![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot30.08.2010 00:14
Shu yil 28-29 avgust kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo‘ldilar. Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi. Senatorlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan parlament yuqori palatasiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinganligining o‘n to‘qqiz yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida“gi masalani ko‘rib chiqishdan boshladilar. Ushbu masala bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi. Mazkur masalani ko‘rib chiqish asnosida ta’kidlab o‘tilganidek, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinganligining o‘n to‘qqiz yilligi arafasida qabul qilinayotgan amnistiya akti insonparvarlikning yana bir yorqin dalili bo‘lib, unda inson huquqlari va manfaatlari davlatimizda amalga oshirilayotgan demokratik, ijtimoiy-siyosiy hamda sotsial-iqtisodiy islohotlarning oliy qadriyati, mazmun va mohiyatini tashkil etadi. Amnistiya aktida ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etganligi uchun hukm qilingan shaxslarni jazodan ozod qilish nazarda tutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarori bilan ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshga to‘lgan erkaklar, chet davlatlarning fuqarolari, ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslarni (nazarda tutilgan cheklashlarni hisobga olgan holda) jazodan ozod etish mo‘ljallangan, shu bilan bir qatorda Senat Qarorida jazodan ozod qilinadigan yana bir necha toifadagi shaxslar nazarda tutilgan, amnistiya akti tatbiq etilmaydigan shaxslar doirasi ham belgilab qo‘yilgan. Senat o‘z qarori bilan amnistiya to‘g‘risidagi qarorning qo‘llanish tartibini belgilab berdi, unda amnistiya bo‘yicha jazodan ozod etiladigan shaxslarga doir ishlar va materiallarning sudlar tomonidan ko‘rib chiqish tartib-taomili o‘rnatilmoqda. Shu bilan birga amnistiya aktining qo‘llanishida jamoatchilik nazorati va ochiq-oshkoralikni ta’minlash uchun senatorlar, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining deputatlari hamda Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili mintaqaviy vakillarining faol ishtirok etishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, jazodan ozod etilayotgan shaxslarning ijtimoiy ko‘nikmasi va himoyasiga qaratilgan choralar majmuini amalga oshirish, ularning to‘liq hisobga olinishini va ishga joylashtirilishini ta’minlash, yolg‘iz, yordamga muhtoj shaxslarni nogironlar va qariyalar uylariga joylashtirish, voyaga yetmaganlarni ota-onalarining, vasiylik va homiylik organlarining nazoratiga topshirish, zarur hollarda ularni tegishli ta’lim muassasalariga yuborish ko‘zda tutilmoqda. Shundan so‘ng senatorlar davlat qurilishi va boshqaruvi sohasini yanada takomillashtirishga, ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq sohalaridagi demokratik islohotlarni chuqurlashtirishga, shuningdek, ijtimoiy muammolarni samarali hal qilishga yo‘naltirilgan bir qator O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini ko‘rib chiqishga kirishdilar. Bunday qonunlar jumlasiga “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi asosida ishlab chiqilgan va qabul qilingan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni kiradi. Ushbu qonun hujjati bolalarni himoya qilishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar va muassasalarning, shuningdek, ota-onalarning, vasiylik va homiylik organlarining yosh avlod uchun mas’uliyatini oshirishga qaratilganligi ta’kidlandi. Qonunning alohida normalarida madaniyat va sport muassasalarining, turizm sohasi tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hamda nodavlat notijorat tashkilotlarning voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasida ishtirok etishi tartibga solinmoqda, ularni ijtimoiy-huquqiy va pedagogik reabilitatsiya qilish tartibi belgilanmoqda. Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 5 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida notariat institutini yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida“gi Farmoni asosida ishlab chiqilgan “Adliya organlari va muassasalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar. Qonun jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga da’vat etilganligi ko‘rsatib o‘tildi. Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, Fuqarolik, Fuqarolik protsessual, Oila, Soliq kodekslariga va bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, “Notariat to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasida notarial harakatlar O‘zbekiston Respublikasi nomidan davlat notarial idoralarida ishlaydigan notariuslar tomonidan amalga oshirilishi tartibi belgilanishini nazarda tutadi. Bu fuqarolarning qonuniy huquqlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga yordam beradi. Qonun, shuningdek, notariuslarga qo‘yiladigan malaka talablarini kuchaytirishni, notariusning malakasini majburiy oshirish tizimini joriy etishni, notarial idoralarning huquqiy maqomi va ular oldiga qo‘yiladigan talablarni belgilashni, fuqarolarning notarius oldiga kirishini ta’minlash choralarini nazarda tutadi. Yalpi majlisda “Sudlar, prokurorlar, tergovchilar va surishtiruv organlarining xorijiy davlatlar vakolatli organlari bilan o‘zaro hamkorligi tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi. Bunda senatorlar ushbu Qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston bilan xorijiy davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida jinoyat ishlari, shu jumladan ayblanuvchilarni ushlab berish va jinoiy ta’qib qilish, jinoyatlardan jabrlangan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam berish borasidagi hamkorlikning huquqiy mexanizmini takomillashtirishga yordam berishini ko‘rsatib o‘tdilar. Senatorlar Qonunni ma’qulladilar. Senatorlar “Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 30 dekabrdagi “Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan boshqa bir qator hujjatlar asosida ishlab chiqilganligi ta’kidlandi. Mazkur hujjatlarga muvofiq ilgari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimi zimmasida bo‘lgan vazifalar hamda pensiya ta’minotiga doir masalalarning butun majmui uchun, jumladan pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, xarajatlarni qoplash pullari va boshqa to‘lovlarni tayinlash, moliyalash, hisobga olish hamda to‘lanishini monitoring qilish uchun javobgar bo‘lgan tegishli tuzilmalar, shuningdek, vrachlik-mehnat ekspertizasi xizmatlari faoliyatini tashkil etish masalalari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tarkibidan olinib, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ixtiyoriga o‘tkazilgan. Shu munosabat bilan senatorlar tomonidan ma’qullangan Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida“gi, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida“gi, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va boshqa bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritildi. Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 fevraldagi “Monopoliyaga qarshi ishlarni tartibga solish va raqobatni rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 2 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida“gi Qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan “Monopoliyaga qarshi davlat organi qayta tashkil etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida ko‘rsatilgan Farmoniga muvofiq Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalari uyushmasi tashkil etilgan bo‘lib, uning vakolatlariga tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari kiritilgan. So‘zga chiqqan senatorlar ko‘rsatib o‘tganlaridek, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash vazifasining davlat organidan nodavlat tashkilotga o‘tkazilishi O‘zbekistonda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida katta ish olib borilayotganligining yorqin namunalaridan biridir. Shu munosabat bilan senatorlar tomonidan ma’qullangan Qonun O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida“gi, “Reklama to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi singari qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutmoqda. Senatorlar “Reklama to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1781-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, ushbu Qonun insofsiz va yashirin reklamani amalga oshirish hollarini aniqlash va ularga chek qo‘yish mexanizmlarini takomillashtirish, davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilishning normativ-huquqiy choralarini kuchaytirish, reklama materiallarini tarqatishda odob-axloqning umume’tirof etilgan normalariga rioya qilinishini ta’minlashga qaratilgan. Chunonchi, Qonunda tashqi reklamani joylashtirish tartibini buzganlik va reklama qilinishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan tovarlar (ishlar, xizmatlar) reklamasini tarqatganlik, tashqi reklamani joylashtirish tartibiga rioya qilmaganlik yoki aksilreklama berishdan bosh tortganlik hamda bir qator huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Senatorlar ushbu Qonunning qabul qilinishi barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga yordam berishini ta’kidladilar. Senatorlar Qonunni ma’qulladilar. Shundan so‘ng senatorlar “Pirotexnika buyumlari muomalasi tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Ushbu Qonun pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish ustidan samarali davlat nazoratini o‘rnatish, ularning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishi va ishlatilishining oldini olish, pirotexnika vositalarini namoyish etgan holda madaniy-tomosha tadbirlarini va boshqa tadbirlarni o‘tkazishda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, iste’molchilarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash maqsadida qabul qilinganligi ta’kidlandi. Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchalar pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik, tayyorlaganlik, saqlaganlik, tashiganlik, jo‘natganlik, ulardan foydalanganlik, xuddi, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirganlik (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqqanlik) yoki sotganlik uchun huquqbuzarlik buyumlarini musodara qilish bilan birga jinoiy va ma’muriy javobgarlik belgilamoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Parlament yuqori palatasining a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 8 yanvarda qabul qilingan “Respublika soliq organlari tizimini yanada modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi Qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan “Davlat soliq xizmati organlari tizimi yanada modernizatsiya qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar. Qonun soliq ma’muriyatchiligining shakllari, usullari va mexanizmlari, mamlakat soliq organlarining faoliyati yanada takomillashtirilishini ta’minlaydi. Ushbu Qonun bilan xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 38-moddasiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarini bozorlar, savdo komplekslari hududlarida va ularga tutash bo‘lgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida aniqlangan moliyaviy-iqtisodiy hamda soliq sohalaridagi huquqbuzarliklarga doir ishlar bo‘yicha surishtiruv organlari ro‘yxatiga kiritish bilan bog‘liq qo‘shimcha kiritilmoqda. «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ham tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Senatorlar garov bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarda kreditorlarning manfaatlarini muhofaza qilishga, shuningdek, qonun hujjatlarining ayrim normalarini bir-biriga muvofiqlashtirishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Garovga oluvchi garovga qo‘yilgan mol-mulk qiymatidan qanoatlantirishda boshqa kreditorlarga qaraganda imtiyozli huquqqa ega bo‘lishini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi va “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga tegishli o‘zgartishlar kiritildi. “Baholash faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqish chog‘ida Qonunning asosiy maqsadi baholash faoliyati to‘g‘risidagi amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ayrim qonun hujjatlarini “Baholash faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga moslashtirishdan iborat ekanligi ko‘rsatib o‘tildi. Kiritilayotgan o‘zgartishlar yagona huquqni qo‘llanish amaliyotini o‘rnatish maqsadida baholash faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini uyg‘unlashtirishni, tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solishning yaxlitligi va tizimliligiga erishishni nazarda tutadi. Senatorlar Qonunni ma’qulladilar. Majlisda kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi. “O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy-hududiy tuzilish, toponimik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan hamda jamoatchilik fikrini hisobga olib, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan kiritilgan “Toshkent viloyatining Zangiota va Toshkent tumanlarini birlashtirish hamda Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray tumanlari va Toshkent shahrining Hamza tumani hududlarini qisman o‘zgartirish to‘g‘risida“gi va “Farg‘ona viloyati Oxunboboyev tumanining nomini o‘zgartirish to‘g‘risida“gi masalalarni ko‘rib chiqdilar. So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy cudi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqdilar. Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Ikki kunlik yalpi majlis mobaynida o‘n to‘qqizta masala, shu jumladan o‘n ikkita qonun ko‘rib chiqildi. Ularning amalga oshirilishi demokratik, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishda, xalq farovonligini oshirishda muhim omil bo‘ladi. Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini tamomladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Matbuot xizmati So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |