Siyosat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida

O‘zA, 12.02.2010 20:46

12 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri D.Toshmuhamedova olib bordi.

Kengash a’zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil 27 yanvarda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisidagi «Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish – ustuvor maqsadimizdir» mavzuidagi ma’ruzasidan kelib chiqadigan o‘ta muhim ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan va ilgari surilgan jamiyatni yanada erkinlashtirish hamda demokratlashtirish, mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida islohotlarni chuqurlashtirish strategiyasiga asoslangan asosiy vazifalari ko‘rib chiqildi. Foydalanilmagan rezervlarni chuqur va tanqidiy tahlil qilish, kamchiliklarni bartaraf etish hamda yangi davr talablariga muvofiq deputatlarning joriy va istiqboldagi vazifalarini aniq belgilab olish muhimligi alohida uqtirildi.

Ta’kidlab o‘tildiki, hozirgi kunda mamlakatimiz oldida davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiy hamda ijtimoiy sohada miqyosi va teranligi jihatidan ulkan vazifalar turibdi. Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida parlamentning rolini yanada kuchaytirish, siyosiy partiyalarning faolligini oshirish, ular o‘rtasidagi raqobat kurashini kuchaytirish masalalari doimo deputatlar diqqat markazida bo‘lishi kerak. Qonunchilik palatasidagi turli parlament fraksiyalari o‘rtasidagi raqobat qabul qilinayotgan qonunlar sifatini oshirishga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarda parlamentning rolini kuchaytirishga ko‘maklashadi. G‘oyalar va dasturlar kurashi aynan parlament darajasida bo‘lishi, bunday kurash orqali har bir siyosiy partiya o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishi lozim.

Partiyalar o‘rtasidagi bahs-munozaralar jiddiy, professional asosda olib borilishi, teran mazmunga ega bo‘lishi kerak. Xuddi shu boisdan siyosiy partiyalar tomonidan o‘z saylovchilarini qiziqtiradigan ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yanada chuqurroq o‘rganilishi, ularni hal etishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga diqqat-e’tibor qaratilishi zarur. Har bir partiya yoki harakatning o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarini aks ettiradigan, chuqur o‘ylangan takliflarni, shu jumladan muqobil, raqobatbardosh loyiha va dasturlarni muhokamaga olib chiqish payti keldi.

Davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi tufayli yuzaga kelgan murakkab sharoitlarda iqtisodiyotning bundan buyon ham barqaror rivojlanishini ta’minlash, uni diversifikatsiya, modernizatsiya qilish va ishlab chiqarishni texnik jihatdan qayta uskunalash borasidagi ishlarni davom ettirish kerak. Mintaqamizda va umuman jahonda yuzaga kelayotgan murakkab geosiyosiy sharoitlarda mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash zarur. Ana shu va boshqa vazifalarning muvaffaqiyatli hal etilishi nafaqat o‘z vaqtida sifatli qonunlar qabul qilinishiga, balki qonunlarning kundalik hayotda amalga oshirilishi, hokimiyatning ijro etuvchi organlari faoliyati ustidan doimiy parlament nazorati o‘rnatilishiga ham ko‘p jihatdan bog‘liqdir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatining dasturini ishlab chiqishda, Qonunchilik palatasi qo‘mitalari va siyosiy partiyalar fraksiyalarining ish rejalarini shakllantirishda davlatimiz rahbari tomonidan parlament qo‘shma majlisida ilgari surilgan ustuvorliklar va vazifalarni asos qilib olish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil 27 yanvarda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqadigan vazifalari to‘g‘risidagi mazkur masala O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqiladi.

Kengash a’zolari Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsman) 2009 yildagi faoliyatiga doir hisobotni ham ko‘rib chiqdilar. Ta’kidlandiki, hisobot davrida Ombudsman faoliyati inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratildi. Fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, qonun loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish, milliy qonun hujjatlarini xalqaro huququy normalar va prinsiplarga muvofiqlashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha talay ishlar amalga oshirildi.

Kengash a’zolari Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining 2009 yildagi faoliyatiga doir hisobotni ma’qulladilar. Mazkur hisobot ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida muhokama qilinadi.

Kengash majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining samarali ishlashini tashkil etish bilan bog‘liq boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama