi raisligi muvaffaqiyatli o‘tayotgani bilan yana bir bor tabrikladi.

Davlat rahbarlari ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining ahvoli va ularni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar nuqtai nazaridan xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi vaqt bilan sinalgan mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, avvalo, savdo, transport, qishloq xo‘jaligi, energetika va boshqa tarmoqlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos ekani qayd etildi.

Tomonlar hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishga bundan buyon ham faol ko‘maklashishga tayyorligini bildirdilar.

Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari do‘st mamlakatlarimiz va butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash borasida qat’iy ekanini tasdiqladilar.


1 042
O'zA