Siyosat

Muhammad Abdulqodir Al-Hashshob: “O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror rivojlanmoqda”

O‘zA, Nodira Manzurova, 27.08.2010 12:25

Vatanimiz mustaqilligining 19 yilligi arafasida O‘zA muxbiri Misr Arab Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Abdulqodir Al-Hashshob bilan suhbatlashdi.

– Elchi janoblari, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini qanday baholaysiz?

– O‘zbekiston va Misr xalqlari o‘rtasidagi aloqalar tarixi uzoq asrlarga borib taqaladi. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda izchil taraqqiy etmoqda. Bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir. Xususan, O‘zbekiston rahbarining 2007 yilning aprel oyida Misrga rasmiy tashrifi o‘zaro munosabatlarni yangi pog‘onaga olib chiqdi. Ushbu tashrif asnosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Husniy Muborak o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Uchrashuvlar yakunida imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz taraqqiyoti va xalqlarimiz manfaatiga xizmat qilayotir.

Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda mamlakatlarimiz rahbarlarining ko‘p jihatdan hamfikrligi, ular o‘rtasida o‘zaro hurmat, ishonch va do‘stona munosabatlar qaror topgani muhim ahamiyat kasb etyapti. Biz iqtisodiyot, ta’lim, sayyohlik, aviatashuvga oid hamda tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirishga qaratilgan qator qo‘shma loyihalar ustida ish olib bormoqdamiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlari bundan keyin ham izchil rivojlanib boraveradi, deyish uchun barcha asoslar bor.

– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalar istiqboli haqida nima deya olasiz?

– Madaniyat va ta’lim sohasidagi aloqalarimiz mamlakatlarimiz tarixi kabi qadimiydir. Misrda dunyoviy fanlarning shakllanish va rivojlanishiga Ahmad al-Farg‘oniy, Mahmud az-Zamaxshariy kabi buyuk o‘zbek mutafakkirlari beqiyos hissa qo‘shgan. Ahmad al-Farg‘oniy o‘n ikki asr muqaddam bunyod etgan “Miqyosi Nil”dan hozir ham foydalanamiz. Prezident Islom Karimovning Misrga rasmiy tashrifi asnosida Nil daryosidagi Roda orolida ikki mamlakat xalqlarining ko‘p asrlik ilmiy-madaniy aloqalari timsoli sifatida Ahmad al-Farg‘oniy haykali ochilgani tarixiy voqea bo‘ldi.

Misrning Toshkentdagi elchixonasi huzurida fan va ta’lim markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Markazda arab tilini o‘rgatish keng yo‘lga qo‘yilgan. Markaz turli ko‘rgazmalar tashkil etish orqali ham madaniy aloqalarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Jahon san’atkorlarini bir joyga to‘playdigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida misrlik sozanda va xonandalarning ishtiroki an’anaga aylangan. Bu xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona rishtalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotir.

– Diplomatlik faoliyatingiz davomida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish borasida qaysi jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratish niyatidasiz?

– Hamkorlikni rivojlantirish borasida mamlakatlarimiz juda katta imkoniyatlarga ega. O‘zbekiston bilan Misr o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida jadal rivojlanmoqda.

Mamlakatingizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi yutuqlar tahsinga loyiq. Misrda O‘zbekistonga sarmoya kiritishga katta qiziqish bildirayotgan ishbilarmonlar soni tobora ortmoqda. Yurtingizda misrlik tadbirkorlar e’tiborini tortadigan sohalar ko‘p. Biz, ayniqsa, energetika, farmatsevtika, ko‘nchilik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz.

O‘zbekiston ham, Misr ham qadimiy sivilizatsiyalar beshigi hisoblanadi. Misrliklarda Samarqand va Buxoro kabi shaharlarni, jahonga mashhur tarixiy obidalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish ishtiyoqi katta. Biz iqtisodiyotning turli sohalarida ikki tomonlama hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish tarafdorimiz.

– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida fikringiz?

– O‘zbekiston – boy madaniy merosga ega mamlakat. Yurtingizdagi tarixiy obidalar, maqbara va masjidlar, ko‘rkam va zamonaviy inshootlar, muzey va galereyalar kishida unutilmas taassurot qoldiradi.

Mamlakatingizga kelgan har bir mehmon uning go‘zal maskanlaridan, o‘zbek xalqining urf-odatlari, an’ana va qadriyatlaridan, mehmondo‘stligidan hayratlanishiga shubha yo‘q. Ayniqsa, Toshkentda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari tahsinga sazovor. O‘zbekiston poytaxti qadimiy, ayni paytda juda go‘zal zamonaviy shahardir. Bularning barchasi xalqingizning yuksak salohiyati, tafakkur qudrati, bunyodkorlik dahosi, iste’dod va mahoratining namoyonidir.

– O‘zbekistonning tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari va tashabbuslari haqida fikringizni bilmoqchi edik.

– O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng nufuzli davlatlardandir. Uning milliy va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari butun mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston – iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan mamlakat. Bu jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan haqiqat. Yurtingizda fuqarolik jamiyati barpo etish, jamiyatni demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiyalash va islohotlarni chuqurlashtirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlardan o‘rnak olsa arziydi. O‘zbekistonda istiqlol yillarida demokratiya, diniy bag‘rikenglik, ijtimoiy adolat, insonparvarlikni qaror toptirish, tinchlik, do‘stlik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilganining guvohi bo‘ldim.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Istiqlol bayrami bilan chin dildan muborakbod etaman. El-yurtingiz omonu farovon, osmoningiz doimo musaffo bo‘lsin!

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama