O‘zA O`zbek

10.07.2019 17:30 Chop etish versiyasi

Tomchi suv qadrini zor bo‘lganlar bilar

Tomchi suv qadrini zor bo‘lganlar bilar

O‘zbekiston suv resurslaridan mukammal foydalanish “Suvchi” jamoat birlashmasi tomonidan Farg‘ona viloyat yoshlari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

– 2017 yildan aholini ekologiyani asrash, atrof-muhitni himoya qilishdan xabardor etish bo‘yicha turli tadbirlar o‘tkazib kelmoqdamiz, - deydi “Suvchi” jamoat birlashmasi yetakchi mutaxassisi Baxtiyor Muhammadiev. - Respublikaning oltita hududida o‘tkazilgan tadbirlarimiz yaxshi samara berganiga shubha yo‘q. Bu galgi Farg‘ona viloyat yoshlari bilan o‘tkazgan tadbirimiz jonli va qiziqarli bo‘lgani bilan alohida ajralib turadi. Yoshlar ekologiya masalasiga befarq qaramayotgani ularning fikrlaridan, bahs-munozaralaridan bilinib turibdi. Shu paytgacha ekologik muammolarni o‘z ichiga olgan bunday dolzarb mavzudagi suhbatlar, uchrashuvlar, seminarlarga yoshlar taklif qilinmaganini achinish bilan aytishdi.

1.JPG

“Suvchi” jamoat birlashmasining yoshlar bilan o‘tkazgan tadbiridan ko‘zlangan maqsad bugungi kunda respublikadagi ekologik holatni, ayniqsa, ichimlik suvi va sug‘orma suvlar tanqisligini yoshlar ongiga yetkazish, bu sohada ularning fikrini bilish, xulosa chiqarishdan iborat. Tadbirda, shuningdek, Orol fojeasining kelib chiqish sabablari va uni bartaraf etish uchun qilinayotgan ishlar haqida muhim fikrlar o‘rtaga tashlandi. Videolavhalar namoyish etildi.

5.JPG

– Ekologik fojealar oldini olish hamma uchun dolzarb vazifa, bunga yoshlar ham jim qarab turmaydi, - deydi Oltiariq tumani Yoshlar ittifoqi kengashi tadbirkorlik bo‘yicha bosh mutaxassisi Doniyor Toshtemirov. – “Birniki o‘nga, o‘nniki mingga” degan maqol bor. Xuddi shunday yoshlar kirishgan ish tez tarqaladi, shu yo‘l bilan ekologik tarbiyani va ekomadaniyatni targ‘ib qilishda muvaffaqiyatga erishamiz, deb o‘ylayman.

6.JPG

Har bir ishning samarali yakun topgani yaxshi. Hozir Farg‘onada suvni asrash, undan tejab foydalanish borasida muayyan ishlar qilinmoqda. Jumladan, viloyat bo‘yicha 331 gektar yerdagi ekinni innovatsion g‘oyalar asosida tomchilatib sug‘orishga o‘tkazish rejalashtirilgan. Bugungacha bu usul 186 gektar yerga joriy qilindi. Bu ishlar ko‘proq suv yetishmaydigan Markaziy Farg‘ona yerlarida qo‘llanilyapti.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA
348