O‘zA O`zbek

25.04.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston-Belarus hamkorligining yangi yoʻnalishlari koʻrib chiqildi

Oʻzbekiston-Belarus hamkorligining yangi yoʻnalishlari koʻrib chiqildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekin shahrida oʻzi uchun ajratilgan qarorgohda 25-aprel kuni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati maʼlum qildi.

Belarus Prezidentining Oʻzbekistonga oʻtgan yilgi rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani, ularni sifat jihatidan yanada yuqori darajaga olib chiqqani va amaliy mazmun bilan boyitgani alohida taʼkidlandi.

Uchrashuvda ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi batafsil koʻrib chiqildi. Prezidentlar ikki mamlakat oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmi jadal ortayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

cd1a28b3-e335-26c3-bcfb-74d02250d032.jpg

Belarusning “Amkodor”, “MAZ”, “MTZ” va boshqa yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda sanoatning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasidagi almashinuvlar ancha faollashdi. Fan, texnologiyalar va taʼlim sohasida samarali hamkorlik amalga oshirilmoqda.

Davlatlar oʻrtasidagi mustahkam ishonch va hamkorlikning amaliy natijalariga erishishga qatʼiy oʻzaro intilish uni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochmoqda. Bugun mamlakatlarimiz buning uchun zarur salohiyatga ega ekani qayd etildi.

Uchrashuvda oʻzaro savdoni kengaytirish, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmatsevtika, turizm sohalarida qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish, taʼlim, madaniyat va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar boʻyicha ham fikr almashildi.

1cd8a6e6-3906-2e7b-5c9b-30070dd716ac.jpg

Davlat rahbarlari sheriklikning yangi yoʻnalishlarini samarali rivojlantirish maqsadida turli darajadagi muloqotni faol davom ettirishga tayyor ekanini taʼkidladi.

1 275
OʻzA