O‘zA O`zbek

08.06.2018 16:00 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Prezidenti Sindaoga yetib keldi

O‘zbekiston Prezidenti Sindaoga yetib keldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining o‘n sakkizinchi majlisida ishtirok etish uchun 8-iyun kuni Xitoy Xalq Respublikasining Sindao shahriga keldi.

“Lyutin” xalqaro aeroportida O‘zbekiston rahbarini Xitoy hukumati vakillari kutib oldi.

Sammitning asosiy tadbirlari 9-10-iyun kunlariga belgilangan.

Bu yilgi sammitning o‘ziga xos tomoni shundaki, u ilk bor “sakkizlik” formatida bo‘lib o‘tadi, ya’ni bu safar Davlat rahbarlari kengashi majlisida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi va Pokiston Prezidenti Mamnun Husayn tashkilotning teng huquqli a’zosi bo‘lgan mamlakatlar rahbarlari sifatida ishtirok etadi.

Ma’lumki, 2016 yilgi Toshkent sammitida Hindiston va Pokistonning SHHTga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risida memorandumlar imzolangan va ular uchun tashkilotga yo‘l ochilgan edi. Nihoyat, o‘tgan yili Ostonada bu ikki davlat Shanxay hamkorlik tashkilotining teng huquqli a’zolariga aylandi.

Sindaoda tashkilotga a’zo mamlakatlar rahbarlari avval tor doirada, keyin kuzatuvchi maqomidagi davlatlar vakillari bilan birgalikda kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazadi. Uchrashuvlarda tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish, siyosat, xavfsizlik, savdo, iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, investitsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Sammit yakunida davlat rahbarlarining Sindao deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish, uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlikka oid hujjatlar, yoshlarga qo‘shma murojaatni imzolash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, a’zo davlatlarning turli sohalardagi hamkorligini rivojlantirishga oid qator boshqa hujjatlarni qabul qilish mo‘ljallangan.

Davlat rahbarlari navbatdagi muddatda SHHTga raislik qiladigan mamlakat to‘g‘risida qaror qabul qiladilar, SHHT bosh kotibi va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimlariga nomzodlar tasdiqlanadi.

SHHT sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti qator davlat rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilmoqda.

O‘zA
3 816