O‘zA O`zbek

25.04.2019 Chop etish versiyasi

“Huawei” kompaniyasining Innovatsiyalar markazida hamkorlik masalalari muhokama qilindi

“Huawei” kompaniyasining Innovatsiyalar markazida hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Pekin, 25 aprel. OʻzA maxsus muxbiri Matnazar ELMURODOV xabar qiladi.

Xitoy Xalq Respublikasida amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 aprel kuni “Huawei” kompaniyasining Tadqiqotlar va innovatsiyalar markaziga tashrif buyurdi.

“Huawei Technologies” kompaniyasi telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida dunyodagi yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biridir. Bugungi kunda kompaniya 170 dan ortiq mamlakatda oʻz filiallariga ega hamda AQSHning telekommunikatsiya bozoridagi eng yirik ishlab chiqaruvchilari “HewlettPackard” (HP), “IBM”, “Cisco” kompaniyalari bilan raqobatlashadi. Kompaniya tizimida 180 mingdan ortiq xodim, jumladan, Xitoy, AQSH, Germaniya, Turkiya, Hindiston, Shvetsiya, Rossiya kabi davlatlardagi 20 ta ilmiy-tadqiqot markazida 80 mingga yaqin mutaxassis mehnat qiladi.

Innovatsion axborot mahsulotlari va yechimlari, maʼlumot uzatish tizimlari, optik qurilmalar, routerlar, tarmoq uskunalari, smartfonlar, planshetlar, kompyuterlar, maishiy elektr jihozlari ishlab chiqarish kompaniya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi.

Oʻzbekistonda “Huawei” kompaniyasi bilan birgalikda telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish, mobil aloqa operatorlari va provayderlari tarmoqlarini rivojlantirish, optik tolali aloqa liniyalari yordamida yuqori tezlikda maʼlumotlar uzatish texnologiyalarini ishga tushirish boʻyicha muhim loyihalar amalga oshirilgan.

Kompaniyaning Pekindagi Tadqiqotlar va innovatsiyalar markazi oliy martabali mehmonlar tashrif buyuradigan muhim obyekt boʻlib, bu yerda strategik yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik yuzasidan muzokaralar oʻtkaziladi. Markazda kompaniya strategiyasi, aloqa operatorlari va korporativ mijozlar uchun yechimlar, bulutli texnologiyalar, mahsulotlarning yangi avlodini yaratish ustida tadqiqotlar olib boriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev dastlab “Huawei” kompaniyasining eng soʻnggi texnologik yechimlari va mahsulotlari namunalari bilan tanishdi.

“Huawei Technologies” kompaniyasi asoschisi Jen Chjenfey bilan mamlakatimizda “Xavfsiz shahar”, “Elektron hukumat” va shoshilinch tibbiy yordam xizmatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Prezidentimiz kompaniyaning sunʼiy intellektga asoslangan aqlli texnologiyalariga yuqori baho berdi. “Huawei” bilan hamkorlikda mamlakatimizda amalga oshirilgan loyihalar, mutaxassislar tayyorlash masalalari bilan qiziqdi.

– Yangi texnologiyalarni jalb etishdan oldin ularni ishlatuvchi mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish juda muhim. Kompaniya bilan, avvalo, ushbu yoʻnalishda hamkorlik qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbekiston uchun “Huawei” kompaniyasi bilan hamkorlikda iqtisodiyotning turli sohalariga texnologik yangiliklarni olib kirish, mobil aloqa va maʼlumot uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, “Aqlli” va “Xavfsiz shahar” konsepsiyalarini joriy etish, shuningdek, sunʼiy intellekt tizimlaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.

Muzokara chogʻida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga “Oʻzmobayl” va “Ucell” aloqa operatorlari tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish doirasida Oʻzbekistonda “Huawei” kompaniyasining 5G texnologiyalarini joriy etishni tezlashtirish vazifasi qoʻyildi. Chekka hududlarda keng polosali internet tarmogʻiga ulanish va internet xizmatlari narxlarini tushirish boʻyicha simsiz texnologiyalarni joriy etish zarurligi qayd etildi.

Prezidentimiz “Huawei” kompaniyasi va Xitoyning yetakchi ishlab chiqaruvchilari hamda moliyaviy institutlari ishtirokida “Xavfsiz shahar” loyihasini jadallashtirish, shu bilan birga, “Aqlli shahar” tizimini joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish lozimligini taʼkidladi.

Kelgusida shoshilinch tibbiy yordam markazlari faoliyatini modernizatsiya qilish va aloqaning integratsiyalashgan tizimini joriy etishda “Huawei” tajribasi va texnologiyalaridan foydalanish yuzasidan fikr almashildi. Oʻzbekistonda kompaniyaning mutaxassislar tayyorlash oʻquv markazi filialini tashkil etish, kompaniya texnologiyalari va yechimlarini vazirlik va idoralarning ixtisoslashgan oʻquv muassasalariga jalb qilish, “Elektron hukumat” loyihasini amalga oshirish borasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Bugungi kunda “Xavfsiz shahar” konsepsiyasining birinchi bosqichini amalga oshirish uchun “Huawei” va “CITIC Guoan Information Technology” kompaniyalari bilan 300 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritish boʻyicha kelishuvga erishilgan. 2019-2020 yillarda investitsiya hajmi 1 milliard dollarga yetkaziladi. Bu mablagʻ elektron hukumat, raqamli iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, telemeditsina, IT-telefoniya kabi sohalarni rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.

Uchrashuv yakunida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.


2f57fb0d-a3ff-cf40-3d0f-be9880a55f84.jpg

f60ddff6-fac9-d3f1-4d30-d783c31a4538.jpg

146bc32d-1a9d-d421-484c-86b7094d7e6b.jpg

b5a60db0-fe42-6efe-0093-b61dd508912b.jpg

85bd7c18-c33e-31a8-ff17-7088160f2f8b.jpg

63bbe44d-c7d7-f16e-5313-a0b99dcb4b1d.jpg

109b86c8-7dcd-d09d-a387-b0f418a1a7ec.jpg

e4e0c13b-61c6-e011-afd6-3ed4aaa8c40c.jpg

34f16501-a0bf-8a59-5cd9-c9aca59e5fb7.jpg

1 695
O‘zA