Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.04.2017 19:55 Chop etish versiyasi

Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyati tahliliy ko‘rib chiqildi

Joriy yilning 13-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbarlarining axboroti eshitildi.

Yig‘ilishda ta’kidlandiki, mamlakatimiz aholisiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shart-sharoitlar yaratish, respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining viloyat va tuman darajalaridagi tibbiyot muassasalari bilan kasalliklarni profilaktika, diagnostika qilish va davolash masalalaridagi o‘zaro vertikal aloqasini mustahkamlash vazifalari parlament va jamoatchilik nazoratining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya hamda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni eshitishdan avval deputatlar ushbu tibbiyot muassasalarining xizmat ko‘rsatish faoliyati va imkoniyatlarini, mavjud muammolar hamda aholining talab va ehtiyojlarini o‘rganib chiqdilar.

Majlisda alohida qayd etilganidek, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan har yili 10 ming nafardan ziyod xotin- qizlarga, shu jumladan, homilador ayollarga statsionar yordam ko‘rsatilmoqda. Xar yili 63 ming nafardan ziyod ayol ambulatoriya sharoitida malakali maslahat olmoqda. Mazkur markaz mutaxassislari tomonidan joriy yilda 37-marta joylarga chiqishlar tashkil etildi, ular doirasida 8142 nafar bemor malakali tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham har yili 8 mingdan ziyod bemor statsionar sharoitda davolanmoqda, 38 ming nafardan ortiq bemorga ambulatoriya sharoitida malakali maslahat berilgan. Ushbu markazda ham joylardagi faoliyatga e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yilda amalga oshirilgan 61 ta chiqishlar davomida 3116 nafar bemorda profilaktik ko‘riklar tashkil etildi.

Shu bilan birga, mazkur markazlar tomonidan tizimning holati, muammolari va uni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan qator yig‘ilishlarda davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarish yetarli darajada amalga oshirilmayapti.

Muhokama davomida mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishga asosiy e’tibor qaratildi. Xususan, markazlar hamda birlamchi tibbiyotning barcha bo‘g‘inlarida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishning keng qamrovli tizimi to‘liq tashkil etilmaganligi ta’kidlandi. Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanuvchilarning 70 foizi, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanuvchilarning 53 foizi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi fuqarolarga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, joylarda va markazlarning filiallarida zamonaviy kadrlarga bo‘lgan talab dolzarbligicha qolmoqda. Xodimlar malakasini doimiy ravishda oshirib borish maqsadida respublika hududlarida mahorat darslarini muntazam o‘tkazish va telemeditsina tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalanilmayapti. Oddiy kasallik tarixidan tortib murakkab operatsiyagacha bo‘lgan jarayon oralig‘ida bemorga tashxis qo‘yish va erta davolash ishlari uzoq muddatga cho‘zilib, ba’zida esa ortiqcha ovoragarchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Jarrohlik amaliyoti uchun zarur qo‘shimcha tibbiy ehtiyot qismlari xorijdan olib kelinayotganligi xarajatlarning oshishiga va bu esa odamlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

– O‘rganishlar natijasida aniqlandiki, mamlakatimiz hududlarida akusherlik, ginekologiya va endokrinologiya sohasidagi kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish hamda davolashda markazlarning rahbarlari va yetakchi mutaxassislari tomonidan yetarlicha amaliy yordam ko‘rsatilmayapti, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nuriya Aytjanova. – Chunonchi, joriy yilda Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan 89 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan bo‘lib, bu ko‘rikdan o‘tkazilgan bemorlar umumiy sonining 1 foizini tashkil etadi. Umuman, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishda sohaga oid qonun hujjatlari ijrosini muntazam nazorat qilib borish, aholi orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz lozim.

– Endokrin kasalliklarini davolash va oldini olishda mutaxassislardan katta tajriba hamda zamonaviy tashxislash usullari, ilg‘or tadqiqotlar talab etiladi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori Feruza Haydarova. – Bu, o‘z navbatida, malakali kadrlarga bo‘lgan talabni kuchaytiradi. Bugungi muhokamalarda ham ushbu masalalar deputatlar tomonidan tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi. Faoliyatni takomillashtirish yuzasidan aniq takliflar bildirildi. Bundan shu narsa ayon bo‘ladiki, kelajakda amalga oshiradigan ishlarimizni yanada takomillashtirish, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.

Amaliy muloqot tarzida o‘tgan majlisda ikkala markaz rahbarlari o‘z faoliyatlari yuzasidan taqdimot qildilar, aholining manfaatlarini inobatga olgan holda deputatlar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob qaytardilar.

Majlis yakunida deputatlar ushbu markazlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirdilar. Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Qonunchilik palatasining qarori qabul qilindi va uning ijrosi nazoratini muntazam olib borish hamda tahlilini yuritish kabi vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi
Axborot xizmati

375






Все о погоде - Pogoda.uz