Siyosat

Hamkorlikda hikmat ko‘p

O‘zA, Sayyora Shoyeva, 27.01.2012 20:23

Prezidentimiz Islom Karimov 2011 yilning asosiy yakunlari va 2012 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida qishloq xo‘jaligida erishilayotgan yuqori natijalar bilan birga, fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va ularning mas’uliyatini yanada oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Fermer xo‘jaliklari uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan davra suhbatida shular xususida so‘z yuritildi. Fermerlik harakatini jamiyatdagi yetakchi kuchga aylantirishning dolzarb masalalari muhokama etilgan tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirliklar va idoralar, moliya muassasalari vakillari va fermerlar ishtirok etdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi raisi M.Teshaboyev, Fermer xo‘jaliklari uyushmasi raisi F.Berdiyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Dehqonlarimizning yerga, mulkka bo‘lgan munosabati o‘zgargani avvalo xalqimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

2011 yili fermer va dehqonlarimizning fidokorona mehnatlari tufayli 6,8 million tonna g‘alla, 3,5 million tonnaga yaqin paxta, 8,2 million tonnadan ortiq sabzavot va poliz, qariyb 3 million tonna bog‘dorchilik mahsulotlari yetishtirildi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining ma’ruzasida ta’kidlanganidek, bu sohada hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjud.

Bu boradagi ishlarni tashkil etishda jamoat tashkilotlari, jumladan, O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi ham faol ishtirok etmoqda. Prezidentimizning fermerlik harakatini yanada jadal rivojlantirish uchun tumanlarda fermerlar kengashi faoliyatini yo‘lga qo‘yish haqidagi tashabbusini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Bu qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash jarayonini jadallashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, yoshlarni, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashda fermer xo‘jaliklari ishtirokini kengaytirish ham dolzarb masalalardan. Joriy yilda “Bir fermerga – bir bitiruvchi” loyihasi asosida 66 mingdan ortiq fermer xo‘jaligiga kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini biriktirish, shu orqali ularni ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Agrar sohada amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar va islohotlar natijasida yangi huquqiy munosabatlar vujudga kelayotir. Fermerlarning huquqlarini himoya qilish, o‘z faoliyatiga innovatsion texnologiyalarni joriy etishiga har jihatdan ko‘maklashish doimiy e’tiborda.

Tadbirda fermer xo‘jaliklari bilan ta’minot, tayyorlov va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan tuzilgan shartnomalarning bajarilishi, bu boradagi mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi. Fermerlarning mas’uliyatini yanada oshirish, davlat ehtiyojlari uchun mahsulot yetishtirish bo‘yicha tuzilgan shartnoma majburiyatlarining to‘liq bajarilishiga erishishga oid aniq vazifalar belgilab olindi.

So‘nggi yangiliklar:

Sud-huquq islohotlari – mamlakatni yangilash va modernizatsiya qilish jarayonining tarkibiy qismi

Yaxshi qo‘shiq – ijodiy hamkorlik mevasi

Oliy sudda uchrashuv

“Nafis”ning nafosatli qizlari

Ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama