Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.04.2017 18:50 Chop etish versiyasi

Mahalla madaniyat va ma’rifat maskaniga aylanmoqda

Mahalla madaniyat va ma’rifat maskaniga aylanmoqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi "Tabassum" mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari mahalla hayoti bilan tanishib, aholi bilan muloqot qildi. Uchrashuvda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha islohotlar, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr almashildi.   

Mahallalar tom ma’noda madaniyat va ma’naviyat maskaniga aylanmog‘i lozim, buning uchun aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish zarur, dedi Prezidentimiz. Kitob insonga bilim beradi, uning ma’naviy olamini boyitadi, Vatanni sevishga o‘rgatadi.  

Tabassum mahallasidagi 27 ko‘p qavatli uyda 5 ming 300 dan ziyod turli millat vakillari istiqomat qiladi. Mahalla fuqarolar yig‘ini markazi binosida qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu yerda mahalla raisi, kotib va maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xizmat xonalari bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Sartaroshxona, "Go‘zallik saloni", savdo do‘koni, novvoyxona qurish rejalashtirilgan. Bu xalqimizga xos hamjihatlik, mehr-oqibat fazilatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yaqinda mahalla hududida bolalar maydonchasi, mini-futbol maydoni  qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu mahalla yoshlari uchun yana bir qulaylik bo‘ldi.

Har bir rahbar odamlarning dardiga quloq solishi, muammolarini hal qilishi, bir so‘z bilan aytganda, ularni rozi qilish tashvishi bilan ishlashi kerak, dedi davlatimiz rahbari. Shundagina ularning davlatga, kelajakka ishonchi ortadi. Mahallalarni obod qilish, xalqqa barcha qulay sharoitlarni yaratish bu borada muhim ahamiyatga ega.

Prezidentimiz mahalladagi ko‘p qavatli uylar, maktabgacha ta’lim muassasalari atrofini obodonlashtirish, yo‘laklarni ta’mirlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Ziyodulla Jonibekov, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
1 709






Все о погоде - Pogoda.uz