Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.12.2016 18:54

Barqarorlik va farovonlikning muhim omili

O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida yurt taraqqiyotiga xizmat qiladigan dolzarb vazifalarga e’tibor qaratdi. Tadbirkorlik faoliyati va xususiy mulkni himoya qilish shulardan biri bo‘lib, bu iqtisodiyotimiz barqarorligi, xalqimiz farovonligining eng muhim omilidir.

Poytaxtimizda “Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzuida tashkil etilgan xalqaro davra suhbatida bu alohida qayd etildi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Demokratlashtirish va inson huquqlari instituti hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamaot tashkilotlari, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Yuristlar malakasini oshirish markazi direktori A.G‘afurov, Demokratlashtirish va inson huquqlari instituti direktori S.Xo‘jayeva va boshqalar mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan doimiy e’tibor tufayli bu soha nafaqat yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda, balki aholi bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutib kelayotganini ta’kidladi. Bunda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jamiyatimizning, taraqqiyotimiz va farovon hayotimizning mustahkam tayanchi bo‘lishi shart, degan ezgu g‘oyasi mustahkam poydevor bo‘ldi.

Hozirgi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka yanada kengroq erkinlik berish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashishning oldini olish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi va birinchi darajali vazifalaridan biriga aylangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlik sohasida davlat siyosati sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilganining dalolati bo‘ldi.

Davra suhbatida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga ta’sir ko‘rsatadigan normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarini jamoatchilik nazoratidan o‘tkazish konsepsiyasi ishlab chiqilgani qayd etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad sohaga oid ishlab chiqilayotgan qonun hujjatlari tom ma’noda tadbirkor manfaatiga xizmat qilishini ta’minlashdir.

Tadbirda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni ta’minlashga doir amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan birga, bu boradagi xalqaro tajriba, Ombudsman institutining tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishga oid chet el tajribasi bo‘yicha fikr almashildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA






Все о погоде - Pogoda.uz