![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Markaziy Osiyo mintaqasidagi gigant GESlar loyihalari millionlab odamlar xavfsizligiga tahdid soladiO‘zA, O.Rajabov, 03.03.2010 22:00 Markaziy Osiyo mamlakatlarida yirik gidroenergetika inshootlarini qurish loyihalari, ularning shoshma-shosharlik bilan amalga oshirilishi keltirib chiqaradigan oqibatlar bu masalaga xolisona yondashadigan barcha sog‘lom fikrli kishilarni haqli ravishda tashvishga solmoqda. O‘zbekiston bunday loyihalarning mintaqadagi ekologiya va suv muvozanatiga ta’siri, shuningdek, texnogen falokatlar tahdidlarini keltirib chiqarishi mumkinligini hisobga olib, ularni mustaqil xalqaro ekspertizadan o‘tkazish zarurligi xususidagi prinsipial masalani qat’iy qo‘ymoqda. Bugun ushbu fikrni dunyoning turli mamlakatlaridagi ko‘plab mustaqil ekspertlar ham qo‘llab-quvvatlamoqdalar. Masalan, MDH mamlakatlari institutining Bishkek filiali direktori, tarix fanlari doktori, professor, Rus geografiya jamiyatining haqiqiy a’zosi Aleksandr Knazev qalamiga mansub, qator Internet-nashrlarda e’lon qilingan “Haqiqat emas, afsona: O‘rta Osiyodagi mega-GES taqdiri noma’lumligicha qolmoqda” sarlavhali maqolada ushbu muammo bu boradagi ishlarning haqiqiy ahvoli nuqtai nazaridan chuqur hamda batafsil tahlil qilingan. Shuni qayd etish kerakki, maqolada bayon etilgan fikrlar muallifning taxminlarga asoslangan qarashi emas va uni kimningdir manfaatlarini himoya qilayotganlikda ayblab bo‘lmaydi. Muallif haqli ravishda Amudaryo va Sirdaryo Markaziy Osiyo davlatlari farovonligini va ularni suv bilan ta’minlaydigan yaxlit manbaa ekanini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, olim O‘zbekistonning transchegaraviy Sirdaryo va Amudaryo suvidan foydalanish sohasidagi manfaatlari ushbu daryolarning yuqori qismida joylashgan mamlakatlar tomonidan yetarli darajada inobatga olinmayotganini qayd etgan. “Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalari tomonidan gidrotexnik inshootlar qurilishining amalga oshirilishi birinchi navbatda, O‘zbekiston, shuningdek, Qozog‘iston va Turkmaniston xavfsizligiga katta tahdid solayotgani haqida gapirishga majbur etmoqda”, deb yozadi A.Knazev. Ayni paytda ekspert quyidagilarga e’tibor qaratadi: “bu kabi obyektlarni qurishni tartibga soladigan qat’iy xalqaro normalar mavjud bo‘lsa-da, ular ushbu daryolar yuqori qismida joylashgan mamlakatlar tomonidan inkor etilmoqda. Biroq, Qirg‘iziston ham, Tojikiston ham ushbu sohaga oid biron-bir xalqaro konvensiyani imzolamagan. Bunda gap, masalan, Rossiya 1996 yilning oktabridan buyon bajarib kelayotgan Transchegara suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni himoya qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiya (Xelsinki, 1992 yil 17 mart), Kema yurmaydigan xalqaro suv oqimlaridan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi konvensiya (Nyu-York, 1997 yil 21 may) va boshqa ko‘plab hujjatlar haqida bormoqda. Ammo, o‘z milliy manfaatlarini xudbinlarcha himoya qilishdan boshqa narsani tushunishni istamayotgan va o‘z iqtisodiyotini qutqarishning birdan bir chorasi sifatida GES loyihalariga yopishib olgan mazkur ikki respublika bu loyihalarni ko‘proq qarz olish hamda tashqi investorlar yordamiga tinimsiz ko‘z tikkan holda, yarim qo‘lbola usulda amalga oshirishni o‘jarlik bilan talab qilmoqda”. Shuningdek, ekspert hududida transchegara suv oqimlari hosil bo‘ladigan mamlakat ularni o‘z bilganicha tasarruf qilishi haqidagi fikrning bema’niligini, daryolarning qay biri ichki, qay biri tashqi ekani xususidagi bahslarning asossizligini qayd etadi. “Norin-Sirdaryo va Amudaryodan Vaxshni ajratib bo‘lmasligi va ular aynan transchegara suv oqimlari ekanini hisobga oladigan bo‘lsak (buning uchun xaritaga qarashning o‘zi kifoya), Qirg‘iziston Qambarota GESini O‘zbekiston va Qozog‘istonning roziligisiz qurishga mutlaqo haqli emas. Tojikistonning esa transchegara daryo oqimi bo‘ylab joylashgan nafaqat O‘zbekiston va Qozog‘iston, balki uning quyi qismidagi Turkmanistonning ham roziligisiz GES qurishga hech qanday haqqi yo‘q. Vaxsh ichki daryo ekani haqida qanchalik ko‘p gapirilmasin, u Amudaryoning asosiy irmoqlaridan biridir va shu bois mazkur holatda transchegara daryolardan foydalanish bo‘yicha barcha xalqaro prinsiplarga rioya etilishi shart”, deb ta’kidlaydi A.Knazev. “Rog‘un GESidagi hozirgi ahvolni Qirg‘iziston ham “o‘z kuchi” bilan qurayotgan 2-Qambarota GESi atrofida ro‘y berayotgan vaziyat bilan taqqoslash qiyin emas. Ushbu har ikki qurilish, qattiq talabdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, avvalo o‘z xalqiga, qolaversa qo‘shni mamlakatlarga qarshi qaratilgan jinoyatdan o‘zga narsa emas. Bu qurilishlar sifati zarur talablarga aslo mos kelmaydi – barpo etilayotgan 2-Qambarota GESi to‘g‘oni bunga yaqqol misoldir. O‘tgan yilning dekabrida qirg‘izistonlik gidroquruvchilar o‘zlaricha tuproqni ko‘chirish uchun noyob portlatish ishlarini amalga oshirgan bo‘lsalar-da, kutilgan natijalarga erisha olmadilar. To‘plangan tuproq uyumi loyihada ko‘zda tutilgan balandlikka yetmagani, portlatish ishlarida yo‘l qo‘yilgan xatolar natijasida ko‘plab bo‘shliqlar paydo bo‘lgani va hozir ular tashqaridan tuproq olib kelish yo‘li bilan qo‘lbola usulda to‘ldirilayotgani xususida umuman gapirmasa ham bo‘ladi. Demak, bunday inshootning xavfsizligi haqida umuman gapirishning hojati yo‘q”, deb qat’iy ta’kidlaydi maqola muallifi. Olim hozir faoliyat ko‘rsatayotgan gidroenergetika inshootlarining xavfsiz ishlashini ta’minlash masalasi mutaxassislar tomonidan bir necha bor ko‘tarilganini qayd etadi: “SSSRdan Tojikistonga meros bo‘lib qolgan Nurek GESi, Qirg‘izistonga meros bo‘lib qolgan To‘xtag‘ul GESi va ularning suv omborlarini tartibga solishning o‘zi dolzarb masala emasmi? Har ikki holatda ham, ushbu suv omborlariga suvning kam to‘planishi, obyektiv sabablardan tashqari, sobiq sovet davridan buyon hech kim ushbu stansiyalarda jiddiy profilaktika ishlari olib bormagani, ularni modernizatsiya qilish bilan jiddiy shug‘ullanmayotgani, suv omborlarini loyqa bosib qolishi yo‘l qo‘yiladigan barcha me’yorlardan oshib ketayotgani bilan bog‘liqdir. Yaqinda Nurek GESida ro‘y bergan avariya katta talofatlarga olib kelmagan bo‘lsa-da, bu avariya Tojikiston uchun ham, Qirg‘iziston uchun ham nihoyatda jiddiy xatar qo‘ng‘irog‘idir”. A.Knazev ushbu muammolarni nazarda tutgan holda, shunday deb yozadi: “Shuning uchun o‘zaro kelishib ish tutmoq lozim. Aks holda, O‘zbekistonning Rog‘un va Qambarota GESlarining ishini, agar ulardan birortasi qurilsa ham, hatto harbiy yo‘l bilan bo‘lsa-da, to‘xtatib qo‘yishiga hech narsa monelik qila olmaydi. O‘zbekiston rahbariyati bunday harakatlar bilan nafaqat o‘zining o‘n millionlab aholisini, balki Qambarota loyihalari ta’sir doirasida joylashgan Qirg‘izistonning Farg‘ona vodiysidagi uch viloyati (O‘sh, Jalolobod va Botken) va Tojikistonning bir viloyati (So‘g‘d) aholisining ham xavfsizligini ta’minlasa, u har tomonlama haq bo‘lib chiqadi”. “Suv miqdori kamayib, taqchilligi ortib borayotgan bir paytda yangi to‘g‘onlarni qurish, jiddiy o‘rganib chiqmasdan turib ulardan energetika maqsadlarida foydalanish suv balansi hamda barqaror rivojlanish borasida o‘ta salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi haqida qat’iy fikrga kelish