![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
O‘zbekiston-Janubiy Koreya: hamkorlikning yangi bosqichiO‘zA maxsus muxbiri Anvar Boboyev (Seul), 11.02.2010 20:16
O‘zbekiston va Janubiy Koreyani katta masofa ajratib turadi. Shunga qaramay, O‘zbekiston va Koreyani mustahkam do‘stlik rishtalari, xalqlarimizni tarixiy ma’naviy yaqinlik bog‘lab turadi. Bu yaqinlikning teran asoslari bor. Ikkinchi jahon urushi yillarida taqdir taqozosi bilan O‘zbekistonga kelib qolgan koreyslarga yurtimizda qanday mehr-muruvvat ko‘rsatilganini Koreya ahli mamnuniyat bilan yodda tutadi. Bag‘rikenglik, saxovat, totuvlik, mehr-oqibat, mehnatsevarlik o‘zbek va koreys xalqlari uchun birdek xos fazilatlardir. Ma’naviy yaqinlik o‘zaro ishonch va hurmatga asos bo‘ladi. Ikki mamlakatning siyosiy munosabatlari haqida so‘z ketganda, avvalo, davlat rahbarlari o‘rtasidagi samimiy do‘stlikni ta’kidlash kerak. Bu do‘stlik Janubiy Koreya Prezidenti Li Myon Bak Seul meri bo‘lgan yillari boshlangan. 2008 yilda Li Myon Bak prezident saylovida g‘alaba qozonib, davlat rahbari lavozimini egallagach, inauguratsiya marosimiga oliy faxriy mehmon sifatida O‘zbekiston rahbarini taklif etdi. 2009 yilning may oyida O‘zbekiston va Janubiy Koreya rahbarlari Toshkentda uchrashdilar. Oliy darajadagi uchrashuvlarning muntazamligi munosabatlarni rivojlantirishdagi faollikdan dalolat beradi. Bunday uchrashuvlar hali tomonlar hamkorlikda o‘zlashtirmagan yangi sohalarni kashf etishga, yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqishga yo‘l ochadi, yanada manfaatli aloqalar istiqbolini yaqinlashtiradi. Seulda navbatdagi O‘zbekiston-Koreya sammitiga katta hozirlik ko‘rilgan. Aeroportda, shaharning markaziy ko‘chalarida ikki davlat bayroqlari hilpiraydi, o‘zbek va koreys tillarida yozilgan qutlov so‘zlari ko‘zga tashlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini “Chong Va De” qarorgohida rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Li Myon Bak shohsupaga ko‘tarildilar. Ikki davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar. Prezidentlarning yakkama-yakka suhbatida Islom Karimov va Li Myon Bak mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi ahvoli va istiqboliga oid masalalar, o‘zlarini qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashdilar. Mamlakatimiz rahbari ushbu sammit Janubiy Koreya O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligining yana bir yorqin dalolati ekanini, ayni paytda Toshkent ham Seul bilan aloqalarni yuksak qadrlashini ta’kidladi. Li Myon Bak ushbu uchrashuv o‘zaro munosabatlarning bugungi holatini tahlil etish, istiqbolda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanligini qayd etdi. Prezidentlar xavfsizlik masalalarini muhokama qildilar. Xalqaro terrorizm va ekstremizmga, qurol-yarog‘ va narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi kurashdagi hamkorlik, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishining oldini olish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan fikr almashildi. Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston va Janubiy Koreya xalqaro siyosat maydonida bir-birining tashabbuslarini yoqlab, bir-birini qo‘llab-quvvatlab keladi. Xususan, Li Myon Bak 2018 yilda bo‘ladigan Qishki olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilish uchun Pxyonchxan shahri nomzodini qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik izhor etdi. O‘zbekiston Seulning Koreya yarimorolidagi muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilish masalasiga yondashuvini, Koreya Respublikasi rahbariyatining “Yangi Osiyo diplomatiyasi” tashabbusi hamda energetik strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekiston rahbari tashabbusining samarasi – Markaziy Osiyo yadro qurolidan xoli hududga aylangani Koreya Respublikasida yuksak qadrlanadi. Ta’kidlash joizki, Islom Karimov va Li Myon Bak Shimoliy Koreyaning yadrosizlantirilishi Shimoli-Sharqiy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlashning muhim sharti ekani borasida hamfikrdir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston va Janubiy Koreya neft-gaz, konchilik, mashinasozlik, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, logistika, kimyo sanoati, qurilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va qator boshqa sohalarda keng ko‘lamli qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya qo‘shma qo‘mitasi muntazam yig‘ilishlar o‘tkazib, aloqalarning yangi qirralarini ochish, mazmunini boyitish, savdo va sarmoya hajmini oshirish masalalarini ko‘rib chiqadi. Energetika va tabiiy resurslar bo‘yicha idoralararo qo‘mita tuzilgan. Islom Karimov va Li Myon Bak ikki tomonlama munosabatlar 2006 yilda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya ruhida rivojlanib borayotganini ta’kidladilar. Ushbu tashrif O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishiga ishonch bildirildi. Prezidentlar muloqoti ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom etdi. Unda asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va gumanitar hamkorlik masalalariga qaratildi. Janubiy Koreya O‘zbekistonning eng yirik sarmoyaviy sheriklaridan biridir. Uning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi 2 milliard AQSH dollaridan oshdi. Ayniqsa, neft-gaz, konchilik, neft kimyosi, logistika, qurilish sohalarida yirik loyihalar bor. Navoiy shahridagi xalqaro aeroport negizida barpo etilayotgan erkin industrial-iqtisodiy zona bunga yorqin misoldir. Ushbu zonadagi qit’alararo intermodal logistika markazi MDHda yagona bo‘lib, u yerda yuklar tezkorlik bilan tushiriladi va ortiladi, taqsimlanadi, maxsus omborlarga joylashtiriladi. Osiyodan Yevropaga va Yevropadan Osiyoga jo‘natiladigan yuklar global yuk tashish tarmog‘ining muhim bo‘g‘iniga aylanadigan ana shu markazdan o‘tadi. Ta’kidlash joizki, xorijda mazkur erkin industrial-iqtisodiy zonaga qiziqish kuchayib bormoqda. 2009 yil mart oyida Seulda O‘zbekistonda sarmoyaviy hamkorlik sohasidagi yangi imkoniyatlarga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. Koreyalik ishbilarmonlar erkin industrial-iqtisodiy zonadagi qulaylik va imtiyozlar bilan atroflicha tanishtirildi. Natijada umumiy qiymati 500 million AQSH dollaridan oshadigan 35 sarmoyaviy loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu shundan dalolat beradiki, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasini rivojlantirish ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridandir. Shuni alohida qayd etish kerakki, O‘zbekiston aynan Janubiy Koreya bilan hamkorlikda ishlab chiqarishning murakkab, eng ilg‘or texnologiyalar talab qiladigan, tayyor mahsuloti yuksak darajadagi qo‘shimcha qiymatga ega turini o‘zlashtirib, dunyodagi sanoqli avtomobilsoz davlatlar qatoridan o‘rin oldi. “Koreya gaz korporatsiyasi” (“KOGAZ”) bilan hamkorlik nafaqat gaz konlarida geologiya-razvedka ishlarini olib borish va konlarni o‘zlashtirish, balki yiliga 445 ming tonna polietilen va polipropilen ishlab chiqarishni ham qamrab olgan. Ya’ni, gaz xomashyosini qayta ishlab, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulot chiqariladi. Bu loyiha doirasida 3,12 milliard AQSH dollari miqdorida Janubiy Koreya sarmoyasini jalb qilish rejalashtirilmoqda. Savdo aloqalari borasida O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida 1992 yildan eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilinganini ta’kidlash joiz. 2008 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi bir milliard dollardan oshdi. 2009 yilda esa bu ko‘rsatkich 1,2 milliard dollarni tashkil etdi. Yurtimizda 351 O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu mamlakatning 91 firma va kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochgan. Muzokaralarda Islom Karimov va Li Myon Bak savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holatiga yuksak baho berdilar. Shu bilan birga, hozirga qadar erishilgan natijalar O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning salohiyat va imkoniyatlarini to‘liq aks ettirmasligi ta’kidlandi. Imkoniyatlarni to‘la ishga solish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Gumanitar hamkorlik ham izchil rivojlanib borayotir. 1992 yildan Toshkentda Koreya ta’lim markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Samarqand davlat chet tillar institutida Koreys tili va madaniyati markazlari, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Axborot texnologiyalari markazi ochilgan. Toshkentda “O‘zbekiston-Koreya” kasbga tayyorlash markazini ochish loyihasi ta’lim sohasidagi hamkorlikning yana bir muvaffaqiyati bo‘ldi. U yerda har yili 360 yigit-qiz kompyuter yig‘ish, grafika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi texnikasini ta’mirlash, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha tahsil oladi. 1999 yili Toshkentda ochilgan “O‘zbekiston-Koreya Respublikasi” do‘stlik jamiyati madaniy aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda. Muntazam ravishda festival, ko‘rgazma, konsert va boshqa ko‘plab madaniy tadbirlar tashkil qilinmoqda. Koreya Respublikasida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo nafosati” fotoko‘rgazmasi, “So‘g‘diyona” ansamblining “Ipak yo‘li ruhiyati” konserti, “Ipak yo‘li” festivali, har yili Toshkentda bo‘ladigan Koreya madaniyati haftaligi shular jumlasidandir. Koreyalik xonanda va sozandalar Samarqandda o‘tadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida doim faol ishtirok etadi. – Ushbu tashrif muntazamlik tusini olgan o‘zaro ishonchli muloqotlarning mantiqiy davomidir, – dedi Islom Karimov. – Biz sinalgan strategik sherik mamlakat bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish tarafdorimiz. So‘nggi vaqtlarda mamlakatlarimiz, ayniqsa, yirik qayta ishlash va ishlab chiqarish inshootlari barpo etish borasida faol va samarali hamkorlik qilmoqda. – Darhaqiqat, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanmoqda, – dedi Li Myon Bak. – 2009 yil ko‘plab davlatlar uchun og‘ir keldi. O‘zbekiston esa iqtisodiy o‘sishga erishdi va yirik xalqaro loyihalar ijrosini davom ettirdi. Janubiy Koreya O‘zbekiston bilan barcha sohalarda hamkorlik qiladi. Biz O‘zbekiston bilan iqtisodiyot, ta’lim, madaniyat va ko‘plab boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, ayni paytda xalqaro maydonda hamjihatlikni mustahkamlash tarafdorimiz. Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi hukumatlari o‘rtasida 2008 yil 12 mayda imzolangan 2008-2011 yillarda Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasining (EDCF) imtiyozli kreditlarlarini taqdim etish to‘g‘risidagi hadli bitimga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi bitim, muqobil energiya manbalari va energiya tejash texnologiyalarini rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuini qurish va konni o‘zlashtirish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha sarmoyaviy bitim imzolandi. Umuman, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashrifi doirasida ikki mamlakatning turli vazirlik va idoralari o‘rtasida jami 16 hujjat imzolandi. Ularda infratuzilma, tibbiyot, atrof-muhit muhofazasi, o‘simliklar karantini, sayyohlik, qishloq xo‘jaligi va qator boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Toshkentda Seul bog‘ini barpo etish ko‘zda tutilgan. Shu kuni mamlakatimiz rahbari Koreya Respublikasi Bosh vaziri Chon Un Chan bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida tashrif asnosida erishilgan kelishuvlarni amaliyotga to‘la va muvaffaqiyatli tatbiq etish uchun ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirish, ularning hamkorligini muvofiqlashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Prezident Islom Karimov Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi (parlamenti) Spikeri Kim Xyong O bilan ham muzokara o‘tkazdi. Davlatlararo munosabatlarni rivojlantirishda oliy qonun chiqaruvchi organlarning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida parlamentlararo aloqalar ko‘lamini yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Davlatimiz rahbari Koreya Respublikasi Milliy yodgorlik majmuiga tashrif buyurdi. Janubiy Koreyaning ozodligi yo‘lida jon fido qilganlar xotirasiga hurmat bajo keltirib, yodgorlik poyiga gul qo‘ydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda. So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |