Siyosat

Yil yakunlari sarhisobi

O‘zA, A.Muhammadiyev, 12.02.2010 20:44

Qashqadaryo viloyati faollari yig‘ilishida 2009 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning shu yil 29 yanvarda bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilangan eng muhim ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Viloyat hokimi N.Zayniyev boshqargan yig‘ilishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Inqirozga qarshi choralar dasturi mamlakatimizda iqtisodiy-ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi. Bank-kredit tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari va korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy muhofazasini yanada kuchaytirishga qaratilgan izchil ishlar o‘z samarasini bermoqda.

Qashqadaryo viloyatida 2009 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 8,2 foizga o‘sishi ta’minlandi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 16,6, iste’mol mollari 11,5, qishloq xo‘jalik mahsulotlari 3,4, qurilish-pudrat ishlari 3,8, chakana tovar aylanmasi 15,1 foizga oshdi. Eksport hajmi qariyb ikki barobarga ortdi.

Yil davomida 300 kichik korxona tashkil etildi. Ushbu korxonalar asosan qurilish materiallari, oziq-ovqat va yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Iqtisodiyotning real sektorida investitsion faollikni oshirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga moliyaviy ko‘maklashish maqsadida barcha manbalardan 460 milliard so‘mga yaqin kredit ajratildi. Bu mablag‘ning 251 milliard so‘mi uzoq muddatli kreditlardir.

Faollar yig‘ilishida iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, aholining turmush farovonligini oshirishning hali foydalanilmayotgan imkoniyatlari ko‘p ekaniga e’tibor qaratildi. Bu sohada Koson, Chiroqchi, Qamashi, Dehqonobod tumanlarida amalga oshirilayotgan ishlarning sur’ati va ko‘lami talab darajasida emasligi tanqid qilindi. Viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmida xizmat ko‘rsatish sohasining ulushi 28 foizni tashkil etmoqda, xolos. Shahrisabz, Kitob, Yakkabog‘, Chiroqchi, Qamashi tumanlarida aholini ish bilan ta’minlash, mahalliy xomashyoni qayta ishlashga asoslangan kichik korxonalar tashkil etishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.

Yig‘ilishda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha 2010 yilga mo‘ljallangan aniq vazifalar belgilab olindi. Xususan, bir qancha kichik korxonani ishga tushirish, 140 korxonada modernizatsiya ishlarini olib borish, iste’mol mollari ishlab chiqarish bo‘yicha 120 investitsion loyihani amalga oshirish lozim. Shuningdek, joriy yilda har bir tumanda beshtadan mahalliy xomashyo asosida import o‘rnini bosuvchi yangi mahsulot ishlab chiqaruvchi kichik korxonalarni ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Bu tadbirlarni amalga oshirish 140 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.

Qashqadaryo viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.Shoismatov ishtirok etdi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama