Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.10.2017 15:17 Yangi qonunlarga sharhlar

Yangi qonun kuchga kirdi: hujjatlarda aks etgan o‘zgarishlar

Xalqimiz uchun zarur qulayliklar yaratish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shu maqsad yo‘lida sohalarni isloh qilishga qaratilgan qonun hujjatlari qabul qilinayotir.

2017-yil 17-oktabrda matbuotda e’lon qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni shulardan biridir.

Yangi qonun bilan xususiy mulk kafolatlarini ta’minlash hamda uning himoyasini kuchaytirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, veterinariya xizmatini takomillashtirish kabi yo‘nalishlar bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalar qonunchilikka kiritildi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida fuqarolarning xususiy mulk huquqi kafolatlarini mustahkamlashga e’tibor qaratilgan.

Yangi qonunda aynan shu masala e’tiborga olindi. Jinoyat quroli yoki ma’muriy huquqbuzarlik predmeti sifatida mulkdan foydalanishda mulkdorning aybi bo‘lmagan hollarda mulkni olib qo‘yish va musodara qilishni taqiqlash to‘g‘risidagi qoidalar Jinoyat-protsessual kodeksining 211-moddasiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 27-moddasiga kiritildi.

Bu xususiy mulk kafolatlarini ta’minlash hamda uni himoya qilishni kuchaytirish, jinoyat ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslarning jinoyat sodir etishda foydalanilgan mol-mulkini musodara qilishning oldini olish, fuqarolarning mulk huquqini to‘laqonli himoya qilishni ta’minlashga mustahkam huquqiy asos yaratdi.

Qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, mahkumga tegishli bo‘lmagan mol-mulk uning qonuniy egalariga, mulkdorlariga yoki ularning huquqiy vorislariga, shuningdek, merosxo‘rlariga qaytarib beriladi. Ana shunday mol-mulkning qonuniy egalari aniqlanmagan taqdirda u davlat foydasiga o‘tkaziladi.

Ma’lumki, elektr energiyasi va tabiiy gaz kundalik turmushda zarur bo‘lgan resurslardan. Shu bois aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq hamda uzluksiz ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Biroq, ushbu soha tahlili o‘z yechimini kutayotgan jiddiy muammo hamda kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatgan. Masalan, 2016-yil elektr va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish, hisobga olish asboblariga shikast yetkazish va ularning ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish kabi huquqbuzarliklar 2014-yilga nisbatan 48 foizga oshgan. Shunga qaramasdan, mas’ul idoralar tomonidan bunday holatlarga nisbatan tegishli munosabat bildirilmagan.

Bunday muammolar energiya resurslari uchun to‘lovlarni undirish hamda ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rishni taqozo etdi.

Shundan kelib chiqib, ushbu sohani tartibga solish maqsadida Prezidentimizning farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi. Bu tizimga energiya resurslari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq undirish, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda talon-taroj qilish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish, shuningdek, sud hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash vazifasi yuklatildi. Yangi qonun bilan ushbu o‘zgarishlar qonunchilikda aks ettirildi.

Qonun bilan «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasiga tabiiy monopoliya sub’ektlari tovarlariga taalluqli narxlar (tariflar) loyihalari narxlarini tartibga solish organi tomonidan ko‘rib chiqish muddatini bir haftadan bir oyga uzaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritildi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 1-iyundagi «Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan Davlat veterinariya qo‘mitasi tashkil etildi. Bu yangi qonunda o‘z ifodasini topdi.

Shu bilan birga, qonuniy asoslar veterinariya sohasidagi faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi hamda tadbirlar va dasturlarni ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarning, shuningdek, ushbu sohadagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtiradi. Veterinariya sohasida ilmiy, uslubiy va ta’lim salohiyatini har tomonlama rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishlarini belgilash, fundamental va amaliy tadqiqotlar, innovatsiya ishlanmalari natijalari amaliyotga joriy etiladi.

Qonun rivojlangan demokratik davlatlarning ma’muriy va jinoyat protsessual qonunchilik sohasidagi tajribasi hisobga olingan holda ishlab chiqilgan.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, qonun jinoyat ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslarning jinoyat sodir etishda foydalanilgan mol-mulkini musodara qilishning oldini olish, fuqarolarning mulk huquqini to‘laqonli himoya qilishni ta’minlashga zamin yaratdi. O‘z navbatida, elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlash, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirishga xizmat qiladi.

Botir Matmurodov,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi.

O‘zA






Все о погоде - Pogoda.uz