![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Xolger Frayder: "Germaniyada O‘zbekistonga, o‘zbek xalqining boy madaniyatiga qiziqish juda katta"O‘zA, I.Umarova, 27.08.2010 18:55 Davlatimiz mustaqilligining 19 yilligi arafasida O‘zA muxbiri Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Muvaqqat ishlar vakili Xolger Frayder bilan suhbatlashdi. – Avvalo, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar rivoji haqidagi fikringizni bilmoqchi edik. – Germaniya bilan O‘zbekiston o‘rtasida mustahkam siyosiy aloqalar, barcha jihatlarni qamrab oluvchi do‘stona muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Turli darajadagi ko‘plab ikki tomonlama tashriflar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Xususan, so‘nggi vaqtlarda Germaniya tashqi ishlar vaziri Gido Vestervelle ikki marta O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Germaniya O‘zbekistonning mamlakatni yanada demokratlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ayniqsa, sud-huquq sohasidagi o‘zgarishlarni eng muhim islohotlardan biri sifatida qayd etish mumkin. Taraqqiyot yo‘lidagi izchil islohotlarni amalga oshirishda, xususan, jamiyatni demokratlashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini rivojlantirishda Germaniya O‘zbekiston bilan Konrad Adenauer va Fridrix Ebert jamg‘armalari kabi tashkilotlar orqali ham hamkorlik qilib kelmoqda. – O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar haqida nima deya olasiz? – O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida muntazam madaniy aloqalar qaror topgan. O‘zbekistonda nemis tilini o‘rganuvchilar ko‘p ekani bizni quvontiradi. Bu yurtingizda Germaniyaga qiziqish katta ekanidan dalolatdir. Germaniyada ham O‘zbekistonga, o‘zbek xalqining boy madaniyatiga qiziqish juda katta. O‘zbekistonning boy madaniy merosi nemis sayyohlarini yildan-yil tobora ko‘proq jalb qilmoqda. – O‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda qaysi jihatlarga ustuvor e’tibor qaratish lozim, deb hisoblaysiz? – Men uchun Germaniya Federativ Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish birlamchi vazifa hisoblanadi. Buning uchun barcha jabhalarda muloqotlarni izchil davom ettirish zarur. Ikki tomonda ham hamkorlikni rivojlantirish borasida hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Ayniqsa, o‘zaro iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish va mustahkamlash uchun ishbilarmon doiralarning bevosita aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadga muvofiqdir. – O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni ta’minlash borasidagi ishlar haqida nima deya olasiz? – O‘zbekistonda turli millat va elatlar vakillari tinch-osoyishta, farovon hayot kechirmoqda. Ularning aksariyati o‘z milliy-madaniy markazlarini tashkil etgan. Yurtingizda nemis millatiga mansub fuqarolarning madaniyat markazi va uning viloyatlardagi filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu nemis millatiga mansub fuqarolarning milliy o‘zligini, madaniyati va urf-odatlarini saqlashga xizmat qilyapti. Nemis tili kurslari faoliyat yuritmoqda, turli madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda. Bunday tadbirlar millatlararo birdamlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘layotir. Yurtingizda istiqomat qilayotgan nemis millatiga mansub fuqarolar O‘zbekiston ravnaqiga munosib hissa qo‘shib, jamiyatda o‘ziga xos hurmat va e’tibor qozonmoqda. Aytish joizki, buning negizida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida barcha millat va elatlarning teng huquqliligi belgilab qo‘yilgani, yurtingizdagi bag‘rikenglik, millatlar va konfessiyalararo totuvlik mujassamdir. – Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari haqidagi fikringiz… – Xalqingizning bunyodkorlik salohiyoti birgina Toshkentdagi keng ko‘lamli yangilanish ishlarida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu ezgu ishlar poytaxtingiz ko‘rkini boyitmoqda. “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi va o‘zgacha qiyofa kasb etgan Amir Temur xiyobonini alohida ta’kidlashni istardim. Toshkentda va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida jamoat transporti modernizatsiya qilinmoqda, ko‘chalarda yangi-yangi rusumdagi avtomobillar ko‘paymoqda, yo‘llarda harakat xavfsizligi oshmoqda. “Mersedes” rusumli zamonaviy avtobuslar O‘zbekistonda yo‘lovchilar eng ko‘p ishtiyoq bildirgan transport vositalaridan biriga aylangani bizni quvontiradi. O‘zbekistonda infratuzilmani takomillashtirishga Germaniya ham o‘z hissasini qo‘shyapti. Jumladan, yaqinda nihoyasiga yetgan “To‘qimachi-Angren” temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish loyihasini moliyalashtirishda Germaniya Taraqqiyot banki ishtirok etdi. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini eng ulug‘ ayyom – Mustaqillik bayrami bilan chin yurakdan tabriklayman. Xalqingizga tinchlik-farovonlik, baxt-saodat, mamlakatingizga yanada yuksak taraqqiyot tilayman. So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |