Siyosat

Tashrif nihoyasiga yetdi. Hamkorlik davom etadi

O‘zA maxsus muxbiri Anvar Boboyev, 12.02.2010 21:59

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 10-12 fevral kunlari davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Koreya Respublikasiga davlat tashrifining uchinchi kuni “Korean Air” kompaniyasi raisi Cho Yang Xoni qabul qildi.

“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasini barpo etish va “Navoiy” qit’alararo intermodal logistika markazini rivojlantirishda “Korean Air” kompaniyasi faol ishtirok etmoqda. Xususan, 2009 yilda mazkur kompaniya “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasiga lizing asosida ikkita yuk samolyoti taqdim etdi. Hozir bu samolyotlar logistika markaziga xizmat qilmoqda.

“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida ayni paytda umumiy qiymati 187 million AQSH dollariga teng 19 loyiha amalga oshirilmoqda. Bevosita ishlab chiqarish bilan bog‘liq 16 loyiha 2010 yilning ikkinchi yarmida yakuniga yetadi – kimyo, neft kimyosi, elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika va boshqa sohalarda faoliyat yuritadigan korxonalar ishga tushadi.

Bu yerda maxsus texnika uchun garaj, o‘quv markazi, avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish stansiyasi, yong‘inga qarshi depo, yonilg‘i-moylash mahsulotlari ombori qurildi, temir yo‘l tortildi. Ayni paytda yuk terminali barpo etilmoqda. Bularning barchasi markazni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Kelgusida u yerda yiliga 300 ming tonna yuk qayta ishlanadi.

Hozir Navoiy shahri aeroportidan Milan, Bryussel, Bangkok, Dehli, Mumbayga muntazam samolyot qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Frankfurt, Dubay, Istanbul, Tel-Avivga reyslarni tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

Ishlab chiqarish bilan bir qatorda, ijtimoiy infratuzilma ham rivojlanmoqda. Xususan, “Korean Air” kompaniyasi bilan hamkorlikda 9000 kishiga mo‘ljallangan turar-joy majmui barpo etilmoqda. Majmua sog‘liqni saqlash, ta’lim muassasalari, sport inshootlari va dam olish maskanlariga ega bo‘ladi.

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat aviakompaniyalari hamkorligini, jumladan, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi va logistika markazini rivojlantirish borasidagi aloqalarga oid masalalar muhokama qilindi.

Mamlakatimiz rahbari Koreya Respublikasi strategiya va moliya vaziri YU Jin Xyonni ham qabul qildi.

Koreyaga tashrif asnosida imzolangan hujjatlarning aksariyati yirik moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishni, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishda moliyaviy maslahatlashuvlarni taqozo qiladi. Ikki mamlakat vazirlik va idoralarining, firma va kompaniyalarining hamkorligi muvaffaqiyat keltirishini ta’minlash uchun moliya mahkamalarining aloqalarini mustahkamlash, faoliyatini muvofiqlashtirish muhim ahamiyatga ega. Xususan, Ustyurt gaz-kimyo majmui bo‘yicha konsorsiumni shakllantirishda Janubiy Koreya bank-moliya muassasalari muhim o‘rin tutganini ta’kidlash joiz.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida bank-moliya sohasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga oid masalalar muhokama qilindi.

Tashrif natijalarining ahamiyati haqida uning doirasida imzolangan hujjatlar, xususan, Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuini qurish va konni o‘zlashtirish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha sarmoyaviy bitimdan kelib chiqib ham yetarli xulosa chiqarish mumkin. Uning moliyaviy qiymati 3 milliard AQSH dollaridan oshadi.

Masalaning iqtisodiy va siyosiy jihatlaridan tashqari, ma’naviy tomoniga ham e’tibor qaratish joiz. Avvalo, Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bakning quyidagi so‘zlarini keltirish o‘rinlidir: “Koreya O‘zbekistonga har tomonlama yaqindir. Koreyslar o‘zbek xalqiga, O‘zbekistonga katta hurmat bilan qaraydi. Koreya Milliy muzeyida O‘zbekiston milliy madaniyati ko‘rgazmasi tashkil etilganda, koreyaliklar unga har qanday ko‘rgazmadan ko‘ra ko‘proq qiziqish bildirdi”. “Ko‘plab davlatlar global inqirozdan aziyat chekkan bir paytda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishga erishdi, – deb ta’kidladi Janubiy Koreya Prezidenti. – Bu yutuq, albatta, dono rahbarning rahnamoligida qo‘lga kiritildi. Inqirozga qarshi choralar borasida O‘zbekiston, o‘ylaymanki, ko‘plab mamlakatlar uchun o‘rnak bo‘lishi mumkin”.

Prezidentimiz Islom Karimovni kutib olish marosimida bir guruh bolalar ham bor edi. Qo‘liga O‘zbekiston va Janubiy Koreya bayroqlarini tutgan bolalar “Assalomu alaykum” degan o‘zbekona kalom bilan O‘zbekiston rahbarini kutib oldi. Demak, Prezident Islom Karimovning tashrifi Koreyada o‘ziga xos bayram sifatida qabul qilindi.

Prezidentimiz Islom Karimovning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi har tomonlama samarali bo‘ldi.

Toshkent-Seul-Toshkent

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama