Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.03.2017 20:21 Chop etish versiyasi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish janobi Oliylariga

Muhtaram janob Guterrish!

Sizni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi lavozimidagi mas’uliyatli faoliyatingizni muvaffaqiyatli boshlaganingiz bilan samimiy muborakbod etish hamda ushbu olijanob va jahon hamjamiyati uchun g‘oyat muhim bo‘lgan ishingizda yuksak omad tilash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

2-mart kuni biz hamkorligimizning muhim sanasi – O‘zbekiston Respublikasi BMTning to‘la huquqli a’zosi bo‘lganining 25-yilligini nishonlamoqdamiz. Ushbu tarixiy voqea O‘zbekiston mustaqil taraqqiyotida, milliy davlatchiligimiz va suverenitetimiz jahon miqyosida e’tirof etilishida eng muhim asoslardan biri bo‘ldi.

Ishonch bilan ayta olamanki, mustaqil O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida BMT nufuzini oshirish va salohiyatini mustahkamlashga, uning Nizomida belgilangan maqsad va vazifalarni ro‘yobga chiqarishga munosib hissa qo‘shdi.

Tashkilotga a’zo bo‘lish mamlakatimizga tinchlik, taraqqiyot va hamkorlik masalalarini global darajada ilgari surish, zamonamizning qator eng murakkab xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolarini hal qilish jarayonida faol ishtirok etish imkonini berdi.

O‘zbekiston 1993-yilda ilgari surgan va BMT ko‘magida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan Markaziy Osiyoda Yadro qurolidan xoli hudud barpo etish tashabbusi yadro qurolini tarqatmaslik tartibini ta’minlashga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shildi.

O‘zbekistonning Afg‘oniston mojarosiga siyosiy yo‘l bilan yechim topishga qaratilgan Afg‘oniston Islom Respublikasiga qurol-yarog‘ yetkazib berishga embargo joriy etish bo‘yicha 1995-yilda va “6+2” muloqot guruhini tuzish bo‘yicha 1997-yilda ilgari surgan amaliy takliflari juda qisqa muddatda yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlarning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan faoliyatini birlashtirishga xizmat qildi.

Bosh kotiblar janob Kofi Annanning 2002-yilda, janob Pan Gi Munning 2010 va 2015-yillarda O‘zbekistonga tashriflari Markaziy Osiyo mintaqasida taraqqiyotga erishish hamda mamlakatimiz va BMT o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini mustahkamlashga xizmat qildi. Janob Pan Gi Munning 2010-yilda Orolbo‘yida bo‘lgani Orol fojeasi va ekologik ofatga tutash mintaqalarga jahon hamjamiyatining e’tiborini kuchaytirishda muhim rol o‘ynadi.

Shu munosabat bilan Sizga va butun Tashkilotga BMT shafeligida Orol dengizi va Orolbo‘yi hududi bo‘yicha maxsus Trast jamg‘armasini tuzishga qaratilgan sa’y-harakatlar qat’iy qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildiraman. 2017-yil 10-fevralda BMTning “Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol dengizi fojeasidan zarar ko‘rgan aholining turmush sharoitini yaxshilash va mustahkamlash” dasturi amalga oshirila boshlangani bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Muhtaram janob Bosh kotib!

Bugun dunyo ijtimoiy-siyosiy sohalardan tortib ekologik muammolargacha qamrab olgan turli tahdid va xatarlar tobora ko‘payib borayotganiga duch kelmoqda. Jahon iqtisodiyotida kon’yunktura o‘zgarayotgan, globallashuv va raqobat kuchayib borayotgan bugungi sharoit barcha mamlakatlarning yanada barqaror va uyg‘un rivojlanishi uchun mutlaqo yangi g‘oya va prinsiplarni ishlab chiqish va amalga oshirishni talab etadi.

O‘zbekiston 2015-yil sentabr oyida BMT sammitida qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarini samarali amalga oshirishga doir global miqyosda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni ma’qullaydi va har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama va jadal yangilash uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda 2017-yil 7-fevral kuni 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlandi. Mazkur hujjatning asosini mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy-gumanitar isloh qilishning konseptual masalalari tashkil etadi.

Harakatlar strategiyasining asosiy qoidalari Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos ekanini alohida ta’kidlamoqchiman. Bu samarali hamkorligimiz uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilishiga ishonaman.

Siz bilan joriy yil sentabr oyida Nyu-Yorkda bo‘ladigan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida uchrashamiz, degan umiddaman.

Fursatdan foydalanib, Sizga, janob Guterrish, mustahkam sog‘lik, omad, mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Samimiy hurmat bilan,

Shavkat Mirziyoyev, 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

657






Все о погоде - Pogoda.uz