O‘zA O`zbek

07.06.2019 19:43 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Prezidenti Qozogʻiston Parlamenti Majlisi Raisini qabul qildi

Oʻzbekiston Prezidenti Qozogʻiston Parlamenti Majlisi Raisini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-iyun kuni Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Nurlan Nigmatulin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Qozogʻiston parlamenti delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat berishini alohida taʼkidladi.

Oʻz navbatida, Qozogʻiston Parlamenti Majlisi Raisi samimiy qabul uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirib, Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursultan Nazarboyev va Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda tomonlar Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning joriy yil aprel oyida amalga oshirilgan Oʻzbekistonga ilk davlat tashrifining yakunlari koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, uni amaliy mazmun bilan boyitish borasida oʻzaro intilish qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqlaganini taʼkidladilar.

Ikki tomonlama savdo hajmi ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 2018-yilda tovar ayirboshlash 50 foizga oʻsib, 3 milliard dollardan oshdi. Yaqin yillarda bu koʻrsatkichni kamida 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi turibdi.

1.jpg

Mamlakatlarimiz yetakchi kompaniya va korxonalari ishtirokida kooperatsiya asosida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Transport sohasida yangi avtobus va temir yoʻl yoʻnalishlari ochildi, shaharlar oʻrtasidagi aviaqatnovlar koʻpaytirildi, yuk tashish hajmi ortmoqda.

Hududlararo aloqalar tobora mustahkamlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda. Oʻtgan yili Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili muvaffaqiyatli oʻtkazildi, joriy yilda esa mamlakatimizda tadbirlarga boy dastur asosida Qozogʻiston yili oʻtmoqda.

Uchrashuvda Oʻzbekiston-Qozogʻiston parlamentlararo hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Mamlakatlarimiz parlamentlari qoʻmitalari darajasida faol aloqalarni yoʻlga qoʻyish, erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirish va yangi sheriklik loyihalarini ilgari surish maqsadida parlamentlararo doʻstlik guruhlari imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish lozimligi qayd etildi.

2.jpg

Nurlan Nigmatulin Qozogʻiston Parlamenti parlamentlararo munosabatlarni yanada mustahkamlashda, shuningdek, qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni roʻyobga chiqarishda har tomonlama koʻmaklashishga tayyor ekanini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Qozogʻiston Respublikasi siyosiy hayotidagi eng muhim tadbir - joriy yil 9-iyun kuni boʻlib oʻtadigan Prezident saylovi muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.

OʻzA
3 950