![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Ozodlik yo‘lida kurashganlar xotirasiga ehtiromO‘zA, 31.08.2010 18:55 Mustaqillik, tinchlik va taraqqiyot. Bu ulug‘ tushunchalar doimo bir-biri bilan yonma-yondir. Xalqimizning tarixiy yutug‘i – Vatanimiz mustaqilligining o‘n to‘qqiz yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda bu yana bir bor o‘z ifodasini topmoqda. O‘zbekiston erishayotgan betimsol yutuqlar, mamlakatimizdagi yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari, xalqimizning farovon turmush tarzi, osoyishta hayotimiz, voyaga yetayotgan barkamol avlod – mana shunday ulug‘ ne’matlarni in’om etgan istiqlol uchun qanchadan-qancha ajdodlarimiz kurashgan, shahid ketgan. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ulug‘ ajdodlarimiz xotirasini tiklash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish eng ezgu an’analardan biriga aylandi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan poytaxtimizning Bo‘zsuv sohilida bunyod etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui xalqimiz, millatimiz ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan, jonini fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasiga ko‘rsatilgan ulkan ehtiromning yorqin ifodasidir. 31 avgust mamlakatimizda Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlanadi. Mazkur majmua doim ziyoratchilar bilan gavjum. Bu maskan nafaqat shahidlar yodini ifoda etadi, balki bugungi avlodni tabarruk ona Vatanimizni, mustaqillikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga undaydi. Bu yerga ziyoratga kelgan inson osuda otayotgan tonglarga shukrona keltiradi, qalbida shu ozod va obod yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi jo‘sh uradi. 31 avgust tongida poytaxtimizdagi “Shahidlar xotirasi” xiyobonida xalqimizning ozodligi va mustaqilligi yo‘lida qurbon bo‘lgan insonlarni yod etish marosimi o‘tkazildi. Qur’on tilovat qilinib, qatag‘on qurbonlari ruhiga hurmat bajo keltirildi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi. Prezidentimiz O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rahbariyati, ulamolar, mahalla faollari va ziyolilar bilan suhbatlashdi. Davlatimiz rahbari yurtimizning o‘n to‘qqiz yillik mustaqil taraqqiyot yo‘lida erishilgan yutuqlar, mamlakatimiz hayoti, odamlarimiz turmush tarzi, ongu tafakkurida ro‘y bergan betimsol o‘zgarishlar, bugungi kunda jahondagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat haqida gapirdi. “Shahidlar xotirasi” majmuasining haqqoniy tariximizni tiklash, xalqimiz ma’naviyatini yanada yuksaltirishdagi ahamiyati, yosh avlod tarbiyasida tutgan o‘rni xususida to‘xtaldi. Biz uchun eng ulug‘, eng aziz qadriyat bo‘lmish mustaqilligimizning har bir sanasi yangi tariximiz solnomasida tom ma’noda yorqin sahifa bo‘lib muhrlanmoqda. Mana shunday dorilomon kunlarga yetish yo‘lida qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz kurashgan, hatto o‘z jonini ham ayamagan. Ma’naviyat va ma’rifat orqali ezgu maqsadlarni ilgari surgan ko‘plab vatandoshlarimiz qatag‘on qurbonlariga aylangan. Bu muqaddas maskan ana shunday insonlar xotirasini doimo yodda tutishga, yoshlarimiz ularning jasoratini teran anglashiga xizmat qilishi shubhasiz. Ayni paytda bugungi tinch-osuda hayotimiz, farovon kunlarimizning qadriga yetish haqida o‘ylashimiz tabiiy, albatta, deb ta’kidladi Yurtboshimiz. Shu kuni Prezidentimiz Islom Karimov Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar va jamoatchilik nomidan ham yodgorlik poyiga gulchambarlar qo‘yildi. So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |