Sohibqiron vorislari tarbiyalanadi
Samarqandda “Temurbeklar maktabi”ning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Samarqandda “Temurbeklar maktabi”ning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.Unda Respublika O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi mutasaddilari, Samarqand harbiy garnizoni ofitserlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari, kasb-hunar kollejlarining chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash fani o‘qituvchilari va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi.
– Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, yurtimizdagi barcha harbiy akademik litseylarga “Temurbeklar maktabi” nomi berildi, – deydi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bo‘lim boshlig‘i S.Sanaqulov. – Bunday nom berilishi, avvalo, shu aziz va jonajon Vatanimizning har bir fuqarosiga iftixor bag‘ishlashi barobarida, maskanda ta’lim olayotgan o‘quvchilarda Sohibqiron Amir Temurga xos el-yurtga sadoqat, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Ularni yigit kishiga eng yarashiqli kasb – Vatan himoyachisi bo‘lishdek mas’uliyatli ishning etagini mahkam tutishga undaydi.
Tadbir ishtirokchilari maktabning maxsus jihozlangan sinf xonalari, harbiy jang san’ati, jangovar ruhiyatni ko‘taradigan eksponatlar bilan tanishdi. Fotosuratlar ko‘rgazmasi, kitoblar taqdimoti, “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni” mavzuidagi ochiq darslarda ishtirok etdi.
“Temurbeklar maktabi” tarbiyalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan harbiy-sport musobaqalari, ular tomonidan tayyorlangan badiiy dastur ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.