Siyosat

Bolalar sporti: asosiy maqsad – sog‘lom avlodni voyaga yetkazish

12.03.2010 00:10

Avval xabar qilinganidek, Prezident Islom Karimov raisligida 10 mart kuni Oqsaroyda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur kengash a’zolari, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning Davlat maslahatchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, Prezident devoni va Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan avval barpo etilgan bolalar sporti obyektlarining hozirgi holati haqidagi, 2010 yilda bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari, bolalar musiqa va san’at maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash Dasturi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Quyida Homiylik kengashi yig‘ilishining bayoni e’lon qilinmoqda.

1. Homiylik kengashi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Oripovning O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan avval barpo etilgan bolalar sporti obyektlarining hozirgi holatini o‘rganish natijalari to‘g‘risidagi axborotini tinglab va tanqidiy muhokama qilib, tayyorlangan materiallarni qayta ishlash haqida qaror qabul qildi.

Komissiya (A.Oripov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda ikki hafta muddatda joylarga chiqib, bolalar sporti obyektlaridan foydalanish samaradorligini yana bir bor tanqidiy tahlil qilsin. Bunda bolalar sporti obyektlarining faoliyat ko‘rsatish samaradorligini baholashning quyidagi mezonlarini aniqlashga alohida e’tibor qaratsin:

sport bilan ommaviy shug‘ullanish – bolalar va o‘smirlarning sport bilan muntazam shug‘ullanish qamrovi darajasini oshirish. Bunda umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari (kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar) o‘quvchilarining umumiy soni asos qilib olinsin;

o‘rnatilgan normativlardan kelib chiqib, bolalar sporti obyektlarining sport uskunalari va inventarlari bilan jihozlanish darajasi;

bolalar sporti obyektlarining tasdiqlangan normativlarga muvofiq, yuqori malakali, professional darajada tayyorlangan murabbiylar va ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, jumladan, xotin-qiz murabbiylar bilan to‘ldirilgani;

sport obyektlaridan foydalanish darajasi – bir kun va hafta davomida turli sport turlari bilan muntazam shug‘ullanish soatlari, o‘tkazilgan sport tadbirlari soni va boshqalar;

sport bilan shug‘ullanish samaradorligi – respublika va xalqaro musobaqalarda 19 yoshgacha bo‘lgan sportchi bolalar va yoshlardan sovrindorlar soni.

Komissiya o‘tkazilgan tahlil natijalari bo‘yicha, ularni tanqidiy baholash bilan birga, bolalar sporti obyektlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish, mazkur inshootlarni tasdiqlangan normativlarga muvofiq zamonaviy sport uskunalari va inventarlari bilan jihozlash, yuqori malakali murabbiy kadrlar bilan ta’minlashga doir aniq takliflar kiritsin.

2. Vazirlar Mahkamasi (SH.Mirziyoyev):

bir oy muddatda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qurilgan, alohida joylashgan 178 namunaviy bolalar sporti obyektlarining balans egalarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taklif kiritsin va bundan keyin ularni talab darajasida saqlash va ulardan samarali foydalanishni nazarda tutsin;

alohida joylashgan har bir bolalar sporti obyektini talab darajasida saqlash va ulardan samarali foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirsin.

Alohida joylashgan sport inshootlaridan samarali foydalanmaslik respublika va viloyatlar sport federatsiyalari faoliyati qoniqarsiz ekanini belgilovchi ko‘rsatkich hisoblansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va boshqa manfaatdor idora hamda tuzilmalar bilan birgalikda ikki hafta muddatda xotin-qiz murabbiylarning bazaviy oylik maoshiga 15 foiz miqdorida qo‘shimcha haq belgilash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi (S.Bekenov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (B.Xodiyev), Madaniyat va sport ishlari vazirligi (A.Jabborov), Xalq ta’limi vazirligi (A.Marahimov) 2010/2011 o‘quv yilida oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish rejasini shakllantirishda xotin-qizlardan yuqori malakali murabbiylar va jismoniy tarbiya o‘qituvchilari tayyorlashni kengaytirishni nazarda tutsin.

5. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Ikromov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda viloyatlar, shahar va tumanlar kesimida bolalarning sport bilan shug‘ullanishi ularning jismoniy holatiga, kasallanishining kamayishiga ta’sir etish ko‘rsatkichlari bo‘yicha monitoring tizimini ishlab chiqsin va joriy etsin, shu asosda sportning muayyan turlari bilan shug‘ullanishni kengaytirish va sport mashg‘ulotlarining og‘irlik darajasi bo‘yicha asoslangan tavsiyalar tayyorlasin.

6. Iqtisodiyot vazirligi (S.Bekenov), Xalq ta’limi vazirligi (A.Marahimov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Ikromov), «O‘zstandart» agentligi (A.Abduvaliyev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

respublikada bolalar sporti obyektlarining futbol, voleybol, basketbol, gandbol va tennis to‘plariga bo‘lgan ehtiyojlarini yanada to‘liq ta’minlash uchun ularni ishlab chiqarishni 2010 yilning 1 sentabrigacha yo‘lga qo‘yish;

mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sport inventarlarini chakana savdo tarmoqlari orqali aholiga sotishni tashkil etish;

ishlab chiqarilayotgan sport tovarlari, jumladan, ularni ishlab chiqarishda foydalanilayotgan materiallar va butlovchi qismlar sifati, ularning sanitariya normalari va xalqaro standartlarga muvofiqligi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni qabul qilsin.

7. Milliy teleradiokompaniya (A.Xadjayev), O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (B.Alimov), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (M.Hazratqulov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda bolalar sportini rivojlantirishning o‘rni va ahamiyatini, O‘zbekiston yoshlarining sportdagi yutuqlarini, bolalarning musiqa va san’at bilan shug‘ullanishini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Xo‘jayevning 2010 yilda bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari, bolalar musiqa va san’at maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash Dasturi to‘g‘risidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.Mirziyoyev, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori A.Ochilovning 2010 yilga mo‘ljallangan bolalar sporti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha aniq manzilli dasturlarga kiritilgan hamda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladigan bolalar sporti obyektlari qurilishini moliyalash joriy yilning 20 martiga qadar boshlanishi to‘g‘risidagi axboroti qabul qilinsin.

10. Vazirlar Mahkamasi uch kun muddatda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan ajratiladigan mablag‘larni umumta’lim maktablarida barpo etiladigan sport zallari qurilishiga hamda alohida joylashgan yangi bolalar sporti obyektlari sonini optimallashtirishga ustuvor tarzda yo‘naltirish maqsadida 2010 yilga mo‘ljallangan bolalar sporti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha aniq manzilli dasturlarga kiritilgan bolalar sporti obyektlari ro‘yxatini viloyatlar kesimida yana bir bor tanqidiy ko‘rib chiqsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (R.Azimov):

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining daromadlari va xarajatlarining g‘aznachilik ijrosi mexanizmini 2010 yilning II choragidan joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlasin;

2010 yilning har bir choragi yakuni bo‘yicha Moliya vazirligining Bosh nazorat-taftish boshqarmasi tomonidan Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hududiy filiallarining bolalar sporti inshootlari obyektlari qurilishiga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanishi va xarajatlar smetasiga rioya qilishini tekshirishni amalga oshirsin va ularning natijalari bo‘yicha jamg‘armaning Homiylik kengashiga axborot taqdim etsin.

12. Vazirlar Mahkamasi (SH.Mirziyoyev), Madaniyat va sport ishlari vazirligi (A.Jabborov), Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi (A.Ochilov), Milliy teleradiokompaniya (A.Xadjayev), O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (B.Alimov), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (M.Hazratqulov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining 2010 yilga mo‘ljallangan dasturida chuqur ma’no-mazmun mujassamligiga, ya’ni bolalar sporti obyektlarini qurish bilan birga bolalar musiqa va san’at maktablari qurilishi va ularni rekonstruksiya qilishga ajratiladigan mablag‘larni sezilarli darajada ko‘paytirish ko‘zda tutilganiga, chunki barkamol avlodni tarbiyalashda ushbu yo‘nalishlar bir-biri bilan uzviy va chambarchas bog‘liq ekaniga alohida e’tibor qaratsin.

Vazirlar Mahkamasi (SH.Mirziyoyev), Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi (B.Xo‘jayev), Madaniyat va sport ishlari vazirligi (A.Jabborov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2010 yilga mo‘ljallangan aniq manzilli dasturga kiritilgan bolalar musiqa va san’at maktablarining namunaviy loyihalar asosida sifatli qurilishi va o‘z vaqtida ishga tushirilishi, ularning zarur anjomlar, inventarlar va mebellar bilan jihozlanishi, professional kadrlar bilan ta’minlanishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin.

13. Vazirlar Mahkamasi (SH.Mirziyoyev):

bir hafta muddatda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining daromadlari va xarajatlari parametrlari hamda bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari, musiqa va san’at maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha 2010 yilga mo‘ljallangan aniq manzilli dastur to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini tasdiqlash uchun o‘rnatilgan tartibda kiritsin;

har chorakda o‘z yig‘ilishlarida bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari, musiqa va san’at maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha tasdiqlangan aniq manzilli dasturlar ijrosini ko‘rib chiqsin, ularning o‘z vaqtida ishga tushirilishi, zarur jihoz va inventarlar bilan ta’minlanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.

14. Ushbu bayon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.Mirziyoyev zimmasiga yuklatilsin.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama