Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.03.2017 12:20 Chop etish versiyasi

Nukusda o‘quvchilar o‘rtasida “Yosh qutqaruvchi” musobaqasi o‘tkazildi

Nukusda o‘quvchilar o‘rtasida “Yosh qutqaruvchi” musobaqasi o‘tkazildi Nukus shahridagi umumta’lim va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Yosh qutqaruvchi” musobaqasi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Madaniyat vazirliklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi hamda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tashabbusi bilan o‘tkazilgan musobaqada 17 jamoa ishtirok etdi.

Tadbir doirasida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning fuqaro muhofazasiga oid bilim va ko‘nikmasini boyitish, yosh avlodda qutqaruvchi kasbiga mehr uyg‘otish maqsadida ta’lim muassasalarida “Yosh qutqaruvchilar” klublarini tashkil etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Unda umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari direktorlari, direktor o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 19-iyuldagi “Aholini zilzilalar oqibatida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlarda (tabiiy va texnogen tusdagi) harakat qilishga tayyorlash kompleks dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etiladigan mazkur klublarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatish, qutqaruv vositalari va asbob-anjomlarini ishlatish ko‘nikmasini shakllantirish, yosh qutqaruvchilarning ekstremal vaziyatlarda jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish ishlari olib boriladi.

– Ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan ushbu klublarda “Hayot xavfsizligi asoslari” va “Fuqaro muhofazasi” fanlari yuzasidan bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan o‘quvchilar har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Yosh qutqaruvchilar” musobaqasida ishtirok etadi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Paraxat Tangribergenov. – Nukus shahri bo‘yicha o‘tkazilgan bu yilgi musobaqada maktablardan 10 jamoa, litsey va kollejlardan 7 jamoa ishtirok etdi.

Jamoalar fuqaro muhofazasi va tez tibbiy yordam ko‘rsatish, daryodan arqon yordamida o‘tish hamda belgilangan vaqtda palatka yoyish, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish, qutqaruv anjomlari va o‘z-o‘zini himoyalash vositasidan to‘g‘ri foydalanish, 60 metr masofaga to‘siqlar osha estafetali yugurish bo‘yicha o‘z mahorat va ko‘nikmalarini namoyish etdi.

O‘quvchilar o‘rtasidagi musobaqada 2-umumta’lim maktabi jamoasi, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasidagi bellashuvda Nukus avtomobil va yo‘l xo‘jaligi kasb-hunar kolleji jamoasi birinchi o‘rinni egallab, musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA
4 129






Все о погоде - Pogoda.uz