![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidaO‘zA, 15.02.2010 22:53 15 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri D.Toshmuhamedova olib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil 27 yanvarda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisidagi «Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish – ustuvor maqsadimizdir» ma’ruzasidan kelib chiqadigan Oliy Majlis quyi palatasining vazifalarini muhokama qilish majlis kun tartibidagi asosiy masala bo‘ldi. Mazkur masalaning muhokamasi vaqtida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdilar. Ular ta’kidladilarki, avvalgi chaqiriq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatidagi davlatimiz rahbari ko‘rsatib o‘tgan kamchiliklar parlament ishining barcha yo‘nalishlarini chuqur qayta mushohada va tahlil qilishni, kelgusi besh yillik davrda amalga oshiriladigan qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilab olishni, O‘zbekistonda olib borilayotgan sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlar talablari bilan jips bog‘liq holda chuqur va har tomonlama ishlab chiqilgan, uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturi qabul qilishni taqozo etadi. Bunda mamlakatimizda o‘tkazilayotgan islohotlarning qonunchilik va normativ bazasidagi nuqsonlarga tezda barham berishga, shuningdek, qabul qilingan qonun hujjatlarining ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish taklif qilindi. So‘zga chiqqanlar hozirgi kunda 100 dan ortiq ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlarni birlashtirib turgan O‘zbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlarning parlament ishida doimiy ravishda ishtirok etishi muhim ekanligini ta’kidlab o‘tdilar. Mazkur harakat vakillari atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni yanada rivojlantirishga, ushbu sohada qabul qilib bo‘lingan hujjatlarning so‘zsiz bajarilishi uchun markazda va joylarda davlat hokimiyati organlarining, shuningdek, turli jamoat va boshqa tuzilmalarning mas’uliyatini oshirish yuzasidan tizimli ishni tashkil etishga ko‘maklashishlari kerak. O‘zbekiston ekologik harakati hozirgi kunda sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lib, deputatning yuksak minbaridan turib atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini o‘rtaga qo‘yish va nazorat qilishda, inson va mamlakat aholisini ekologiyaning xavfli va tajovuzkorona o‘zgarishlaridan saqlab qolishda juda katta imkoniyatlarga egadir. Deputatlar ta’kidladilarki, mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida professional ikki palatali Oliy Majlis oldida turgan murakkab va mas’uliyatli vazifalarni hal etish uchun parlament ishi samaradorligini oshirish yo‘llarini tinimsiz izlash, qonunlar va deputatlik so‘rovlari tashabbusi bilan chiqishda yuksak faollik va mas’uliyat, o‘z saylovchilarining manfaatlarini himoya qilishda dadillik va izchillik ko‘rsatish zarur. Shu munosabat bilan hokimiyat tuzilmalari faoliyati ustidan yanada ta’sirchan jamoatchilik nazoratini ta’minlash, mamlakatimizning amalga oshirilayotgan ichki va tashqi siyosatini keng yoritish uchun siyosiy partiyalarning parlamentdagi fraksiyalari rolini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni mustahkamlash muhimdir. Siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari istiqbolga mo‘ljallangan ish rejalari to‘g‘risida so‘zladilar. Bunda Oliy Majlis har ikkala palatasining qo‘shma majlisida davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar va ustuvor yo‘nalishlar hisobga olindi, qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyatini takomillashtirish yuzasidan bir qator aniq takliflar kiritildi. Xususan, deputatlarga berilgan qonun tashabbuskorligi huquqidan tez-tez va yanada samarali foydalanish, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda partiyalarning dasturiy maqsadlarini va saylovchilarning manfaatlarini kengroq ifoda etish taklif qilindi. Majlisda deputatlar o‘z okruglaridagi saylovchilar bilan olib boradigan ishlarini takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasining, qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini mamlakatimizdagi barcha fuqarolarga yetkazish, qonun ijodkorligi faoliyati jarayonida odamlarning fikr-mulohazalarini doimo e’tiborga olish muhimligini ta’kidladilar. Siyosiy partiyalarning parlamentdagi vakillari xalq va hokimiyat o‘rtasida vositachi bo‘lishlari, aholining dolzarb muammolarini tegishli hokimiyat tuzilmalariga yetkazishlari kerakligi ta’kidlab o‘tildi. Parlament nazoratining deputatlik so‘rovi, hokimiyat ijroiya organlari rahbarlarining ijtimoiy-iqtisodiy va jamiyat hayotining boshqa sohalaridagi ishlar holati to‘g‘risidagi axborotini eshitish kabi shakllaridan yanada samarali foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Muhokama yakunlari bo‘yicha deputatlar qaror qabul qildilar. Unga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasining faoliyat dasturi loyihasini tayyorlash uchun maxsus komissiya tuziladi. Siyosiy partiyalar fraksiyalariga, O‘zbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhiga va Qonunchilik palatasining qo‘mitalariga qabul qilinayotgan qonunlarning sifatini tubdan yaxshilashga, muqaddam qabul qilingan huquqiy normalardan farq qiladigan tafovutlarga, qaytariqlarga barham berishga qaratilgan choralar ko‘rish, havola normalarini kamaytirish tavsiya etildi. Ularga nazorat vazifalarini rejalashtirish va amalga oshirishda 2009-2012 yillarga mo‘ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturini va unda ijtimoiy-iqtisodiy sohani barqaror rivojlantirish, Oliy Majlis tomonidan tasdiqlangan 2010 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholining bandligini ta’minlash dasturini so‘zsiz bajarish yuzasidan nazarda tutilgan chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratish taklif qilindi. Qonun ijodkorligi sohasidagi strategiya va vazifalarni belgilashda jamiyat va davlat qurilishi tizimida fuqarolik jamiyati institutlarining, shu jumladan fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlarini kengaytirishga, mahallani aniq yo‘naltirilgan holda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirishga ustuvor ahamiyat qaratish rejalashtirilmoqda. Deputatlar mamlakat vazirliklari va idoralarining bundan buyongi faoliyatini takomillashtirish, qabul qilingan qonunlarning davlat hokimiyati va mahalliy boshqaruv organlari tomonidan ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish yuzasidan har tomonlama puxta tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida Hukumat a’zolarining, vazirlik va idoralar rahbarlarining tegishli tarmoqlarda qonunlar, o‘ta muhim davlat dasturlarining ijrosi to‘g‘risidagi axborotini eshitishni va muhokama qilishni ham nazarda tutmoqdalar. Qonunchilik palatasi ijtimoiy-siyosiy va sud-huquq tizimini muntazam ravishda yangilab borgan holda iqtisodiyotni va ijtimoiy sohani isloh qilish jarayonlari aniq va keng ko‘lamda o‘zaro bog‘liq bo‘lishini ta’minlashga, fuqarolik jamiyati institutlari tizimida ommaviy axborot vositalarining o‘rni va rolini mustahkamlashga, nodavlat OAV faoliyatini yanada erkinlashtirish va jonlantirishga, «Barkamol avlod yili» Davlat dasturida nazarda tutilgan qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ma’ruzasidan kelib chiqadigan qoidalar va vazifalarni hayotga so‘zsiz tatbiq etish, qabul qilinadigan qonunlarning mohiyatini tushuntirish bo‘yicha saylovchilar bilan muntazam ish olib borishga ham o‘z sa’y-harakatlarini qaratish niyatidadir. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) 2009 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobot ham ko‘rib chiqildi. Ushbu masala bo‘yicha Inson huquqlari bo‘yicha vakil S.Rashidova so‘zga chiqdi. Ushbu hujjatning muhokamasi chog‘ida deputatlar Ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari bilan, barcha bo‘g‘inlardagi davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilganligi xususida to‘xtaldilar. Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunlarning amalda qo‘llanilishi monitoringini yuritish, parlament qo‘mitalari, hukumat, vazirliklar va idoralar qabul qilgan qonunlarning ekspertizasi, milliy qonunchilikni umume’tirof etilgan prinsiplar va xalqaro huquq normalari bilan muvofiqlashtirish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish borasida katta ish amalga oshirildi. Ombudsmanning Oliy Majlis quyi palatasi bilan hamkorligi nafaqat qonun loyihalarining huquqiy ekspertizasini o‘tkazishga, balki nazorat-tahlil faoliyatida ishtirok etishga, qonunchilikka rioya etilishi monitoringining yakunlari bo‘yicha axborot almashishga, inson huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari tashkil etish va o‘tkazishga ham qaratildi. Fuqarolarning inson huquqlari va erkinliklari buzilayotganligi to‘g‘risidagi shikoyat hamda murojaatlarini ko‘rib chiqish, buzilgan huquq va ekrinliklarni tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish Ombudsman faoliyatining asosiy yo‘nalishini tashkil qildi. Hisobot davrida Inson huquqlari bo‘yicha vakilga fuqarolardan 10409 ta yoki 2008 yilga nisbatan 1,3 marta ko‘p murojaat kelib tushdi. Bu ma’lumotlar mamlakatimizda Ombudsman kabi fuqarolarning huquqlarini suddan tashqari himoya qilish organiga nisbatan aholining ijtimoiy ishonchi oshganligidan dalolat beradi. Muhokama chog‘ida deputatlar Inson huquqlari bo‘yicha vakilning ikkala palata bilan hisobot davridagi hamkorligi samaradorligini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha barcha milliy institutlar sa’y-harakatlarini birlashtirishni bundan buyon ham davom ettirish zarurligini, ushbu sohadagi huquqiy axborot va qabul qilingan qonun hujjatlari ijrosi ustidan nazorat qilishda fuqarolik jamiyati tuzilmalari bilan hamkorlik muhimligini ta’kidladilar. Deputatlar bayon qilgan fikr-mulohazalar inobatga olingan holda Qonunchilik palatasi Ombudsmanning hisobotini tasdiqlab tegishli qaror qabul qildi. So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |