Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.09.2017 16:39 Chop etish versiyasi

Uzluksiz malaka oshirish mexanizmi joriy etiladi

Poytaxtimizning Chilonzor tumanida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Metodist o‘qituvchilar maktabi” faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha o‘quv-seminar o‘tkazildi. Unda ta’lim muassasalari rahbarlari va mas’ul xodimlari, fanlar bo‘yicha metodist o‘qituvchilar qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari S.Turg‘unov va boshqalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida 2017 yil 2 avgust kuni umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani ta’minlagan holda 11 yillik o‘rta ta’lim tizimini joriy etish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Mazkur majlisda berilgan ko‘rsatmalar asosida vazirlik tomonidan tizimdagi rahbar va pedagog xodimlarning uzluksiz malakasini oshirish jarayonlarini tashkil etish mexanizmi ishlab chiqildi.

Ushbu mexanizm fanlar bo‘yicha har bir tuman va shaharda metodist o‘qituvchilar maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yish asosida yosh o‘qituvchilar bilan ishlash jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad tashabbuskor, fidoyi rahbar va pedagoglar tajribasini ommalashtirish, sohada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini ta’minlash, xalq ta’limi tizimi rahbar va pedagog xodimlari kasbiy kompetentligini rivojlantirish va zamonaviy ta’lim muassasalari safini kengaytirishdan iborat.

Uzluksiz malaka oshirish jarayonida har bir o‘quv fanlari bo‘yicha barcha tuman (shahar)larda metodist o‘qituvchilar maktabi tashkil etilmoqda. Unda xorijiy va milliy ilg‘or pedagogik tajribalarni o‘rganish asosida metodik tavsiyalar va ishlanmalar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, har bir fan bo‘yicha yaratilgan yangi darsliklar, o‘quv metodik qo‘llanmalar, elektron axborot ta’lim resurslari va metodik tavsiyalarning taqdimotlarini tashkil qilish kabi qator vazifalar bajariladi. Shuningdek, vazirlik tomonidan yangi joriy etilayotgan mazkur tizimga ko‘ra, mamlakatimiz bo‘yicha har bir tuman (shahar)da bittadan zamonaviy ta’lim muassasasi ham tashkil etilmoqda.

Zamonaviy ta’lim muassasasi barcha ta’lim muassasalariga o‘rnak bo‘ladigan, rahbar va pedagog kadrlari salohiyati yuqori bo‘lgan, ta’lim sifati reytingi bo‘yicha tuman (shahar)da yuqori o‘rinlarni egallagan ta’lim muassasalari orasidan tanlab olinadi.

Fan va texnologiyalar yutuqlarini, zamonaviy innovatsiyalarni ta’lim jarayoniga keng tatbiq etish, ilmiy-tadqiqotlar asosida yangi ishlab chiqilgan innovatsion ishlanmalarni, ilmiy-tadqiqot natijalari samaradorligini aniqlash yo‘nalishlarida pedagogik tajriba-sinov jarayonlarini tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi innovatsion tajriba-sinov muassasasi ham tashkil etilmoqda.

O‘quv-seminarda har bir tuman va shaharda “Metodist o‘qituvchilar maktabi” va “Metodist murabbiylar muassasasi”, “Zamonaviy ta’lim muassasalari”, “Innovatsion tajriba-sinov muassasalari”ni tashkil etish bo‘yicha ma’lumot berildi. Shuningdek, 10-sinflarda o‘qitiladigan fanlarning mazmun-mohiyati, dars jarayonida o‘qitishning zamonaviy ilg‘or shakllari, yangi pedagogik va axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha metodik tavsiyalar berildi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
1 807






Все о погоде - Pogoda.uz