Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.01.2018 20:26 Chop etish versiyasi

Maxsus maktab-internatdagi sharoitdan ko‘ngil to‘ladimi?

Maxsus maktab-internatdagi sharoitdan ko‘ngil to‘ladimi? Mamlakatimizda yosh avlodning zamon talablari darajasida ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar o‘rganishi uchun barcha sharoit yaratib berilmoqda. Shahar va qishloqlarda har tomonlama qulay ta’lim muassasalari bunyod etilib, mavjudlari tegishli dasturlar asosida kapital va joriy ta’mirlanayotir. O‘quv va laboratoriya qurollari, komputer va mebel jihozlari bilan ta’minlash ham muammo emas. Gap ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanish, o‘qish sifati va samaradorligini oshirishda.

6.JPG

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 63-maxsus yordamchi maktab-internatida ham bolalar uchun davlatimiz tomonidan zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli ushbu ta’lim muassasasida bugungi kunda 297 nafar o‘quvchi tahsil olayotir. Ularga 106 nafar o‘qituvchi va tarbiyachi saboq beradi.

19.JPG

Muassasa rahbari M.Saidmurodovning aytishicha, dastur asosida 2013-yilda maktab yotoqxonasi ta’mirlanib, o‘quvchilar uchun zamonaviy qulayliklar yaratilgan. Tabiiy gaz va ko‘mir bilan isitishga mo‘ljallangan qozonxona o‘rnatilgan. Gaz bosimi pasayganda ko‘mirdan foydalanilar ekan. O‘tgan yili esa 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ sarflanib, o‘quv binosi va sport zali kapital ta’mirlangan. Bino isitish tizimi yangilangan. Joriy mavsum uchun maktabga 69 tonna ko‘mir ajratilgan. Lekin ayrim sinflarda o‘qituvchi va o‘quvchilar paltoda o‘tirgani binoning yetarli darajada isitilmayotganini ko‘rsatadi.

39.JPG

Maktab hovlisida tashkil etilgan ikkita issiqxonada bugungi kunda ko‘kat va limon parvarishlanayotgani e’tiborga loyiq, albatta. Ammo ana shu katta hovlidagi bolalar maydonchalari va sport maydonlarining qarovsizligi, ma’nan eskirgan qurilmalardan foydalanilayotgani tushunarsiz. Yotoqxona binosi oldidagi bolalar maydonchasidagi o‘tirg‘ich va o‘yin qurilmalari allaqachon yaroqsiz holga kelib qolgan. Yo‘laklar chetidagi panjaralarga bolalarning yuvilgan kiyim-kechaklari ilib qo‘yilganini ko‘rib, nahotki muassasada kirxona bo‘lmasa, degan savol o‘tdi ko‘nglimizdan. Kirxona bor ekan, buning ustiga zamonaviy yuvish, quritish, dazmollash uskunalari ham o‘rnatilgan. Shunday imkoniyat bo‘laturib, nega kir tashqarida quritilmoqda, degan savolimizga kirxona bekalari “bu tarbiyachilarning ishi-da” deb javob berishdi.

35.JPG

Hovlidagi hojatxona antisanitariya holatida bo‘lishi barobarida, bolalarning yuz-qo‘l yuvishiga mo‘ljallangan vositalar ham o‘tgan asrdan meros qolgan eskicha usulda – suv quvuri bir necha joyidan teshib qo‘yilgan, xolos. Eng yomoni, maktab hududidagi nechta suv jo‘mragini ko‘rgan bo‘lsak, barchasidan toza ichimlik suvi oqib yotgan edi. Maktab uchun alohida artezian qudug‘i mavjud va ichimlik suvidan muammo yo‘q. Lekin bu ushbu aziz ne’matni isrof qilish kerak, degani emas-ku?!

29.JPG

Muassasa xodimlari yotoqxonada har tomonlama qulay hojatxona, yuvinish xonalari borligini aytishdi va qulflangan bu xonalarni ochib ko‘rsatishdi. Haqiqatdan ham, suv isitish vositalari o‘rnatilgan. Lekin ulardan qachon foydalaniladi, yuz-qo‘l yuvishga mo‘ljallangan bitta nuqtadan (unda ham issiq suv yo‘q) bir vaqtda nechta bola foydalana oladi – bunisi bizga qorong‘uligicha qoldi

38.JPG

Yotoqxonalarda divanlar qo‘yilgan. Ammo bu yerda kiyim-kechak, shaxsiy gigiyena vositalarini saqlash imkoniyati yo‘q. Mac’ullar bu vositalar har bir guruhning ishchi xonasida saqlanishini aytishdi. Lekin biz ko‘rgan bitta ishchi xonada ham kiyim-kechak saqlash uchun shkaf, amalda foydalanilayotgan shaxsiy gigiyena ashyolari to‘liq emas edi. Boshqa ishchi xonalar kaliti tarbiyachilarda ekani sababli ularni ko‘rishning imkoni bo‘lmadi.

17.JPG

O‘g‘il bolalarga mo‘ljallangan uchinchi qavatda birorta ham ishchi xona yo‘q. Bundan shunday xulosa chiqadiki, bu qavatda turadigan o‘quvchilar sochig‘i, sovun yoki tish pastasini olish uchun birinchi yoki ikkinchi qavatga tushishi kerak.

24.JPG

Oshxonaga kirishda o‘quvchilar kiyimini yechib qo‘yishlari uchun shkaf yoki ilgichlar yo‘q. Bu yerda ham qo‘l yuvish vositalari mavjud, ammo ulardan yaqin orada foydalanilmagani shundoq ko‘rinib turibdi.

5.JPG

O‘quvchilar salomatligini doimiy nazorat qilish uchun muassasada ikki shifokor va ikki hamshira faoliyat ko‘rsatar ekan. Biz muassasada bo‘lganimizda, afsuski, bir nafar hamshiradan boshqa hech kim yo‘q edi.

Ko‘rganlarimiz, eshitganlarimizdan shunday xulosa qilish mumkin: maktabda o‘quvchilarning ta’lim-tarbiya olishi uchun davlat tomonidan nimaiki zarur bo‘lsa, yaratilgan. Lekin, muassasa jamoasi-chi? Shunga munosibmi?! Ochig‘i, bu savolga tasdiq javobini berish qiyin. Shunday ekan, jamoa ham zamon talabi darajasida ishlashi, yangilikka intilishi, tashabbus ko‘rsatishi va eng muhimi, o‘quvchilarni o‘z farzandidek ko‘rishi lozim. Inson o‘z farzandiga faqat yaxshilikni, qulaylik yaratishni istaydi, uning kelajagini o‘ylaydi-da.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
5 847