Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.09.2017 16:55 Chop etish versiyasi

Yangi o‘quv yili – zamonaviy binoda

Buxoro davlat universitetining jismoniy madaniyat fakulteti talabalari yangi o‘quv yilini investitsiya dasturi asosida rekonstruksiya qilingan binoda boshladi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda mamlakatimizda ta’lim tizimiga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida oliy o‘quv yurtlari moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, talabalarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha har tomonlama puxta bilim olishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratilayotgani ta’kidlandi.

Loyiha qiymati 4,6 milliard so‘mga teng rekonstruksiya ishlaridan so‘ng bino butkul zamonaviy qiyofa kasb etdi. 750 o‘rinli o‘quv binosida bakalavr va magistrlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda bilim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Fakultet sport zalida bir paytning o‘zida 90 kishi shug‘ullanishi va o‘z mahoratini oshirishi mumkin.

– Fakultetimizda boks bo‘yicha, ikki karra jahon chempioni Abbos Atoyev, dzyudo bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, Pekin, London va Rio-de-Janeyro Olimpiadalari bronza medali sovrindori Rishod Sobirov, XXI yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi, og‘ir atletikachi Sardor Do‘stmurodov kabi taniqli sport ustalari tahsil olganidan faxrlanamiz, – deydi boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati kumush medali sovrindori Sulaymon Latipov. – Zamonaviy qulayliklar ularga munosib izdoshlar yetishib chiqishiga xizmat qiladi. Ayni paytda fakultetimizda kurash, erkin kurash, dzyudo, boks, badiiy gimnastika turlari bo‘yicha mamlakat terma jamoalari a’zolari, o‘nlab milliy va xalqaro toifadagi sport ustalari ta’lim olmoqda.

Fakultet hayotidagi quvonchli kun shodiyonasi yaqinda Germaniyaning Gamburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida 69 kilogramm vaznda oltin medalni qo‘lga kiritgan va chempionatning eng yaxshi bokschisi, deb topilgan Shahram G‘iyosov va uning murabbiyi Ravshan Xo‘jayevni sharaflash marosimiga ulanib ketdi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
1 199






Все о погоде - Pogoda.uz