Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.10.2017 19:17 Yangi qonunlarga sharhlar

O‘zbekiston va Qirg‘iziston: barqaror iqtisodiy munosabatlarning shartnomaviy- huquqiy asosi mustahkamlandi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2017-yil 4-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan o‘n ikkinchi yalpi majlisida ma’qullangan «O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnomani (Bishkek, 2017-yil 5-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi va kuchga kirdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasiga oid shartnomaning ratifikatsiya qilingani Vatanimizning tashqi siyosati va milliy manfaatlari uchun alohida ahamiyat kasb etuvchi o‘ta muhim hujjatdir. O‘z mazmuniga ko‘ra tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 5-6-sentabr kunlari Qirg‘iziston Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida imzolangan edi. Prezidentimizning mazkur davlat tashrifi O‘zbekiston tashqi siyosatida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga alohida ahamiyat qaratayotganini yaqqol tasdig‘idir.

Prezidentimizning joriy yil 19-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ta’kidlanganidek, “Sentyabr oyining boshida O‘zbekiston –Qirg‘iziston davlat chegaralari to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi tom ma’noda muhim voqea bo‘ldi. Tomonlar o‘z siyosiy irodasini, o‘zaro maqbul qarorlar qabul qilishga tayyor ekanini namoyon etgani tufayli o‘tgan yigirma olti yil davomida birinchi marta ushbu g‘oyat nozik masala bo‘yicha katta natijaga erishildi”.

Bugungi kunda O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari barcha sohalarda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Sobiq tuzum parchalanganidan so‘ng obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra chegaralarimizning ko‘p qismi demarkatsiya va delimitatsiya qilinmagan edi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari uchrashuvida chegaralarimizning qariyb 85 foizi belgilab olindi. Qolgan 15 foizi yaqin vaqt mobaynida hal etilishiga kelishildi.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, hozirgi kunga kelib 6 chegara posti o‘z ishini boshlagani davlatimiz rahbarining Qirg‘izistonga davlat tashrifining amaliy natijalaridan sanaladi.

Shartnomaning maqsadlari aniq va ravshan. Avvalambor, u ikki qardosh xalq, ikki davlat o‘rtasida hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat hamda teng huquqlilikka asoslangan do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Xalqlarimizni asrlar davomida o‘zaro hurmat va ishonch rishtalari bog‘lab kelgan. Bu rishtalar har vaqt turli qiyinchilik va sinovlarni birgalikda yengib o‘tishga yordam berib kelgan. Mashhur adib Chingiz Aytmatov aytganidek, “Xalqlarimizning qoni bir, tili bir”.

Munosabatlarimizdagi savdo-iqtisodiy hamkorlik va uning o‘sish dinamikasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2017-yilning o‘tgan davrida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 60 foizga o‘sib, 170 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda Qirg‘iziston kapitali ishtirokida ta’sis etilgan 54 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida, Qirg‘izistonda O‘zbekiston rezidentlari tomonidan barpo qilingan 49 korxona ish yuritmoqda.

Osiyoning yetakchi davlatlari bozorlariga chiqishda Qirg‘izistonning tranzit imkoniyatlari biz uchun juda muhim. Mamlakatimiz tovarlarining Xitoyga ushbu davlat orqali yetkazilishi uchun, bor-yo‘g‘i, 300 kilometrga yaqin masofani bosib o‘tish kerak, xolos.

Shu munosabat bilan ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda mintaqada samarali transport yo‘llarini rivojlantirish, Qirg‘iziston hududi orqali Xitoy bilan bog‘laydigan qisqa masofali temir yo‘l barpo etish masalasi, Andijon – O‘sh – Qoshg‘ar yo‘nalishi bo‘yicha avtomobil yo‘lidan foydalanish kabi masalalar mintaqada savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston bir-biri uchun muhim savdo-iqtisodiy hamkor hisoblanadi. Endilikda, oliy darajadagi uchrashuvdan keyin, davlatlarimiz rahbarlari yaratib bergan qulay muhit samarasida o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘lamini kengaytirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Ana shunday yangi imkoniyatlar kuchga kirgan Shartnoma orqali yanada kengaydi. U o‘ta muhim masalani yechadi – ikki mamlakat o‘rtasida davlat chegaralari chizig‘ining o‘tishini aniqlaydi va belgilaydi. Shu orqali Shartnoma o‘zbek va qirg‘iz xalqlari, ikki davlat orasida do‘stlik va hamkorlik uchun muhim huquqiy poydevor yaratdi.

Bu nimaning evaziga sodir bo‘ladi, degan tabiiy savol tug‘ilishi mumkin. Birinchidan, bu kelishuv ikki davlatning mustaqilligini, suverenitetini mustahkamlashga, ularning hududiy yaxlitligini, chegaralarining daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan. Barcha mustaqil davlatlarning eng asosiy vazifasi, shu bilan birga ajralmas huquqi – bu o‘z davlat chegaralarini aniqlash, ularni tegishlicha qo‘riqlash uchun zarur choralarni qo‘llashdir.

Ikkinchidan, ma’lumki ikki tomonlama munosabatlarni muttasil rivojlantirish ularning huquqiy poydevorini takomillashtirishni taqozo etadi. Bugungi kunga kelib, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi aloqalarning shartnomaviy-huquqiy asosini turli sohalardagi hamkorlikni tartibga soluvchi 154 bitim va kelishuv tashkil etmoqda. Lekin shu kunga qadar chegaralarni belgilash haqidagi ikki tomonlama hujjat bo‘lmaganligi, ochig‘ini etish kerak, davlatlararo hamkorlikni to‘laqonli rivojlantirish uchun to‘siq bo‘lib kelayotgandi.

Kuchga kirgan Shartnoma ana shu muammoni yechib, o‘zbek-qirg‘iz aloqalarining huquqiy poydevorini yanada rivojlantirib, ikki tomonlama munosabatlarimizni mustahkamlashga, sifat nuqtai nazaridan yangi pog‘onaga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Shartnomaning mazmuni va mohiyatiga kelsak, u muqaddima, 10 modda va uchta ilovadan iborat.

Shartnoma bilan 1170,53 kilometr uzunlikdagi davlat chegaralari chizig‘ining tavsifi va O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegaralari delimitatsiyasiga oid kartografik hujjatlar, shuningdek, elektron (rastrli) kartografik hujjatlar tasdiqlandi.

Shartnomaning 6-moddasiga muvofiq, ikki davlat o‘rtasidagi davlat chegaralarining ayrim qismlari bo‘yicha chegaralar chizig‘ining o‘tishi to‘g‘risidagi masalalarni hal qilish uchun muzokaralarni davom ettirish va tegishli shartnoma tayyorlash zarurligi to‘g‘risida ahdlashib olindi.

Shartnomaning 7-moddasida tomonlar O‘zbekiston – Qirg‘iziston qo‘shma demarkatsiya komissiyasini tuzishga kelishib olgan. Joyida chegara chizig‘ini aniqlash ishlarini chegaradosh tomonlarning hukumatlari tomonidan tuzilgan aralash komissiya amalga oshiradi va chegara tegishli belgilar bilan belgilanadi.

Shartnomaning 10-moddasiga binoan, mazkur hujjat muddatsiz hisoblanadi. Ratifikatsiya qilinishi lozim va ratifikatsiya yorliqlari almashilgan kundan boshlab kuchga kiradi. Shuni aytib o‘tish lozimki, O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegaralari to‘g‘risidagi shartnoma shu yilning 28-sentabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Jokorgu Keneshi, ya’ni mazkur davlat parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilindi va O‘zbekiston Respublikasi tegishli tartibda bu haqida rasmiy ma’lumotnomani oldi. Mazkur Shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonun Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi.

Oliy Majlis Senatida ma’qullangan mazkur Shartnomaga oid qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanib, 5-oktabr kuni matbuotda e’lon qilindi va kuchga kirdi.

Shartnomaning ikki mamlakatda ham kuchga kirishi O‘zbekiston va Qirg‘izistonning barqaror iqtisodiy rivoji, munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlashga mustahkam zamin yaratdi. Bu tomonlarning xo‘jalik subyektlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, o‘rta va uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish, tizimli va uzoq muddatli asoslarda o‘zaro mahsulot va xizmatlar yetkazib berish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirishiga xizmat qiladi.

Alisher Kurmanov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 
Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, 
xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi.

O‘zA






Все о погоде - Pogoda.uz