mumkin”, deb yozadi A.Knazev. Ekspert mamlakat manfaatlariga va aholisi xavfsizligiga rioya qilish bo‘yicha O‘zbekiston ilgari surayotgan talablarni mutlaqo to‘g‘ri va haqli, deb hisoblaydi. “Har bir mamlakat albatta o‘z milliy manfaatlarini ko‘zlaydi, shu sababli bu boradagi birdan-bir to‘g‘ri yo‘l – tomonlarning murosaga kelishi, bir-biriga yon berishidir. O‘zbekistonning bu boradagi pozitsiyasini do‘q-po‘pisa, deb qabul qilmaslik kerak, balki uning yuzaga kelgan holatdan jiddiy tashvishlanayotganini to‘g‘ri tushunish lozim. O‘zbekiston rahbariyati qayd etilgan har ikki loyihada O‘zbekiston Respublikasi manfaatlari hisobga olinmas ekan, ham Tojikiston, ham Qirg‘izistonga qarshi hozirdanoq eng qat’iy choralarni qo‘llash haqida o‘ylashga mutlaqo haqlidir. Bunda to‘g‘onlarning qiziqqonlik bilan muhokama etilayotgan balandligi, boshqa jihatlari emas (bu masalaning mayda tafsilotlaridir), balki ularning sifati, suv omborlarining yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan hajmining ilmiy asoslangani, eng muhimi – ushbu inshootlarning mustahkamlik darajasi, xavfsizlik bilan bog‘liq barcha jihatlariga alohida e’tibor qaratish kerak deganidir”. Muallif o‘z maqolasida rossiyalik hamkasblarining mazkur loyihalar borasida “asossiz, energetika resurslaridan savodsizlarcha foydalanish, samaradorlikning pastligi, qo‘llanilayotgan texnologiyalar, malakali muhandis va ishchi kadrlarning qoloqligi (yo‘qligi)”ni e’tirof etayotganini ham keltiradi. Va nihoyat, bunday yirik gidroenergetika inshootlari qurilishi tashabbuskorlarining eng so‘nggi asosi, ya’ni ushbu inshootlarni qurish va ulardan foydalanish natijasida olinadigan katta iqtisodiy foyda haqidagi taxminlari olimlar tomonidan shubha ostiga olinmoqda. Muallif ushbu loyihalarning o‘zini qoplashi haqidagi gaplarni xolisona tahlil qilar ekan, “…gigant-loyihalarning iqtisodiy maqsadga muvofiqligi ham juda shubhali”, deb yozadi. Bunda olim aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun Qirg‘izistonda ham, Tojikistonda ham kichik GES tarmoqlarini qurish samarali, iqtisodiy jihatdan manfaatli va xavfsizdir degan qat’iy xulosaga keladi. Muallif yuqorida qayd etilgan loyihalarning bo‘lajak tashqi ishtirokchilari haqida gapirar ekan, shunday deb ogohlantiradi: “Xitoy tomoni bir necha yil muqaddam Tojikistonda Rog‘un va Qambarotaga o‘xshash, ammo nisbatan kichik Zarafshon GESi qurilishi bo‘yicha loyihani mintaqadagi yetakchi mamlakat – O‘zbekiston bilan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan mojaro yomon oqibatlarga olib kelishini anglagan holda, tezlik bilan to‘xtatib qo‘yganini esga olish kifoya. Yaqinda Qirg‘izistonning gidroenergetika loyihalarida ishtirok etish haqidagi takliflari ham Xitoyda qo‘llab-quvvatlanmadi”. Shu munosabat bilan A.Knazev haqli ravishda ta’kidlaydi: “tabiiyki, Rossiyaning xorijdagi gidroenergetika bo‘yicha faolligi, Qirg‘iziston va Tojikistondagi loyihalarda bo‘lgani kabi, mintaqaviy ziddiyatlar manbaiga aylanmasligi lozim va bunday holat yuz berishi ehtimoldan xoli emas”. Chop etilgan maqoladagi hamma fikrlarni ham to‘g‘ri, deyish qiyin, albatta. Olimning barcha taklif va xulosalariga ham, xususan, suv-energetika konsorsiumini tashkil etish bo‘yicha ko‘p marotaba muvaffaqiyatsiz muhokama etilayotgan masala yuzasidan bildirgan fikrlariga qo‘shilib bo‘lmaydi. Biroq, A.Knazevning muammo jiddiyligini, O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlarida yashayotgan millionlab odamlar xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan katta xavf borasidagi tashvishini anglab yetgani nihoyatda muhimdir. So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |