Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.03.2017 15:29 Chop etish versiyasi

Sog‘lom va bilimli yoshlar kelajagimiz poydevori

Toshkent shahar hokimligida o‘quvchi-yoshlarni ta’limga to‘liq qamrab olish va davomatini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimova va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida har tomonlama sog‘lom va barkamol, bilimli o‘g‘il-qizlarni kamol toptirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Joriy yilning 9-fevral kuni Prezidentimiz raisligida ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida dolzarb vazifalardan biri sifatida yoshlar masalasiga alohida urg‘u berildi. Umumta’lim maktablari va kasb-hunar kollejlarida o‘quvchilarning darsga qatnashini to‘liq ta’minlash, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarni chuqur tahlil qilib, ularning sababi va kelib chiqishiga zamin yaratuvchi shart-sharoitlarni aniqlashga doir aniq tavsiyalar berildi.

Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahar hokimligi, prokuraturasi, ichki ishlar bosh boshqarmasi, xotin-qizlar qo‘mitasi, xalq ta’limi bosh boshqarmasi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot”yoshlar ijtimoiy harakati shahar kengashi hamkorligida “2016-2017 o‘quv yilida umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda o‘quvchilar davomatini to‘liq ta’minlash, 9-sinf bitiruvchilarini o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga o‘qishga qamrab olishni amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qo‘shma qaror qabul qilindi.

Mazkur qarorda barcha ta’lim muassasalariga profilaktika inspektorlari biriktirilib, ular kundalik ish faoliyatini shu maskanlardan boshlashini amaliyotga tatbiq etish, ta’lim muassasalaridagi "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati yetakchilari ish faoliyati samaradorligini oshirishga doir muhim masalalar ko‘zda tutilgan. Poytaxtimizdagi ta’lim muassasalarida o‘quvchilar davomatini yaxshilash va umumta’lim maktablari 9-sinf bitiruvchilarini o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga qamrab olish bo‘yicha shahar va tuman hokimliklarida doimiy ishlovchi ishchi guruhlar tuzilgan. Ushbu hujjat bilan ta’lim muassasalarida surunkali dars qoldirayotgan o‘quvchilar va ularning ota-onalariga hamda unga mas’ul bo‘lgan, davomatning aniq ko‘rsatkichlarini yashirgan rahbar xodimlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi belgilangan.

Qo‘shma qarorda o‘n kun muddatda ta’lim muassasalaridagi "Kamolot" yetakchilari bilan birgalikda ichki intizomga bo‘ysinmaydigan o‘quvchilarning ro‘yxatini tuzish, bir hafta muddatda barcha ta’lim muassasalaridagi davomatni aniqlash, profilaktika inspektorlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan sababsiz surunkali dars qoldirayotgan, huquqbuzarlikka moyil o‘quvchilar bilan manzilli ishlab, jamoatchilikni jalb qilgan holda, ularning ota-onasiga tushuntirish ishlarini olib borish vazifalari belgilangan.

Qo‘shma qarorda ta’lim muassasalarida tashkil etilgan fan, sport va boshqa yo‘nalishdagi to‘garaklar faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish masalasi ham qamrab olingan.

Matbuot anjumanida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ta’lim muassasalari, mahallalar qoshida fan va sport, hunar to‘garaklari faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish, yoshlarning qiziqish va intilishlaridan kelib chiqib bunday to‘garaklar sifatini oshirishga doir fikr-mulohazalar bildirildi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
2 402






Все о погоде - Pogoda.uz