Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.04.2017 22:27 Chop etish versiyasi

Erishilgan natijalar va kelgusi rejalar tahliliy muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va ilm-fan, yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari kompleksi sohalarining 2017-yilning birinchi choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va iqtisodiy islohotlarning bajarilishiga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda amalga oshirilgan ishlar natijalari va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Joriy yilning birinchi choragida kompleks bo‘yicha jami 1 trillion 637 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va xizmatlar ko‘rsatildi. 2016-yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur’ati 118 foizni tashkil etdi.

Kompleks sohalarida 30 million 800 ming dollarlik xizmatlar va mahsulotlar eksport qilindi. 59 million 300 ming dollarga teng investitsiyalar jalb qilindi va reja ko‘rsatkichi 175 foizga bajarildi.

Yig‘ilishda umumta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish sifatini tubdan oshirish, zamonaviy o‘quv rejalari va metodlarini joriy etish, o‘quvchilarga maxsus fanlar, mamlakatimiz va jahon sivilizatsiyasi tarixi, xorijiy tillar hamda zamonaviy komputer dasturlarini chuqur o‘rgatish, ta’lim muassasalaridagi pedagoglar va professor-o‘qituvchilar tarkibini yetarli pedagogik ish tajribasiga ega bo‘lgan, kasbiy tayyorlangan mutaxassislar bilan to‘ldirish, ularning malakasini oshirish borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Akademik va oliy o‘quv yurtlaridagi ilm-fanni yanada rivojlantirish, davlatning ehtiyojlari va uning maqsadli vazifalarini inobatga olgan holda ilmiy muassasalar moddiy-texnik bazasini ilg‘or xorijiy markazlar darajasida va olimlar talablariga muvofiq ravishda mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar xususida so‘z yuritildi.

Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan, har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, joylarda uyushmagan yoshlarning qiziqish va ehtiyojlarini muntazam o‘rganib borgan holda ularni foydali mehnatga jalb etishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Kompleks yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, muzeylarda Mustaqillik ekspozitsiyalarini tashkil etish, yoshlarni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, yoshlar ongiga Vatanga muhabbat tuyg‘usini yanada chuqurroq singdirish, muzeylar vositasida xalqimiz tarixining eng yorqin sahifalarini va hozirgi hayotini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini yoritib beradigan asarlar yaratishda ijod ahliga har tomonlama yordam ko‘rsatish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Kinematografiya obyektlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, milliy g‘oya va mafkuraga sodiqlik ruhida tarbiyalashda filmlarning rolini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar keng muhokama qilindi. Tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini izchil rivojlantirish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy hokimiyat organlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalarning borishi, komputer savodxonligi bo‘yicha xodimlar bilim darajasini oshirish natijalari singari masalalar tahlil qilindi.

Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish orqali kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hamda aholi duch kelayotgan byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, ularni axborot bilan ta’minlash tizimini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tahliliy maqolalar, ko‘rsatuvlar va eshittirishlarni bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarni kuchaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda 2017-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini to‘la amalga oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zA
2 465






Все о погоде - Pogoda.uz