Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.03.2017 13:55 Chop etish versiyasi

Qarshi shahridagi akademik litseyda xorijiy tillar festivali o‘tkazildi

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti qoshidagi “Nuriston” akademik litseyida "Yoshlar xorijiy tillarni o‘rganmoqda" mavzusida tillar festivali  bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda navqiron avlodning zamonaviy bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun zamonaviy sharoitlar yaratish bilan birga, ularning chet tillarni puxta o‘zlashtirishi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Naytxart Xyofer-Vissing, Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi PASCH – “Maktablar: kelajak hamkorlari” dasturining mamlakatimizdagi koordinatori, chet tillari darslari bo‘yicha ekspert Xaynar Byornt, Toshkentdagi Gyote instituti rahbari o‘rinbosari Yan Xelfer va boshqalar ishtirok etgan festivalda o‘quvchilar tomonidan besh tilda tayyorlangan adabiy kompozitsiyalar namoyish etildi.

Turli xalqlarning urf-odat va an’analari, milliy san’ati haqida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, ayniqsa, xorijiy tillarda jonli ijro etilgan qo‘shik va raqslar festival ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

– O‘quvchi umumta’lim maktabida qaysi xorijiy tilni o‘rgangan bo‘lsa, litseyimizga kelgach, shu tilni o‘rganishni davom ettiradi, – deydi litseyning nemis tili o‘qituvchisi Dilfuza Otamurodova. – O‘quvchini to‘g‘ri talaffuz qilishga majburlash yoki grammatik xatosini to‘g‘rilash bilan til o‘rgatib bo‘lmaydi. Darsni muloqot tarzida, ko‘proq mashq, o‘yin uslubida olib boramiz. Dars jarayonida xorijiy tillarda namoyish etiladigan teleko‘rsatuvlardan foydalanish ham yaxshi samara bermoqda. Litseyimizda bunday festivallar o‘tkazilishi an’ana tusini olgan. Tadbir doirasida nemis tili mutaxassislari tomonidan o‘quvchilarning bilimini tekshirish maqsadida maxsus imtihon o‘tkaziladi. Faol va bilimdon yoshlar maxsus sertifikat bilan taqdirlanadi. Ayni paytda ta’lim muassasamizda 1 ming 50 ga yaqin o‘quvchi to‘rt yo‘nalish bo‘yicha tahsil olmoqda. Xorijiy tillarni puxta o‘rgatishga mo‘ljallangan va barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan chet tili sinf xonalari o‘quvchilar ixtiyorida. 

Til bilgan – el biladi, deydi xalqimiz. Ushbu bilim maskanida tahsil olib, fan sirlarini chuqur egallayotgan yoshlar xorijiy tillarni ham qunt bilan o‘rganmoqda. 

O‘lmas Barotov, O‘zA
1 780






Все о погоде - Pogoda.uz