Siyosat

Dolzarb vazifalar belgilandi

O‘zA, E.Yodgorov , 12.02.2010 15:37

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasida 2009 yili Buxoro viloyatida salmoqli ishlar olib borildi. Sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha 32 yirik loyiha amalga oshirilib, 732,4 million AQSH dollari va 4,3 milliard so‘m miqdorida investitsiya o‘zlashtirildi. Iqtisodiyotning real sektorini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari korxonalarga 96 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ni iqtisod qilish, pirovard natijada ishlab chiqarishni rivojlantirish imkonini berdi.

Buxoro viloyati faollarining 2009 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil 29 yanvarda Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishida shular xususida so‘z yuritildi. Yig‘ilishni Buxoro viloyati hokimi S.Husenov boshqardi.

2009 yili Buxoro viloyatida yalpi hududiy mahsulot hajmi 4,9 foizga oshdi. O‘sish sur’ati sanoatda 4,4, qishloq xo‘jaligida 4,7, qurilishda 9,1, chakana savdoda 22,8, xizmat ko‘rsatish sohasida 21,2 foizni tashkil etdi. Iqtisodiyot tarmoqlariga 22,8 milliard so‘mlik kredit jalb etilib, 72 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi. Yangi ish o‘rinlarining 35 mingdan ziyodi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Mazkur subyektlarning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 60,7 foizga yetdi.

“Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturi ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Bu boradagi ishlarga 359 milliard so‘m, 35,9 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflandi. Joylarda 18 aholi punktida namunaviy loyiha asosida yakka tartibdagi 540 uy-joy qurilishiga kirishildi.

Faollar yig‘ilishida iqtisodiy-ijtimoiy sohada kuzatilayotgan kamchiliklar ham atroflicha muhokama qilindi. “Buxoroyog‘” va “Kogonyog‘” hissadorlik jamiyatlarining ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari pasayishiga yo‘l qo‘yildi. Xomashyo yetishmasligi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ko‘rsatkichlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi Hududiy investitsiya dasturiga kiritilgan “Halimabegim omad” qo‘shma korxonasi, “Parvoz, qizlar” mas’uliyati cheklangan jamiyati kabi qator subyektlarda ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish nihoyasiga yetkazilmadi. G‘ijduvon, Shofirkon, Qorovulbozor, Vobkent, Olot tumanlarida xorijiy hamkorlarni jalb qilish ishlari talabga javob bermaydi.

Yig‘ilishda ushbu kamchiliklarga barham berish, viloyatga xorijiy sarmoyalarni ko‘proq jalb etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, korxonalarni modernizatsiya qilish hisobiga yalpi hududiy mahsulot hajmini oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Buxoro viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.Shoismatov so‘zga chiqdi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama