![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Izchil islohotlarning amaliy natijalariO'zA, Vohid Luqmonov, Olim To'raqulov, Erkin Yodgorov, 19.06.2010 01:31
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 18 iyun kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi. Biz dunyo tamadduniga o’zining boy tafakkuri va ma’naviyati bilan ulkan hissa qo’shgan, insoniyat tarixida o’chmas iz qoldirgan buyuk ajdodlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ularning madaniy-ma’naviy, ilmiy merosini o’rganish, asrab-avaylash va boyitish kelgusi avlodlar oldidagi burchimizdir. Barcha sohalar qatori ma’naviy-ma’rifiy jabhada olib borilayotgan keng ko’lamli ishlar zamirida ham ana shu ezgu maqsad mujassam. Muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish, ulug’ bobokalonlarimiz qoldirgan ma’naviy merosni chuqur o’rganish, yoshlarni milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Islom Karimov Buxoro viloyatiga safarini Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasini ziyorat qilishdan boshladi. Yurtboshimizning tashabbusi va rahnamoligida buyuk bobomiz mangu qo’nim topgan makon mutlaqo yangicha qiyofaga ega bo’ldi. Bog’-rog’lar barpo etildi, ziyoratchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. – Bahouddin Naqshband kabi buyuk ajdodlarimiz xotirasini e’zozlash, ular qoldirgan merosni o’rganish xalqimiz ma’naviy olamini boyitishda muhim o’rin tutadi, – dedi Islom Karimov. – Ushbu muqaddas qadamjoni ziyorat qilgan har bir kishi ruhan poklangandek bo’ladi. Bunday muborak joylarga tez-tez kelib turish, ziyorat qilish, Yaratgandan yurtimizga, elimizga, farzandlarimizga tinchlik-omonlik, fayzu baraka tilash har birimiz uchun farzdir. Mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan izchil islohotlar aholining turmush farovonligini yuksaltirishga, yosh avlodning har tomonlama sog’lom kamol topishiga xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Inqirozga qarshi choralar dasturi ham ayni maqsadga yo’naltirilgan bo’lib, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror o’sish sur’atlarini ta’minlashda muhim omil bo’lmoqda. Buning amaliy natijalarini Buxoro viloyati misolida ham ko’rish mumkin. Viloyatda joriy yilning birinchi choragida yalpi hududiy mahsulot hajmi 5,1 foizga oshdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan tashkiliy-huquqiy shart-sharoit o’z samarasini bermoqda. Davlatimiz rahbari Vobkent tumanidagi “Muzaffar Zayniddinov” fermer xo’jaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shu kunlarda yurtimizda g’alla o’rim-yig’imi qizg’in davom etmoqda. Mirishkorlarimizning peshona teri evaziga yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan, qisqa fursatlarda yig’ib olish uchun barcha choralar ko’rilayotir. Yurtimizda fermerlik harakatining har tomonlama qo’llab-quvvatlanayotgani tufayli fermerlar nafaqat iqtisodiyotimiz tayanchiga, balki qishloqda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarning faol ishtirokchisiga ham aylanmoqda. Hozirgi kunda Buxoro viloyatida 5 mingga yaqin fermar xo’jaligi faoliyat yuritmoqda. Viloyat dehqonlari bu yil 380 ming tonna g’alla yetishtirishni mo’ljallamoqda. Viloyat fermerlari 110 ming gektardan ziyod maydonda g’o’zaning “Buxoro-6”, “Buxoro-8”, “Buxoro-12” navlarini parvarishlamoqda. Bo’lg’usi hosil taqdirida muhim bo’lgan ayni pallada dehqonlar g’o’zani qondirib sug’orish, qator oralariga ishlov berish singari agrotexnik tadbirlarni o’z vaqtida sifatli amalga oshirmoqda. Prezidentimiz “Muzaffar Zayniddinov” fermer xo’jaligida bir guruh fermerlar va viloyat faollari bilan muloqot chog’ida shahar va qishloqlarimizni zamonaviy me’morlik talablari asosida qurish, ularning qiyofasini tubdan o’zgartirish, infratuzilmalarni rivojlantirish, qishloq ahlining turmush farovonligini yanada oshirish, fermerlarga o’z faoliyatini kengaytirishi, qishloqqa sanoatni olib kirishi, yangi ish o’rinlari tashkil etishiga ko’maklashish maqsadida yanada keng imkoniyatlar yaratish haqida atroflicha suhbatlashdi. Yurtboshimiz qishloq xo’jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, fermerlik harakatining samaralarini Buxoro viloyati misolida ham ko’rish mumkinligini ta’kidlar ekan, fidokorona mehnat qilib, o’z ro’zg’orini va el-yurt dasturxonini to’kin qilayotgan fermerlar faoliyatiga yuksak baho berdi. – Biz istiqlolning dastlabki yillaridanoq o’z oldimizga g’alla mustaqilligiga erishishni bosh maqsad qilib qo’ygan edik. Qishloq xo’jaligi sohasida amalga oshirilgan keng ko’lamli izchil islohotlar natijasida qisqa davrda vaziyat butunlay o’zgardi. Tabiat injiqliklariga qaramay, o’tgan yili dehqonlarimiz mamlakatimiz g’allachiligi tarixida eng yuqori natijaga erishib, 7 million tonnadan ziyod don yetishtirdi. Yaqin o’tmishda o’z ehtiyoji uchun chetdan bug’doy olgan O’zbekiston endi g’allani eksportga chiqarmoqda. O’tgan yili 800 ming tonna g’alla eksport qilindi, – dedi Islom Karimov. Davlatimiz rahbari fermerlar bilan suhbatda ularning turmush sharoiti, kelgusi rejalari bilan qiziqdi. – Fermer xo’jaligimiz 2007 yilda tashkil etilgan, – dedi “Muzaffar Zayniddinov” fermer xo’jaligi rahbari Bahodir G’afforov. – 42,3 gektar yerimizning 18 gektariga g’alla ekkanmiz. Hosildorlikni 80 sentnerga yetkazmoqchimiz. Hosilning 60 foizi xo’jaligimiz ixtiyorida qoladi. Fermerlarga yaratib berilgan keng imkoniyatlar yutuqlarimizning bosh omili bo’lmoqda. Ma’lumki, mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati yil sayin yuksalib bormoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlarimizning muvaffaqiyati ko’p jihatdan yuqori malakali kadrlarga bog’liq. Prezidentimiz yoshlarimizning qiziqish va intilishlarini har jihatdan qo’llab-quvvatlash doimiy e’tiborimizda bo’lishi lozimligini alohida ta’kidladi. O’z oldimizga kelajagi buyuk davlat barpo etishni oliy maqsad qilib qo’ygan ekanmiz, yosh avlodning talab va ehtiyojlarini inobatga olishimiz darkor. Shu jihatdan Prezidentimiz Buxoro davlat universitetining gidro-melioratsiya fakulteti faoliyatini yanada takomillashtirish, bu borada mamlakatimizda to’plangan boy tajribadan unumli foydalanish, yuksak bilim va malakali mutaxassislar tayyorlash orqali viloyatga xos bo’lgan yerlarning sho’rlanishi bilan bog’liq muammolarni hal etishga e’tiborni qaratdi. Davlatimiz rahbari mavjud yer maydonlaridan oqilona foydalanish, ekinlarning hosildorligini oshirib borish, tuproq va iqlim sharoitimizga mos serhosil, ertapishar ekin navlarini yaratish muhim vazifalardan biri ekanini qayd etdi. Qishloqda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, kasanachilikni, servis va xizmat ko’rsatish sohalarini rivojlantirish asosida qishloq ahlining turmush farovonligini yuksaltirish, real daromadini ko’paytirish, yetishtirilayotgan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini zamonaviy texnologiyalar negizida qayta ishlashni kengaytirish alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur vazifalarning bajarilishi aholining bandlik darajasini oshirishga, kasb-hunar kollejlari va oliy o’quv yurtlarini bitirib chiqayotgan yoshlarni ish bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Yurtboshimiz yoshlarni, xususan, qizlarni mustaqil hayotga tayyorlash, ularning muayyan kasb-hunar egasi bo’lib jamiyatda o’z o’rnini topishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berish lozimligini ta’kidladi. Suhbat asnosida Prezidentimiz so’nggi kunlarda Qirg’izistonning O’sh shahri va Jalolobod viloyatida yuz bergan voqealarga ham to’xtalib o’tdi. – Bu voqealar haqida gapirishning o’zi og’ir. Begunoh odamlarni, bolalarni, homilador ayollarni o’ldirish – bu vahshiylikdan boshqa narsa emas, – dedi Islom Karimov. – Bunday qonli jinoyatlarning tagiga yetilishiga, ularga qonuniy baho berilishiga ishonaman. Men ilgari ham aytgan edim – bugungi kunda o’zining qadr-qimmati, g’urur va iftixorini saqlab, o’z kuchi va qudratiga ishongan, o’z mehnati va aql-zakovati bilan o’z kelajagini qurish, o’z yurtini himoya qilishga qodir bo’lgan davlat va jamiyatnigina dunyo ahli tan oladi va hurmat qiladi. O’z kuchiga ishongan, kelajagi buyuk xalqning bag’ri keng bo’ladi. Xalqimiz doimo boshqalarga bag’rini ochib, hamdard bo’lib kelgan. Fojianing sabablari haqida gapirganda, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari, men qonga – qon, jonga – jon, degan qarashga qarshiman. Nafaqat qarshiman, balki shunday fikr bilan yuradiganlarni xalqimizning dushmani, deb bilaman. Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni asrash, qadriga yetish kerak. Men xalqimizni og’ir-vazmin bo’lishga, yetti o’lchab bir kesish kerak, degan naqlga hamisha amal qilishga yana bir bor da’vat etaman. Chunki jaholat hech qachon yaxshilikka olib kelmagan. Qiziqqonlik, johillik oqibatida bu go’zal hayotni bir lahzada yo’qotish mumkinligini sira unutmaslik lozim. Tinchlik va osoyishtalik yo’q joyda baraka bo’lmaydi. Shuning uchun xalqimiz har doim, bizga tinchlik kerak, deydi. To’y-hasham, ma’raka-marosimlarda tinchlik-osoyishtalik, omonlik bo’lsin, barakamizni bersin, osmonimiz musaffo bo’lsin, deb duo qiladi. Bugungi murakkab davrda ogohlik, sezgirlik, hushyorlik har qachongidan ko’ra muhim. Chunki uzoq va yaqin mamlakatlarda o’zini bizga do’st sifatida ko’rsatadiganlar ham yo’q emas. Qirg’izistondagi voqealarga munosabat masalasida ham shunday holatlarni kuzatish mumkin. Ularning fikricha, bu voqealarning tub sabablarini qidirish shart emas. Go’yo bu o’zbek va qirg’iz etnik guruhlari o’rtasidagi qarama-qarshilik emish. Men bunday fikrlarga mutlaqo qarshiman, deb ta’kidladi Islom Karimov. O’zbek ham, qirg’iz ham bunga aybdor emas. Bu chetdan turib uyushtirilgan, boshqarilgan qo’poruvchilik harakatidir. Bu qo’poruvchilikni uyushtirgan kuchlarning niyati O’zbekistonni ham bu qarama-qarshilikka tortishdan iborat bo’lgan. Biz buyuk xalqmiz, asrlar davomida yonma-yon yashab kelgan qirg’iz xalqi bilan til topishga, muammolarni o’zimiz yechishga qodirmiz, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari. So‘nggi yangiliklar: To‘kinlik, farovonlik va baraka omili Xolisona tahlil va tanqid ruhida |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |